Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Xristo Stoichkov: «Eng kuchli hujumchi - Romario»

Xristo Stoichkov: «Eng kuchli hujumchi - Romario»

Baho:
+ | -

«Oltin to‘p» va «Oltin butsa» sohibi Xristo Stoichkov shampionat.com sayti mehmoni bo‘ldi. Suhbat chog‘ida u bir qator qiziqarli xotiralarini esga oldi.

— Rossiya, Moskvaga kelganingizga ko‘p bo‘ldimi?

— O‘tgan yilning dekabrida JCH-2018ning qur’a tashlash marosimiga kelgandim. Endi Afsonalar kubogida o‘ynash uchun tashrif buyurdim. Umuman olganda, Rossiyaga ko‘p kelaman.

Bu yerda do‘stlarim bis­yor. Stanislav Cherchesov, Karpin, Mostovoy va Onopkolar shular jumlasidandir. Shuningdek, Goncharenko bilan ham ko‘pdan buyon tanishman.

— U bilan qachon tanishgansiz?

— U BATEni boshqarayotganida.

— O‘tgan asrning 90-yillarida Ispaniyada bir qator rossiyaliklar o‘ynashardi. Lekin hozir unday emas. Ular bilan maydondagi qarama-qarshiliklarni eslaysizmi?

— Ularning ko‘pchiligi Rossiya futboli tarixini yaratgan va Ispaniya chempionatida o‘ziga xos iz qoldirgan. Valeriy Karpin «Selta» va «Valensiya»da ajoyib o‘yinlar namo­yish qilgan.

Mostovoy esa bir necha yil Vigoda sardor bo‘lgan. Onopko kamtarona «Ovyedo»da ham yuqori saviya­da harakat qilgan. Ular bilan «Barselona»da o‘ynaganimda ko‘p bor to‘qnash kelganmiz.

Maydondagi qarama-qarshilik uning tashqarisida iliq munosabatda bo‘lishimizga to‘sqinlik qilmagan.

— Hozir ham mashq qilasizmi?

— Har kuni. Velosiped, golf va albatta, futbol o‘ynab turaman.

— Siz Gvardiolaning faoliyatini boshlayotganiga guvoh bo‘lgansiz. O‘shanda yosh Pepning kelajakda supermurabbiyga aylanishini his qilsa bo‘larmidi?

— O‘zingiz futbol o‘ynayotganingizda qaysi jamoadoshingizning yaxshi murabbiy bo‘lishi yoki bo‘lmasligini his qila olmaysiz. Gvardiola «Barsa»ning asosiy tarkibiga 18 yoshligida kelgan.

O‘shanda u o‘yinni o‘qiy olishi bilan ajralib turardi. «Barselona» tizimi xuddi uning uchun yaratilgandek edi. Kuman, Nadal, Serxi, Nando, Serna, Alesanko, Begiris­tayn, Bakero, Eysebio, Romario, Stoichkov, Laudrup, Goykoechea, Salinas kabi futbolchilar bilan to‘p surib Pep ko‘p narsani o‘zlashtirgan bo‘lishi tabiiy.

— Gvardiola Yoxan Kruiffning yoqimtoyi bo‘lganmi?

— Yo‘q. Yoxan barchaga birdek qarardi va hamma uchun alohida vaqt ajratardi. Jumladan, menga ham. Mening «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishimda Kruiffning xizmatlari beqiyos.

Uning uchun har bir futbolchi muhim bo‘lgan. Birgalikda biz haqiqiy «drim-tim»ni yuzaga keltirgandik.

— Romario bilan qanday munosabatda edingiz?

— Romario haqida turli gap-so‘zlar yuradi. Lekin bularni uni bilmaydigan insonlar tarqatishgan.

U bilan birga o‘ynash baxtiga muyassar bo‘lganim uchun ham shuni aytmoqchiman, hayotimda Romariodan kuchli hujumchi ko‘rmaganman.

