Oliy liganing 27-turida “Qo‘qon-1912” jamoasi safarda “Buxoro” mehmoni bo‘ldi. Uchrashuvning 87-daqiqasida tarixiy voqea ro‘y berdi.
“Qo‘qon-1912” jamoasini maydonga sardor sifatida boshlab tushgan Murod Holmuhammedov buxoroliklar darvozasiga penaltidan gol kiritdi.
Bu gol “Qo‘qon-1912” jamoasining O‘zbekiston chempionatlaridagi 500-goli edi. “Buxoro” - “Qo‘qon-1912” uchrashuvi jamoamizning oliy ligadagi 368-ucharshuvi sifatida tarixga kirdi.
Bundan oldingi yubiley gollar qachon va kim tomonidan kiritilganligiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.
“Qo‘qon-1912” jamoasining tarixiy 100-goli 1994 yilda kiritilgan. Bu hodisa 1994 yilgi chempionatning 10-turida ro‘y bergan. O‘shanda qo‘qonliklar o‘z maydonlarida “Paxtakor” jamoasini qabul qilishgan. “Paxtakor” ga qarshi uchrashuvning 10-daqiqasida Muxtor Qurbonov raqiblar darvozasiga gol kiritib, “Qo‘qon-1912” jamoasining 100-goliga mualliflik qildi. O‘sha o‘yinda jamoamiz 3:1 hisobida g‘alaba qozongan. Toshkentliklarning yagona goliga Nikolay Shirshov mualliflik qilgan edi. Shu yili jamoa oliy ligadagi 100-ochkosini ham qo‘lga kiritganligini e’tirof etish joiz. Bundan tashqari, 1994 yilda jamoamiz tarixdagi eng yaxshi natijani ham qayd etishgan. O‘sha mavsumda vakillarimiz chempionatni 5-o‘rinda yakunlashgandi.
1998 yili esa futbolchilarimiz tomonidan ikki yuzinchi davon zabt etilgan. 1998 yilgi mavsumnig 21-turda “Kosonsoy” darvozasiga kiritilgan gol qo‘qonliklarning Oliy ligadagi 200-goli sifatida tarixdan o‘rin olgan. 2:1 hisobida vakillarimizning g‘alabasi bilan yakun topgan uchrashuvning 89-daqiqasida Zohid Nurmatov jamoaning o‘yindagi 2-goliga mualliflik qilgan va qo‘qonliklarning 200-goli muallifi sifatida tarixda qolgan.
Yana bir yubiley gol 2000 yilgi chempionatimizda kirtilgan. 23-turida “Kimyogar” darvozasiga 300-gol kiritilgan. Mazkur bahsda 4:2 hisobida Qo‘qon jamoasi g‘olib chiqqan. Uchrashuvning 27-daqiqasida Muhiddin Abduvaliyev o‘yindagi ikkinchi va jamoa tarixidagi 300-golga mualliflik qilgan edi.
Jamoaning tarixiy 400-goli ham Toshkentning “Paxtakor” jamoasi darvozasiga kiritilgan. 2003 yilgi chempionatning 30-turida “Paxtakor” ga qarshi o‘yinning 57-daqiqasida Adham Jonaliyev o‘yinda uchinchi gol, jamoa tarixidagi 400-golni kiritgan. O‘sha uchrashuvi 3:2 hisobida qo‘qonliklarning g‘alabasi bilan yakun topgan edi. Hozirgi “Qo‘qon-1912” jamoasining bosh murabbiyi No‘’mon Hasanov o‘sha uchrashuvda o‘ynovchi murabbiy sifatida maydonda jamoani boshqargan.
Qo‘qon-1912 jamoasi tomonidan qayd etilgan 500 goldan 3 tasi 1995 yilda “Nurafshon” bilan o‘yindagi texnik g‘alaba mahsuli. Shuningdek, 7 futbolchi o‘z darvozasini ishg‘ol etgan. Qolgan 490 gol qo‘qonliklar safida maydonga tushgan 78 futbolchi tomonidan amalga oshirilgan. Eng ko‘p gol Muhiddin Abduvaliyevga tegishli – 40 ta. Keyingi o‘rinda Soli Qurbonov 34 ta, Rustam Abdullayev 32 ta, Oydinbek Aliyev 30 ta, Zohid Nurmatov 29 ta. Gollardan naqd 44 tasi penaltidan raqib darvozasiga kiritilgan.
Murod Holmuxammedovdan oldingi barcha yubiley gollarni qo‘qonlik futbolchilar kiritganligini ham alohida e’tirof etish joiz.
Umid qilamizki , “Qo‘qon-1912” jamoasini oldinda yanada shonli kunlar kutmoqda. Jaoma rahbariyati olib borayotgan izlanishlar va intilishlar natijasi hali o‘z mevasini beradi. Qo‘qondan hali ko‘plab iqtidorlar yetishib chiqadi.
(Izoh:1992 yildan 2002 yilgacha jamoa “Temiryo‘lchi” deb nomlangan)
“Qo‘qon-1912” Matbuot kotibi, Akramjon Mamadaliyev tayyorladi.