Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Yo‘llanmalar – sovrinlar bezagi

Yo‘llanmalar – sovrinlar bezagi

Baho:
+ | -

Mamlakatimiz sportchilari uchun qizg‘in boshlangan 2018 yilning yana bir yirik musobaqasi nihoyasiga yetdi. Futzalchilarimiz mahorat va saviya bobida Osiyoda kuchli uchlikka kirishlarini yana bir bora amalda isbotlashdi.

Eron, Yaponiya va O‘zbekiston! Hozircha bizga ma’qul, biz ko‘nadigan reyting bu! Balki yaqin orada 3-o‘rindan ham qanoatlanmay qolarmiz...

Har holda, aksariyat futzal muxlislarining dilidan shu o‘y-xayollar o‘tayotganiga ishonchimiz komil.

Eron futzali yakkahokimliga soya solish masalasida bashorat qilish qiyin bo‘lsada, yaqin kelajakda yaponiyaliklarga jiddiy qarshilik ko‘rsatish imkoni mavjud. Futzalchilarimiz astoydil intilishsa, bu ishni uddalashadi, albatta. Faqat izlanishdan to‘xtab qolmasalar, bas.

Iroqlik futzalchilar vakillarimizni kuchli uchlikdan surishga jiddiy bel bog‘lashganini o‘tgan yakshanba kuni kuchli hayajon bilan kuzatdik. Ayniqsa, o‘yinning so‘nggi qismini sulolamizning katta-kichik vakillari bilan tik turgan holda tomosha qildik. Barchasi xayrli yakunlangach, mahallamizning xonadonlarida uzoq vaqt «O‘zbekiston! Akmal!» degan hayqiriqlar tinmadi.

Andrey Sidorov Xitoyda amalga oshirgan ishni Akmal Hazratqulov Xitoy Taypeyida sal boshqacha shaklda takrorladi. Akmalni darvozaga qo‘yish xuddi Sidorovni maydonga tushirish kabi murabbiyning umidbaxsh tavakkali edi.

Bu e’tiborga molik jihat. Murabbiylarimiz qaltis lahzalarda ichki «buyruq»qa bo‘ysinib, g‘alabani ta’minlovchi tavakkallarga jazm qila boshlashdi.

Milliy terma jamoamiz aynan shunday jasurlikka botinolmagani bois, qancha-qancha imkoniyatlarni boy berganini muxlislar juda yaxshi bilishadi. «Tavakkalchining ishini O‘zi o‘nglaydi», deydi dono xalqimiz bunday vaziyatlarda tagdor qilib.

Albatta, murabbiyning jo‘yali tavakkali va noo‘rin qarorini bir-biridan farqlay bilish lozim. Deylik, Qurbon Berdiyev agar «Rubin» bilan «Barselona»ga qarshi bahsda tavakkaliga hujumkor o‘yin uslubini tanlaganida, nima bo‘lardi? Shunchaki, sharmandalikka uchrardi, tamom.

Shu ma’noda aytsak, futzal termamizning yarim finaldagi o‘yini taktik jihatdan o‘zini oqlamadi. Eron futzaliga qarshi ochiq uslubda o‘ynash - yirik mag‘lubiyat uchun poydevor.

Buni doimo yodda tutish darkor. Boshqacha ifoda etganda, maydonning istalgan nuqtasidan gol urish hadisini olgan eronlik futzalchilarga tavakkal tarzda qarshilik ko‘rsatish Bahodir Ahmedov shogirdlarining buguni emas, balki ertasidir.

Ochig‘i, muxlislar vakillarimizning yarim finalda mag‘lubiyatga uchrashganidan ko‘ra, yirik hisobdan ko‘proq qayg‘urishdi. Yodingizdami, Vadim Abramov shogirdlari Osiyo kubogi-2011da shunday sharmandali hisob bilan kayfiyatni buzishgandi. O‘shanda murabbiyning futbolchilarimiz imkoniyatlariga ortiqcha baho berib yuborgani ayni haqiqat.

Afsuski, futzalda ham shunga o‘xshash holatni boshdan kechirdik. Ko‘rpaga qarab, oyoq uzatilmasa, shunday bo‘ladi o‘zi. Xayriyatki, 3-o‘rin uchun bahs shiddati va futzalchilarimiz ko‘rsatgan shijoat muxlislar qalbiga avvalgi shukuhni qaytardi.

