«Bordo»ning bugungi ahvoli havas qilarli darajada emas. Klub turnir jadvalida tobora quyiga «sho‘ng‘imoqda», bosh murabbiy Joslen Gurvennek esa iste’foga chiqdi.
Mazkur holatda faqatgina braziliyalik iqtidorli vinger Malkomning borligi biroz taskin berishi mumkin. Aynan ushbu futbolchi jirondinliklarga katta daromad keltirsa, ajabmas.
«Korintians» futbol seksiyasiga 11 yoshida kelgan Malkom uzoq vaqt mobaynida pozisiya tanlashda ikkilandi. Tengdoshlari orasida bo‘yi past, beso‘naqay bo‘lgani uchun maydon markazida o‘yinini topolmadi, hujumda esa tezkor qaror chiqarishda qiynaldi.
Vaqt o‘tgani sayin murabbiy yigitchani qanotlarga qo‘ydi. Garchi Malkom shiddatli tezlikka ega bo‘lmasada, bo‘shliqlarni qadrlab, ulardan imkon qadar unumli foydalanishni o‘rgandi.
Tez orada o‘sishga erishdi: yakkama-yakka holatda himoyachilarni aldab o‘tib, hujumni o‘zi yakunlar yoki mudofaa vakillarini jalb etib, sheriklariga ochiq hududlar yarata boshladi.
Malkom 16 yoshga to‘lganda asosiy jamoa mashg‘ulotlarida ishtirok eta boshladi. 2014 yili u ikkinchi tarkib bilan San-Paulu kubogida qatnashib, 6ta gol urdi. Ammo finalda «timaolar» «Santos»ga imkoniyatni boy berishdi (1:2).
Mano Menezes ko‘p o‘tmay Malkomni milliy chempionat doirasidagi «Flamengo»ga qarshi bahsda maydonga tushirdi. O‘spirindan chap qanot vingeri sifatida foydalanishni ko‘zda tutib, asosiy vazifasi Vagner Lav hamda Jadsonni uzatmalar bilan ta’minlash edi.
Boshqa tomondan, uning pozisiyasida Bundesligadagi ishtiroki orqali tajriba to‘plagan Renato Augusto ham o‘ynardi. Menezes vaziyatdan chiqish yo‘lini topdi - Malkomni chap qanotga, «Bayer»ning sobiq futbolchisini esa o‘ngga qo‘ydi. Mavsum yakunida «Korintians» Braziliya chempionatida g‘olib chiqdi. Albatta, o‘sha paytda jamoani Tite boshqarayotgandi.
«Bordo» braziliyalik vingerni o‘z safiga qo‘shib olarkan, nafaqat «timao»ning o‘yini, balki xalqaro musobaqalarni ham inobatga oldi. 2015 yili Malkom yoshlar o‘rtasidagi Janubiy Amerika chempionatida Braziliya termasi safida barqaror o‘yin ko‘rsatdi.
«Selesao» yarim finalgacha chiqdi. Ko‘p o‘tmay yoshlar o‘rtasidagi JCHda braziliyaliklar «zayavka»sida Kennedining o‘rnini aynan Malkom egalladi. Yangi Zelandiyada o‘tgan musobaqada qahramonimiz eng yaxshilardan biri bo‘ldi, uning jamoasi esa finalgacha yetib borib, serblarga imkoniyatni boy berdi (1:2).
Villi Sanyol nafaqat braziliyalik futbolchining iqtidorini payqadi, balki uning Vahbi Hazriga o‘rinbosar bo‘lishi shartligini ta’kidladi.
Murabbiy yordamchilari Pol Markioni hamda Tyerri Bonalar hamrohligida «Bordo» prezidenti Jan-Lui Trioga uchrab, uni Dortmundning «Borussiya»si ilgarilab ketmasidan avval braziliyalik futbolchi bilan shartnoma tuzishga ko‘ndirdi.
Jirondinliklar Malkom uchun 5 mln. yevro (50 foizi o‘yinchi aksiyalari, qolgani agent va «Korintians» uchun) to‘lashdi. Biroq iste’dodlarni kashf etishni qoyillatadigan klub hamon barqaror jamoa tuzishni o‘rganolmayapti.
Sanyol yosh va tajribali o‘yinchilar o‘rtasidagi muvozanatni topishga intildi, ba’zan keraksiz paytda tavakkalga teng rotasiyalarga qo‘l urdi. 2016 yili ushbu murabbiy iste’foga chiqarildi, «Bordo» Liga 1da 14-o‘ringa tushib ketdi.
Bunga qadar «Bavariya»ning sobiq hujumchisi asosiy ishni bajarib bo‘lgandi - Malkomning hujumdagi istalgan pozisiyada o‘ynashi mumkinligini ko‘rsatdi.
Bu ustunlikdan unumli foydalangan Gurvennek ham xuddi Villi Sanyol singari «Bordo»da ikki yil ishladi, xolos. E’tiborlisi, Joslen braziliyalik vinger yordamida hujumkor uchlik yaratdi - Kamano-Labord-Malkom.
Ushbu futbolchilarning hammasi 23 yoshga to‘lmagan, ammo ular birgalikda jirondinliklarni o‘tgan mavsum yakuniga ko‘ra, yevrokuboklarga olib chiqishgandi.
Bugungi kunga kelib Malkom «Bordo» safida 81ta o‘yin o‘tkazib, 18ta gol va 14ta samarali uzatma muallifiga aylandi. Odatda, raqib himoyachilari unga tez-tez qo‘pollik ishlatishadi.
Malkom o‘zining o‘yin uslubi bilan Madridning «Real»ida to‘p surgan yosh Robinyoni eslatadi: texnikasi yuqori, korpus yordamida to‘pni to‘sa oladigan, uzoqdan zarbalar yo‘llashni qoyillatadigan iqtidor sohibi.
Fransiya matbuoti esa uni Aryen Robbenga qiyoslaydi. Malkomning yagona kamchiligi sifatida mudofaa chizig‘idagi yumushlarga no‘noqligini ko‘rsatish mumkin. Ko‘pincha ortga qaytishga ulgurmaydi.
Braziliyalik vinger endigina 20 yoshga to‘ldi, ammo hozirdanoq unga jahonning eng kuchli klublari «ov» boshlashdi. O‘tgan yilning sentyabrida «Bordo» «Korintians»dan futbolchining transfer huquqini to‘liq sotib olib, amaldagi kelishuvni 2021 yilga qadar uzaytirdi.
Bu esa mabodo jirondinliklar Malkomni sotishni xohlashsa, xaridordan yirik summa talab qilishlarini anglatadi. Xususan, «MYU» uning uchun 45 mln. yevro to‘lamoqchiligini bildirgandi, biroq keyinchalik Joze Mourinyo Aleksis Sanchesni olib kelishni ma’qul ko‘rdi.
Shuningdek, kuzatuvchilar ro‘yxatida «Arsenal» ham bor. Hattoki, londonliklar vakillari Malkomning agentlari bilan uchrashib, kelishishga ham ulgurishgani haqida xabarlar tarqalgandi.
The Independent nashri bergan ma’lumotda esa braziliyalik vinger «Liverpul» qiziqishlari doirasida ekani qayd etilgandi. Qahramonimizning o‘zi muzokaralarga vaqti yo‘qligini bildirdi.
Transfer ishlarini agentlari va ota-onasiga ishonib topshirgan, o‘zining fikru xayoli esa faqat futbol bilan band.
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.