Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

“Nasaf”ning “ko‘rinmas” tayanchlari haqida chiroyli maqola yozildi

“Nasaf”ning “ko‘rinmas” tayanchlari haqida chiroyli maqola yozildi

Baho:
+ | -

Har bir futbol jamoasini to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun ko‘p mutaxasislar mehnat qilishadi. Futbolda ahamiyatsiz va mayda narsalar bo‘lmaydi. Jamoaning o‘yinga tayyorlanishi, uchrashuvga tayyorlanishi uchun har doim katta hajmdagi ishlar amalga oshiriladi.

Hamma futbol jamoalarida bo‘lgani kabi, “Nasaf”da ham mehnat qilayotgan ana shunday insonlar bor. Ammo ular haqida matbuotda kamroq yoziladi yoki umuman tilga olinmaydi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek bunday mutaxasislarsiz futbol jamoasi hayotini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu xodimlarimizning jamoamiz erishgan yutuqlarida ham ulkan hissalari bor. Ularni jamoamizning haqiqiy tayanchlari desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Biz ana shunday jonkuyar va mehnatkash mutaxasislarimiz haqida yozishga qaror qildik.

Shulardan biri,  massajchi Hamza Mavlanovdir.

Hamza Mavlonov Chiroqchi tumanidagi Shamol quduq qishlog‘ida tavallud topgan. Boshlang‘ich ta’limni avval Chiroqchi tumanida, keyin Qarshi shahridagi 21-o‘rta ta’lim maktabida davom ettirgan. Maktabni tamomlagach, Qarshi tibbiyot bilim yurtida ta’lim olgan. Ish faoliyatini Viloyat markaziy shifoxonasida boshlagan, keyin Qarshi shahridagi sog‘lomlashtirish markazida ishlagan. 2003 yili Hamza Mavlonovni “Nasaf” futbol klubiga taklif qilishadi. Ana shu yildan boshlab u jamoamizda mehnat qilib kelayapti. Oilalik, to‘rt nafar farzandi bor.

Hamza Mavlonov tabiatan kamgap va o‘z ishiga katta ma’suliyat bilan yondoshadigan xodim hisoblanadi. Unga futbolchilarimiz o‘z akasidek murojaat qilishadi. Futbolchilarimizning holatini  hamisha nazorat qilib turadi. Hoh uchrashuv payti, hoh boshqa joyda bo‘lsin, u hamisha futbolchilarimizga yordam ko‘rsatishga tayyor.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Hamza Mavlanovga boshqa klublardan chaqiruvlar ko‘p bo‘lgan. Ammo u qadrdon jamoasini boshqasiga almashtirmadi. “Nasaf”ga sodiq qoldi. 

O‘z ishi haqida.

-Jamoada massajchi bo‘lishim bilan birga, shifokorimizga ham yaqindan yordam beraman. Ayniqsa o‘yin payti bizdan futbolchiga tez va sifatli yordam ko‘rsatish talab etiladi. O‘yingacha esa har bir futbolchining sog‘ligi nazoratimizda bo‘ladi. Ularning kunlik hayotidan ham doim xabardormiz. Futbolchilarimizning sog‘ligi, kayfiyati to‘g‘risida murabbiylarimizni xabardor qilib turamiz. Ish yuzasidan doim jamoa bilan birgaman. Chetdan oddiy ish bo‘lib ko‘rinsada, bizdan katta ma’suliyat talab etiladi. Ba’zan ish hajmimiz ko‘payib ham ketadi. Hammasiga o‘z vaqtida ulgurishimiz kerak. Ishga endi kelganimda ko‘nikishim og‘ir bo‘lgan. Keyinchalik ko‘nikib ketdim. Faoliyatim davomida ko‘plab futbolchilar bilan, murabbiylar bilan birga ishladim. Ularning xarakteri bir-biriga o‘xshamaydi. Ammo til topishishga harakat qilaman. Ko‘rgan murabbiylarim orasida eng talabchani bu – Berdiyevdir. Berdiyev uchun futbolda mayda narsaning o‘zi yo‘q. Ba’zan futbolchi ma’lum sabablarga ko‘ra, sog‘ligi yuzasidan o‘yinga tayyor bo‘lmay qolsa, o‘zingni aybdor seza boshlaysan. Imkon qadar bu futbolchini maydonga tushirish bo‘yicha, zarur muolajalarni qilishga to‘g‘ri keladi. Bu ishing futbolchiga yordam bersa, yaxshi. Ammo yordam bermasa, o‘zingni qo‘yarga joy topolmay qolasan.

Futbol jamoasida ishlganingdan keyin, futbolchini o‘z farzanding kabi ko‘rishga to‘g‘ri kelarkan. Ularning vaqtida dam olishini, ovqatlanishini, kerakli vitaminlarni iste’mol qilishini ham nazorat qilishga to‘g‘ri keladi.  

Futbol sohasida yangiliklar yashin tezligida ko‘payib bormoqda. Ishimga tegishli yangiliklardan boxabar bo‘lishga harakat qilaman.

“Nasaf”da ishlayotganimdan mamnunman.

