Kirish Ro'yxatdan o'tish
30/12 00:45 Milan 1-1 Roma
30/12 22:30 Komo 2-0 Lechche
31/12 00:45 Bolonya - Verona
31/12 00:45 Ipsvich - Chelsi
31/12 00:45 Aston Villa - Brayton
31/12 01:00 Man. Yunayted - Nyukasl

Adriyen Rabyo: «Aslida, namunali yigitman, faqat…»

Adriyen Rabyo: «Aslida, namunali yigitman, faqat…»

Baho:
+ | -

22 yoshli Adriyen Rabyo joriy mavsum «PSJ» yetakchilari qatorida gavdalanmoqda.

Harqalay, muxlislar ham, mutaxassislar ham iqtidorli yigitning o‘yinlardagi foydali harakatlarini munosib baholashmoqda. To‘g‘ri, OAVda Rabyoni hamon «Onasining erkatoy o‘g‘li» qabilida ta’riflashmoqda.

Futbolchining o‘ziga esa «graf» laqabi ko‘proq ma’qul va u buni L’Equipe nashri jurnalistlari bilan suhbatda oshkora tan oldi.

Adriyen quyida e’tiboringizga havola etilayotgan intervyuni Sena sohilidagi eski qirollik rezidensiyasi - Sen-Jermen saroyi yaqinida joylashgan restoranda berdi.

Suhbat jarayonida futbolchining onasi Veronika ham ishtirok etdi. Chunonchi, u o‘g‘lining shaxsiy agenti hisoblanadi.

- Adriyen, Chempionlar Ligasi qur’asi «PSJ»ni 1|8 finaldayoq «Real»ga ro‘baro‘ qildi. Ochig‘i, Zidandek murabbiy qo‘l ostida o‘ynash har qanday futbolchi, ayniqsa, fransiyalik yigitlarning orzusi bo‘lsa kerak...

- Albatta! Axir Zidan Fransiya futboli afsonasi! U JCH va CHLda birdek qoyilmaqom o‘ynab, g‘olib chiqqan. Vaholanki, futbol olamida hech qachon chinakamiga to‘p tepmagan murabbiylar ham yo‘q emas.

- Vaqtida Loran Blan bilan o‘rtangizda kelishmovchilik yuzaga kelgandi - 2015 yilgi Fransiya kubogi finalida «Oser»ga qarshi kechadigan uchrashuv oldidan o‘tkazilgan mashg‘ulotga yo‘l olgan avtobusga kechikkansiz. Oqibatda murabbiy sizni hal qiluvchi o‘yinda maydonga tushirmagandi.

-  Ha, shunday voqea kuzatilgandi. Ammo u bugungi suhbatimizga mavzu bo‘lolmaydi...

- Nega endi?

- O‘sha kuni muhim uchrashuvim bor edi. Aslida avtobusga ulgurmasligimni oldindan bilganman va bu haqda murabbiylarni ogohlantirgandim. Ya’ni stadionga o‘zim yetib olishimni aytdim.

Biroq ular shunchaki, ruxsat berishmadi: «Yo‘q, faqatjamoabilanborasan, tamom!» Xullas, har qancha shoshilmayin, baribir, kech qoldim. Yo‘lda ketayotsam, qo‘ng‘iroq qilishdi: «Qayerdasan? Seni kutyapmiz!» Oradan yana 5 daqiqa o‘tgach, yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi: «Boshqa kutolmaymiz, to‘g‘ri stadionga bor!» Rosti, bundan rosa jahlim chiqdi.

Onam o‘zi olib borib qo‘yishini aytdi, ammo ko‘nmadim: «Yo‘q, yaxshisi, uygaqaytamiz!»

- Keyin nima bo‘ldi?

- Ketma-ket qo‘ng‘iroqlar boshlandi - sport direktori Olivye Letang, bosh murabbiy... Ular darhol mashg‘ulotlarga yetib borishim lozimligini aytishdi, ammo rad javobini berdim.

Ertasiga esa garchi o‘yinda qatnashmasamda, to‘liq shay holda turishimni tayinlashdi. Biroq qaysarligim tutib, yana dangal gapirdim: «Yo‘q!» To‘g‘ri, keyinroq Blan va Letang bilan alohida uchrashib, kelishmovchilikka barham berdik.

