«Temiryo‘lchilar» guruh bosqichining 1-turida BAAning «Al-Vahda» jamoasini qabul qilib, raqib darvozasiga javobsiz 5ta to‘p kiritishdi. Bu bilan O‘zbekiston chempionlari OCHL guruh bosqichidagi o‘zlarining eng yirik g‘alabalarini takrorlashdi.
2015 yilda ham «Lokomotiv» Qatarning «Al-Sadd» jamoasini xuddi shu hisobda taslim etgandi. Hozirgacha OCHL guruh bosqichida «Lokomotiv»dan tashqari hyech bir klubimiz raqib ustidan 5ta to‘p farqi bilan g‘olib chiqmagandi. Ochig‘i, hisobning bunday ko‘rinish olishini mehmonlardan ko‘ra mezbonlarning o‘zlari ham kutishmagandi.
Zero, amirlik futbolchilar 15ta o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelishayotgan edi. Mirko Yelichich shogirdlari shu kuni stadionga yig‘ilgan muxlislarni gollar yomg‘iri bilan siylashdi. Gollar ham bir-biridan chiroyli ko‘rinishda urildi.
Ayniqsa, uchrashuv qahramonlaridan biri Ikrom Aliboyevning maydon markazidan turib kiritgan to‘pi OCHL 1-turini tom ma’noda bezab berdi. Gol haqiqatan ham shedevr ko‘rinishda edi.
Aliboyev ikki goli bilan «Lokomotiv»ning g‘alabasiga o‘zining munosib xissasini qo‘shdi. Biz uchrashuvdan so‘ng iste’dodli yarim himoyachining o‘yin borasidagi fikrlari bilan qiziqdik.
- Ikrom, hisobga qarab turib, «Lokomotiv» oson g‘alabaga erishdi, de-yish mumkin. Aslida ham shundaymi?
- Boshqalarni bilmadimu, lekin men oson g‘alabaga erishdik, demagan bo‘lardim. Sababi, «Al-Vahda» birinchi bo‘limda juda yaxshi himoyalandi. Qarshi hujumlarda esa o‘ta xavfli ko‘rindi. Bir-ikki vaziyatda bizga omad ham kulib boqdi.
Endi yirik hisobdagi g‘alabamizning omili sifatida ikkinchi bo‘limda kiritilgan 3ta tezkor golni aytgan bo‘lardim. Qandaydir 6 daqiqa ichida kiritilgan 3 to‘p mehmonlarni ruhan «sindirib» qo‘ydi.
- «Al-Vahda»dan bunday o‘yin kutmagandinglar. Baribir, biroz bo‘lsada hadik bor edi, to‘g‘rimi?
- Albatta. «Al-Vahda»dan kuchliroq o‘yin kutgandik. Lekin hadik yo‘q edi. Menimcha, raqiblarimiz o‘z imkoniyatlari darajasida o‘yin ko‘rsata olishmadi.
- BAA klubining 15ta o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchramayotganidan xabaringiz bormidi? Raqib jamoaning bu statistikasi futbolchilarda xavotirni oshirdimi?
- Ha, bu statistikadan xabarimiz bor edi. Ammo qaytaraman, bizda xavotir yo‘q edi. Siz 15ta o‘yinda yutgan bo‘lsangiz, u g‘alabalar tarixda qoladi. Har tongda esa yangi kun boshlanadi. O‘n beshta o‘yindan iborat g‘alabali seriyani buzganimizdan xursandmiz.
- Yirik hisobdagi g‘alabaning bosh omili nimada bo‘ldi? Bir tomondan «Al-Vahda»ning o‘zi ham bo‘sh o‘yini bilan sizlarga yordam berib yubordimi?
- Yuqorida ikkinchi bo‘limda kiritilgan tezkor gollar yirik hisobdagi g‘alabamizni ta’minlaganini aytdim. Balki, raqib jamoa tarkibidagi yetakchi legionerlarning kelmagani ham bizning foydamizga xizmat qilgandir.
- Guruhning ikkinchi o‘yinini tomosha qildingizmi? Endi «Lokomotiv»ga asosiy raqib Eron va Qatar klublari bo‘ladimi?
- Ha, ikkinchi bahsni kuzatdim. Ikkala jamoa ham yaxshi shakllangan ekan. Lekin OCHL musobaqasi endigina boshlandi. Raqiblarimiz hali ham 3ta! Menimcha, «Al-Vahda»ni o‘yindan erta chiqarib yuborish noto‘g‘ri. Hali ular o‘z so‘zlarini ayta olishadi.
- «Lokomotiv»ning yirik hisobdagi g‘alabasi keyingi o‘yinlarda futbolchilarning biroz bo‘lsada, xotirjamlikka berilishiga olib kelmaydimi?
- Aksincha, bu g‘alaba kuchimizga kuch qo‘shadi, deb o‘ylayman. Zero, mavsumni shunday chiroyli g‘alaba bilan boshlash hamisha yoqimli bo‘lgan.
- Uchrashuvda bir-biridan chiroyli gollar urildi. Ayniqsa, maydon markazidan urgan golingiz OCHL 1-turining bezagiga aylandi. O‘yin davomida bunday imkoniyat yuzaga kelishini, ya’ni darvozabonning o‘z joyini tashlab chiqib ketishini kutganmidingiz?
- Ikki xorij yig‘inimiz davomida «Al-Vahda» jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarni ko‘rib, tahlil qildik. O‘sha biz tomosha qilgan o‘yinlarda darvozabon ko‘p bor oldinga chiqib ketishini payqab qoldim.
Gol bo‘lgan vaziyatda ham uning joyini tashlab, oldinga chiqib turganini ko‘rdim. O‘sha vaziyatda o‘ng tomonda Sardor Rashidov ham bo‘m-bo‘sh turgan edi. To‘pni jamoadoshimga uzatsam ham bo‘lardi. Lekin men hech kim kutmagan qarorni tanladim va u o‘zini oqladi.
- Hozirgacha bo‘lgan faoliyatimdagi eng chiroyli golimni urdim, deya olasizmi?
- Aynan shunday. Bu hozirgacha urgan eng chiroyli golim bo‘ldi. Lekin men bu bilan to‘xtamoqchi emasman. Nasib qilsa, muxlislarni yana shunday gollarim bilan xushnud etaman.
- Shu uslubda to‘p kiritgan mashhur futbolchilarni bilasizmi?
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.