Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

G‘alabamiz ham futbolimiz kabi ulg‘aymoqda

G‘alabamiz ham futbolimiz kabi ulg‘aymoqda

Baho:
+ | -

Qor qo‘ynida lola. Bodom qishda gulladi. Bahor kunlarida kuzning havosi...

Bular - xalqimizning ardoqli farzandlari Abdulhamid Cho‘lpon, Shukur Xolmirzayev, Abdulla Oripov qalamiga mansub g‘ayritabiiy voqealikka munosabatni ifodalovchi sarlavhalar.

Demoqchimizki, fidoyi xalqimiz azal-azaldan g‘ayritabiiy voqelikka ko‘nikkan va noodatiy mashaqqatlarni hamisha mardonavor yenggan. O‘tgan shanba kuni qor qo‘ynida boshlangan futbolni ko‘rib, taniqli ijodkor Temur To‘raboyev «Yo parvardigor!

Endi nima bo‘ladi?!» deb yubordi beixtiyor. Final tomoshasi sabab, poytaxt safarini qoldirgan yozuvchimizni tinchlantirdik: «Biznikilar aynan qiyinchiliklar qarshisida g‘ayritabiiy va qudratli kuchga aylanishadi.

Bunday vaziyatlarda birlashish qonimizda bor. Jamoamiz ruhan g‘alabaga tayyor. Qish faslidan qoniqmayotgan xalqimiz kabi futbolchilarimiz ham qordan zavqlanishadi».

Garchi futbolda shunchaki, zavq evaziga g‘alaba qozonib bo‘lmasligini bilsakda, boshqa muxlislar qatori bizni ham maydondagi murakkablik behad ruhlantirdi.

Yosh futbolchilarimizni esa kuchli qor qo‘rqitmadi, tanaga ignadek sanchiladigan sovuq diydiratmadi. Erta bahorda tog‘lardagi qorlar bag‘rida quyoshni olqishlab ochiladigan lolalar yanglig‘ futbolchilarimiz chin yurtida hukm surgan noqulay ob-havodan oromlanishdi.

Ular Avstraliya, Iroq, Qatar kabi avangard termalarni yenggan va «Toshdek qattiq chaqilmas bodom», deb ta’riflangan Vyetnam jamoasini tantanavor tarzda taslim qilishdi.

Muxlislar butun o‘yin davomida bir-birlariga taajjub ila boqishdi. Hamkasblarimiz hammani hayratlantirib, uchrashuvni xotirjam kayfiyatda sharhlashdi. O‘FA ham hech bir ikkilanmay, «O‘zbekiston» sport majmuasida bayramona tomoshani tashkilladi.

«Rustam Ashurmatov - bizning Serxio Ramos!» dedi birinchi goldan so‘ng hayajon bilan «Barselona» muxlisi G‘ulomjon Hamidov yevrofutbolni unutib. «MYU» ashaddiy muxlisi Doniyorbekning o‘yin qizigan chog‘ qo‘ng‘iroq qilganidan zarracha ranjimadik. U «Doston Tursunov - men uchun qoya misol Kyellini?!» deya hayqirdi «qizil iblislar»ni nari surib.

Uzoq Sayxunoboddan Ahmadjon aka SMS yo‘lladi: «Oltin jamoa!» O‘rta va keksa avlod vakillari Uyg‘unning lirik qahramoni Nazir otani eslashdi va «Qor yog‘sa, bizga nima, tosh yog‘mayapti-ku!» deyishdi futbolchilarimizni duo qilib.

Nihoyat, orziqib kutilgan g‘alaba hushtagi yangradi va yaqindagina yuz bergan fojeadan iztirob chekayotgan ko‘ngillar sel bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlar she’rga to‘ldi. Shoir To‘ra Mirzo shundan yozdi:

Chin tarafdan mujda keldi chin,

Yorishganday bo‘ldi tun ichim,

Yovqur, yovqur yosh futbolchilar,

Qaytardi tark etgan sevinchim.

 

Botirjon Ergashev esa ko‘pchilikning ko‘nglidagi mulohazani she’rga ko‘chirdi:

Yurakdan tarqadi taka-tukalar,

Hadikni kabobday sixlab qo‘ydingiz,

Boringizga shukr, yashang ukalar,

Egilgan qaddimiz tiklab qo‘ydingiz.

Nima bo‘ldi o‘zi? Nega final bahsini barcha hadik-xavotirsiz bayramona nishonlashga shaylandi?