Endigi bosh vazifa - jahon chempionatiga yo‘llanma beriladigan Osiyo birinchiligida ham muvaffaqiyatni takrorlash. Ma’lumki, futzalchilarimiz avvalgi bronza medallarini ham jahon chempionati yo‘llanmasi o‘ynalmagan turnirlarda qo‘lga kiritishgan.

Keyingi Osiyo chempionati - shu noxush an’anani buzish uchun eng yaxshi imkon. O‘ylaymizki, nainki futzalchilarimiz, balki olimpiyachilarimiz ham bu xususda jiddiy bosh qotirishadi. Zero, muxlislarga chempionlik unvoni bilan birga Olimpiada yo‘llanmasi ham g‘oyat qadrli.

Futbol va futzalimizning yangi bosqichi uchun qo‘lga kiritilgan «oltin» hamda «bronza» juda zarur edi. Ta’kidlash joiz, bu ish sharaf bilan uddalandi.

Endi borki imkonlar Tokio-2020 va Qatar-2022 yo‘llanmalarini qo‘lga kiritish uchun ishga solinadi. Aslida yangi bosqichning mohiyati sovrinlarni yo‘llanmalar bilan bezatishdir. Takror aytamizki, vakillarimizning yarim finalda Eron futzalchilariga yutqazishlaridan emas, balki yirik hisobdan ranjidik.

Ha, kuchlar teng bo‘lmagan vaziyatdagi mag‘lubiyat muxlislarni uncha qayg‘uga solmaydi, «shok» holatiga tushirmaydi. Ammo 3-o‘rin uchun bahsda muxlislar vakillarimizdan faqat g‘alaba kutishgani rost. Ular bunga haqli edilar. Chunki jamoamiz raqibdan saviya va mahorat bobida biroz ustun bo‘la turib, mag‘lubiyatga uchrasa, muxlislar buni hazm qilisholmasdi.

Ana, «Bornmut» va «Uotford»ga qarshi kechgan uchrashuvlardan so‘ng «Chelsi» muxlislari nima sababdan tana toshlarini yog‘dirishdi? Sabab bitta: Antonio Konte jamoasi raqiblardan mohiyatan ustun hisoblanadi. Biroq «ko‘klar» shu ustunlikni amalda namoyish etolmadilar.

Hamma muammo shunda: qaysidir jamoa yo‘q imkonlarni izlab topmoqda va g‘alaba zavqini surmoqda, boshqasi esa ustunlik qadriga yetmayapti. Muxlislar kayfiyati va bahosini shu jihat ushlab turadi.

Futzal termamizning bronza medali sohibiga aylanishi ayni sababga ko‘ra, barchamizni birdek quvontirdi. Imkonlar ishonchlar bilan quvvatlandi va zarur muvofiqlik ta’minlandi.

O‘ylaymizki, «Lokomotiv» va «Nasaf»ning imkonlari ham OCHL «pley-off» bosqichi yo‘llanmasiga ega chiqish darajasida. Har ikki jamoamiz ayni qutlug‘ vazifani ado etishga kuch topsa, futbolimizdagi islohotlar ijobiy natijalar misolida tasdiqlanadi.

Bu kabi tasdiqsiz futbolimizdagi g‘alabalar daryosi to‘lib-toshib oqolmaydi, islohotlar ko‘ngli g‘ariblashadi, g‘amginlashadi. Bu holatda futbol Rafael Benitesni g‘alaba bilan qutlashdan o‘zga chora topolmagan Joze Mourinyo kabi muxlislar qarshisida mulzam qoladi. Muvozanat buzilsa, g‘alaba ham shu zayl o‘zini chetga tortadi.

«Real» va «PSJ» o‘rtasidagi bahsda esa bunday holat kuzatilmasligi aniq. Negaki, Krishtianu Ronaldu va «Real» bir tomonda, Neymar va Kilian Mbappe ikkinchi tarafda chinakam «jang»ga ishtiyoq bilan shaylanmoqda.

Bu buyuk olishuv bahona yulduzlar yashil maydonda o‘zgacha  bahslashadilar va futbol dunyosini hayratlarga to‘ldiradilar...

Muhammad Vali

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 14:31, 14.02.2018.
O'qildi: 2796 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.