Endi massajchimiz Andrey Bezborodov haqida.

Andrey Qarshi shahrida tug‘ilgan. 9-sonli va 1-sonli o‘rta ta’lim maktablarida o‘qigan. Massajchilik bo‘yicha maxsus bilim yurtida ta’lim olgan. 2008-2012 yillarda G‘uzorning “Sho‘rtan” klubida ishlaydi. 2013 yildan “Nasaf” klubida ishlamoqda. Oilalik, bir nafar o‘g‘il farzandi bor.

Tabiatan yumshoq ko‘ngilli, xushmuomalali, o‘z ishiga ma’suliyat bilan yondoshadigan Andreyni jamoadagilarning hammasi hurmat qiladi. U hamisha jamoa bilan birga. Futbolchilar unga tez-tez murojaat qilib turishadi va undan doimo mamnun.

Andreyni “Nasaf”ga kelishi qanday bo‘lgan? Biz bu savol bilan Bezborodovga murojaat qilamiz.

-2012 yili edi, menga jamoamiz massajchisi Hamza Mavlanov telefon qildi va “Nasaf”da ishlashimni hohlaymanmi yoki yo‘qligini so‘rab qoldi. To‘g‘risi, kim ham “Nasaf”da ishlashni hohlamaydi deysiz. Men unga roziligimni aytdim va meni suhbatga taklif qilishdi. Klub rahbari va bosh murabbiy bilan suhbat bo‘lgach, meni ishga qabul qilishdi. Shu paytdan boshlab, “Nasaf”da ishlab kelayapman.

Massajchining ishi nimadan iborat?

-Jamoa massajchisi, tom ma’nodagi ishidan tashqari ham talay ishlarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Biz massajchilar asosan futbolchilarni o‘yinga tayyorlash va o‘yindan keyingi tiklanishida yordam ko‘rsatamiz. Kerak bo‘lganda futbolchilarni davolashda shifokorimizga yordam beramiz. Bundan tashqari mashg‘ulot va o‘yin payti futbolchilar iste’mol qiladigan ichimliklarni (maxsus choy yoki suv) tayyorlaymiz. Kerakli paytda ularni massaj qilamiz. Bundan tashqari, murabbiylarimizga  futbolchilar bilan bog‘liq tashkiliy ishlarda yordam beramiz. Masalan, ularning vaqtida mashg‘ulotlarda qatnashishi, ovqatlanishi, dam olishi va shunga o‘xshash ishlarda.

Bunday ish Bezborodovga yoqadimi? 

-Albatta yoqadi, o‘z ishingni sevmasang, sendan birovga naf bo‘lmaydi. Murabbiylar qatori, biz massajchilar, har bir mashg‘ulotga yoki uchrashuvga katta ma’suliyat bilan yondoshishimizga to‘g‘ri keladi. “Nasaf”da katta yoki kichik uchrashuv yo‘q. Murabbiylarimiz juda talabchan. Hamma uchrashuvlarga birdek tayyorgarlik ko‘riladi. Nazardan qolgan har bir kichik narsa, jamoaning o‘yiniga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Albatta, o‘z ishim bilan shug‘ullanish bilan birga, jamoamga muxlisman ham. Agar jamoam g‘alaba qozonsa, cheksiz xursand bo‘laman. Jamoamga foydam tekkanidan quvonaman. Ammo yutqazsak...

Futbol jamoasida ishlasang, tanshilar ham ko‘payarkan. Men ishim orqali juda ko‘p tanishlar ortirdim. Tanishimlar orasida mahalliy mutaxasislardan tashqari xorijliklar ham bor. Ular bilan suhbat qilish imkoni bo‘lganda tajriba ham almashamiz. Futbolda safarlar ham juda ko‘p bo‘ladi. Uyda kam bo‘laman. Ammo turmush o‘rtog‘im farzandimga yo‘qligimni bildirmaslikka harakat qiladi. Uni ko‘pincha ham ona, ham ota bo‘lishi talab etiladi. Umuman men oilamdan, ota-onamdan va buvimdan minnatdorman. Chunki ular meni to‘g‘ri tarbiyalashgani, hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashimdagi harakatlari men uchun juda qadrlidir.

Andrey bo‘sh paytlarini qanday o‘tkazadi?

-Futbolda ishlaydiganlarga mavsum davomida bo‘sh paytlari kamdan-kam bo‘ladi. Ammo shunday vaqt bo‘lganda, unumli foydalanishga harakat qilaman. Avvalo oilamga va farzandimga vaqt ajrataman. Sevimli mashg‘ulotlarimdan biri, bu baliq ovi hisoblanadi. Bu otamdan o‘tkan. Baliq ovlashni, suvda so‘zishni juda yoqtiraman. Qisqasi, bo‘sh vaqtda yaxshi dam olishga harakat qilaman. Bu o‘z vazifamni yaxshi bajarishimga asqotadi.

Biz bu xodimlarimizning ishidan mamnunmiz. Ularning shaxsiy hayotida va ish faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Manba: www.fcnasaf.uz
Kiritildi: 19:40, 16.02.2018.
O'qildi: 4859 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.