Mana, hozir yodimizga tushmoqda, Meksikada o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida vakillarimiz AQSH termasi ustidan g‘alaba qozonishgach, bugun tavalludining qutlug‘ 80 yilligi tantanali nishonlanayotgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ushbu xabar «Xalq so‘zi» gazetasining 1-sahifasida e’lon qilinishi lozimligini tayinlagani muxlislarni to‘lqinlantirgandi.

Turnir yarim finalidan keyin Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In mamlakatimiz rahbarini ajoyib yutuq bilan tabrikladi. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bunday e’tirof va ehtiromdan muxlislar qalbidagi shodlik-faxr daryosi to‘lib-toshdi.

Taktika va mahorat o‘z yo‘liga. Bu ikki jihatsiz futbol o‘ynalmaydi, o‘ynab bo‘lmaydi. Ana, «Liverpul» harchand urinmasin, «Vest Bromvich»ning irodasi bois, Angliya kubogini tark etdi.

Iroda va qat’iyat sabab, autsayder SPAL kurasha-kurasha kuchli «Inter»dan, g‘alabaga zoriqqan jamoadan bir ochko tortib olishga erishdi. Luchano Spallettining taktikasi va mahorati ish bermadi navbatdagi uchrashuvda ham.

Xitoydagi turnir finalida ham taktika va mahoratdan ustun, ta’riflarga sig‘mas bir boshqacha o‘yin bo‘lishi avvaldan kutilayotgandi. Janubiy Koreya prezidentining yuksak e’tirofi barobarida final arafasida O‘FF nomi va rahbari o‘zgardi. O‘FA prezidenti Achilbay Ramatovning so‘zlari futbolimizdagi islohotlar yanada shiddatli tus olishini anglatdi.

Futbolchilarimiz final bahsini mana shunday favqulodda e’tirof va o‘zgarishlar xabaridan quvvatlanib, boshlashdi. Yo‘q, ular aslida yangilanayotgan, har jabhada kuchga to‘lib borayotgan O‘zbekiston bo‘lib maydon tushishdi.

Vyetnam terma jamoasi naqadar irodali va tirishqoq bo‘lmasin, ko‘tarinki kayfiyat, ulug‘ mas’uliyat va g‘alabaga munosiblik ishtiyoqi qolgan barcha jihatlardan ustun chiqdi. Rossiya sport jamoatchiligi ayni kunlarda Myunxenda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiadada AQSH basketboli ustidan qozonilgan tarixiy g‘alaba ta’sirida yuribdi.

O‘sha final uchrashuvidagi jur’at va qat’iyat haqidagi filmni qayta-qayta tomosha qilishdan zirikmayapti. 2018 yil 27 yanvardagi final bahsi ham futbolimiz tarixiga fenomen hodisa sifatida yozilajak. Qaysi o‘yin maydon to‘la qorda boshlangan? Qaysi bahsda tanaffus shu qadar uzoq cho‘zilgan?

Futbolchilarimiz qachon chorak va yarim finalda Yaponiya hamda J.Koreya termalarini umumiy 8:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, finalga yo‘l olishgan? Terma jamoamiz murabbiylaridan kim g‘alaba qozonish uchun umidbaxsh tavakkalga qo‘l urgan? Yuqoridagi savollar bugun yangilayotgan va yangilanishdan yashnayotgan futbolimiz bilan yuzma-yuz.

Bu savollarga javoblar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning futbolchilarimizga yo‘llagan tabrigida o‘z aksini topdi, nazarimizda. OFK prezidentining qutlovi esa futbolimiz martabasi xalqaro miqyosda yana bir bor yuqoriga ko‘tarilganini tasdiqladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi maqtov va qutlovlar bu rasmiy e’tirofni tasdiqlab, qayta-qayta muhr bosmoqda.

Mulohazalarimizni yakunlar ekanmiz, xayolan «Paxtakor» va «Nasaf» futbolchilariga yuzlanamiz. Har ikki jamoa zimmasida Osiyo chempionati undirgan shukuh g‘unchasini avaylash, OCHL guruh bosqichida «Lokomotiv»ni yolg‘izlatmaslik missiya turibdi. Mas’uliyati og‘ir missiya, to‘g‘rimi? Lekin bu yukni ko‘tarolmaydiganlar bahsga bel bog‘lamaydilar...

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 16:00, 31.01.2018.
O'qildi: 3392 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.