Madridning «Real» klubi va Portugaliya terma jamoasi yetakchisi Krishtianu Ronaldu Braziliyaning youtube.com saytidagi Desimpedidos kanaliga intervyu berdi.
Quyida qiziqarli tarzda kechgan suhbat bilan tanishishingiz mumkin.
— Muxlislar xaqida gapirib bersangiz.
— Ronalduni yoqtiradiganlar bisyor va albatta, kimlargadir yoqmayman. Meni sevadigan, qo‘llaydiganlarni hamisha hurmat qilaman.
Marselo va Kazemiro Braziliyada meni qo‘llaydiganlar ko‘pligini ta’kidlashadi. Bunga sabab tilimiz bir xilligi emas (braziliyaliklar ham portugalchada gaplashishadi). Bu meni baxtli qiladi.
— «Oltin to‘p»ni besh marta qo‘lga kiritishingizni bilganmisiz?
— Yo‘q... O‘zgacha bolakay ekanligimni bilardim. Chunki sinfdoshlarim orasida ajrab turardim. Kelajakda nima bo‘lishini oldindan aytish qiyin. Avval «Sporting»da to‘p surdim, keyin «Manchester Yunayed»ga o‘tdim.
Aynan o‘shanda jahonning eng kuchli futbolchilari qatorida o‘ynay boshladim. Shu bilan birga ular orasida ajrab turganman. Manchesterdagi faoliyatimdan keyin «Oltin to‘p»ni yutishim mumkinligiga ishondim. Umuman olganda, bu sovrin haqida 16, 17 yoki 18 yoshligimdan o‘ylay boshlaganman.
— Sizda «Jahonning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishim kerak» degan xayol bo‘lgandir?
— Yo‘q. Agar o‘zingizga bosim qilsangiz, bu yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Hammasi o‘z yo‘lida ketishi kerak. Mening hayotim ham shunday kechdi.
Agar bir narsaga o‘ta berilib ketsangiz, maqsadga erishish qiyin bo‘ladi. Bunaqasi nafaqat professional faoliyat, balki shaxsiy hayotda ham yuz beradi.
— Bolaligingizda qaysi futbolchilar sizni ruhlantirgan?
— Har doim professional futbolchi bo‘lishga intilganman va Portugaliya termasida o‘ynashni orzu qilganman.
Rui Koshta, Fernando Koutu va Luish Figu o‘yinlarini kuzatib, ular bilan birga to‘p surishni orzu qilganman. Ushbu yulduzlarga qarab:
«Men ularning orasida o‘ynashim kerak», derdim. Oxir-oqibat terma jamoa a’zosiga aylandim.
— Deku haqida gapirasiz, deb o‘ylagandim.
— Ha, Deku bilan termaga teng kelganmiz. U xuddi men kabi milliy jamoada 2003 yildan o‘ynay boshlagan.
— O‘shanda sizning ishqibozingizga aylanganman.
— Jiddiymi?
— Ha! Vinger pozisiyasida o‘ynardingiz. Futboldan tashqari yana nimalarni yoqtirasiz?
— Uyda futbol ko‘rmayman. Ayrim derbilar, katta o‘yinlarni tomosha qilishim mumkin. Menga kino, seriallar, hujjatli filmlar, musiqiy konsertlar ko‘proq ma’qul.
Shuningdek, sayohat qilishni ham yoqtiraman. Dam olish kunlari Fransiya, Angliya, Portugaliyaga boraman.
— Keling, milliy terma haqida gaplashamiz. Siz jamoa yetakchisi va to‘purarisiz. Portugaliya JCH-2018da qanchalik uzoqqa borishi mumkin?
— Jahon chempionatida jamoamiz favorit emas. Musobaqada bizdan ko‘ra kuchli raqiblar bor: Braziliya, Ispaniya, Germaniya, Argentina. Biroq futbolda hamma narsa ro‘y berishi mumkin.
Oldimizda Ispaniyaga qarshi qiyin bo‘lgan birinchi o‘yin bor. Ispanlar chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan biridir. Avvalambor, biz guruhdan chiqishimiz lozim, u yog‘ini keyin ko‘ramiz.
Asosiy maqsadimiz - «pley-off» bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish.
— Orzuingiz bormi?
— Futbolda hamma narsaga erishib bo‘ldim, deb o‘ylamayman. Boshqa tomondan, orzuim ushaldi, deyishim mumkin. Agar mendan «Yana qandaydir sovrin yutishni istaysanmi?», deb so‘rasangiz, jahon chempionatida g‘olib chiqishni aytaman.
Mabodo faoliyatimni hozir yakunlaydigan bo‘lsam, faxr bilan, baxtiyor holda tugatardim. Faoliyatim bunchalik muvaffaqqiyatli kechishini o‘ylamagandim.
— Deyarli 700ta gol urgansiz. Shundan eng yaxshi uchtasini ayta olasizmi?
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.