Romario jahonning eng kuchli markaziy hujumchisi bo‘lgan va shundayligicha qoladi. U qayerda o‘ynamasin, natija ko‘rsatgan - PSVda ham, «Barsa»da ham, Braziliya terma jamoa­sida ham.

— U bilan hamon aloqadamisiz?

— Albatta. U hozir Braziliyada deputat bo‘ldi. Endi mer bo‘lish niyatida. Bir so‘z bilan aytganda, boshi bilan siyosatga sho‘ng‘igan.

Ammo bu ishlarni u nafaqat obro‘ uchun, balki odamlarga yaxshi bo‘lishi uchun qilmoqda. Uni bilganim tufayli ham shunday deyapman.

— «Barsa»dagi eng yaqin do‘stingiz kim bo‘lgan?

— Butun jamoa. Agar vaziyat boshqacha bo‘lganida, biz bunday natija qayd etolmasdik. To‘g‘ri, kim bilandir ko‘proq, kim bilandir ozroq muloqot qilardim.

Lekin kiyinish xonasi va maydonda bir tanu bir jon bo‘lganmiz. Shu bois ham hozirda qo‘ng‘iroqlashib, uchrashib turamiz.

— Kruiff davridagi «Barsa» kuchli bo‘lganmi yoki Gvardiola davridagisimi?

— Har kimning o‘z fikri bo‘ladi. Men «Barsa» odamiman. Shunday ekan, u davrdagi yoki boshqa davrdagi jamoa kuchli bo‘lgan, deya olmayman. Buning iloji yo‘q.

— Futbol agenti Shandor Varganing aytishicha, siz Saudiya Arabistonida ikkita o‘yinda maydonga tushish uchun yarim million AQSH dollari olgan ekansiz. Bu Stoichkov faoliyatidagi eng yengil gonorarmi?

— Men hech qachon pullar haqida gapirmaganman. Saudiyadan taklif olganimda esa uni ishga solganman.

«Al-Nasr» jamoasi safida ikkita o‘yin o‘tkazib, bitta gol urganman, Osiyo kubogini qo‘lga kiritganmiz. Barcha mamnun bo‘lgan (kuladi).

— Nima uchun van Gal bilan ishlay olmagansiz?

— U siz uchun van Gal, men uchun esa van Mal (Mal so‘zi ispanchadan o‘girilganda «yomon», «noto‘g‘ri» ma’nosini anglatadi).

— Nima uchun?

— Diktatorlik xususiyatiga ega, yoqimsiz inson.

— Siz urishmagan murabbiylar ham bormi?

— Hammasi. Faqat bittasidan tashqari barchasi bilan ajoyib ishlaganman.

— Joze Mourinyo «Barsa»ga borganida qanday bo‘lgan?

— Kamtar yigit edi. O‘shanda murabbiylik sohasiga endi kirib kelayotgandi. Mana, ko‘rib turganingizdek, shu darajagacha yetdi.

— Shunday bo‘lishini 20 yil oldin taxmin qilish mumkinmidi?

— Undan katta murabbiy chiqishiga ishonardim.

—  Kruiff bilan janjallashganmisiz?

— Jurnalistlar bilmay turib ko‘p narsani yozishaveradi. Ish jarayonida tortishuvlar bo‘lib turadi. Pashshadan fil yasash yaramaydi. Agar maydonda bo‘lsam, tinchman. Bordi-yu, zaxirada qolib ketsam, asabiylashaman.

Shunga o‘xshash vaziyatlarda tortishuvlar bo‘lgan.

Shuni unutmaslik lozimki, Kruiff meni Bolgariyadan chaqirib, shu darajaga yetishimga o‘zining katta hissasini qo‘shgan. Yuqorida aytganimdek, «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishimda ham uning mehnatlari  yotibdi.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 16:28, 16.02.2018.
O'qildi: 2682 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.