Nufuzli Transfermarkt statistik portali 2026 yilgi jahon chempionati davomida muxlislar qiziqishi bo‘yicha yakunlarni e’lon qildi hamda sayt foydalanuvchilari tomonidan eng ko‘p ko‘rilgan futbolchilardan iborat ramziy terma jamoani taqdim etdi.
Dunyoning eng nufuzli turnirida eng ko‘p ko‘rilgan o‘n bir nafar futbolchi qatoriga O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Angliyaning «Manchester Siti» klubi markaziy himoyachisi, 22 yoshli Abduqodir Husanov ham kirdi. Futbolchi himoya markazidan joy oldi, uning Transfermarkt portalidagi bozor qiymati esa 50 million yevroga baholanmoqda.
Ramziy terma jamoaning umumiy transfer qiymati 281 million yevroga teng bo‘ldi. Himoya chizig‘ida Husanov bilan birga ispaniyalik Mark Kukurelya («Real», 50 mln yevro), niderlandiyalik Natan Ake («Fenerbaxche», 12 mln yevro) va Kabo-Verde terma jamoasi vakili Lopes Kabral («Trabzonspor», 4 mln yevro) joy oldi. Darvozabon pozisiyasini esa Kabo-Verde vakili, tajribali Vozinya (50 ming yevro) egalladi.
Yarim himoya va hujum chizig‘idan afsonaviy hujumchilar Lionel Messi («Inter Mayami», 15 mln yevro) va Krishtianu Ronaldu («An-Nasr», 10 mln yevro), misrlik vinger Muhammad Saloh (22 mln yevro), belgiyalik Leandro Trossard («Beshiktosh», 18 mln yevro), shuningdek, o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgan yosh iste’dodlar — shveysariyalik Yoan Manzambi («Aston Villa», 50 mln yevro) hamda marokashlik Ayub Buaddi («Lill», 50 mln yevro) o‘rin oldi.