- Final o‘yinini tomosha qilgandirsiz...

- Faqat birinchi bo‘limini. Asabim shu darajada taranglashganidan hattoki, ekranga nigoh tashlashni ham istamadim. Bu voqea haqida xo‘p va ko‘p yozishdi.

Aslida tabiatan juda bosiq va namunali yigitman, ammo o‘shanda negadir o‘zimni bosolmay qolgandim. Ha, har kim ba’zan shunday holatga tushishi mumkin ekan...

- Endi esa «PSJ»da «qariya» futbolchilar guruhidasiz...

- Ha, jamoa tarkibiga faqat Tyago Motta, Xavyer Pastore va Alfons Areolagina  mendan oldin qo‘shilishgan. Vaholanki, endi 22 yoshdaman.

-  Jamoada «o‘t oldiruvchi» ekansiz.

- Umuman, duch kelgan kishi bilan muammosiz chiqishib ketaman, samimiylik va hazil-huzulni qadrlayman. Qolaversa, fransiyalik, parijlikman, klub tariyalanuvchisi hisoblanaman. Demakki, «PSJ»ning o‘ziga xos ramziga aylanib ulgurdim.

- Deylik, ba’zida qaysidir jamoadoshingizga qattiq tegishingiz mumkinmi?

- Ko‘pincha maydonda baqirishimga to‘g‘ri keladi. Kiyinish xonasida esa murabbiy talabiga muvofiq, jamoa uchun o‘ta zarur gaplarni aytishim kerak.

Uning aytishicha, aql bilan ish tutsam, yigitlar ortimdan ergashishadi. Zero, futbolchilar orasida xarakteri og‘ir yigitlar ham bor.

- Masalan...

- Tyago Silva o‘yin davomida nimanidir uddalay olmasa, ko‘pincha asabiylashadi, nazoratni yo‘qotishi ham hech gap emas. Shundan lahzalarda unga nimadir deyish kerak, tinchlantirib, yaxshi ma’noda shaylantirish zarur.

Umuman, ko‘plab futbolchilar shunday qo‘shimcha daldaga ehtiyoj sezishadi. Albatta, har bir vaziyatda tomoqni yirtishga hojat yo‘q.

Deylik, Zlatan Ibragimovich har doim ham barchasini nazorat qilgan emas, ammo chin yetakchi sanalgan, baribir. Uning har bir gapi albatta, inobatga olinardi.

- Neymar va Mbappening safga qo‘shilishlari jamoadagi muhitga nechog‘li ta’sir qildi?

- O‘zgarish yo‘q emas, faqat bu narsa ko‘proq o‘yinimizda sezildi. Ular chindan ham, buyuk ijrochilar. Kiyinish xonasida esa oddiy yigitlarga aylanishadi.

Menimcha, Neymar hattoki, biroz qattiqqo‘lroq bo‘lishi kerak, bu ortiqchalik qilmasdi. Kilian haqida ham shunday deyishim mumkin.

-  O‘rtadagi munosabatlaringiz qanday? Ular bilan kelishish qiyin emasmi?

- Hammasi juda oddiy. Kilianga nazar solib, uning 180 million yevrolik futbolchi ekanligiga ishonmaysan ham. Neymarga kelsak, u g‘oyat ochiqko‘ngil yigit va o‘zini aslo yulduzdek tutmaydi. Men esa hech kimga laganbardorlik qilmayman.

Munosabatlarimiz vaziyat taqozosidan kelib chiqadi. To‘g‘ri, Presnel Kimpembe va Alfons Areolaga nisbatan yaqinroqman. Ammo deylik, Marko Verratti yoki Yulian Draksler bilan ham birga restoranga borishim mumkin.

- Jamoada sizni sardordan ke-yingi ikkinchi «figura» o‘rnida ko‘rishadimi?

- Yo‘q. Sardor - Tyago Silva, vise-sardor - Tyago Motta. Agar ikkisi ham maydonda tushmasa, bog‘ich Markinyosga beriladi. Bordiyu, u ham maydonda bo‘lmasa, unda bog‘ichni menga topshirishadi.

Bilishimcha, Tyago Motta «PSJ»dagi so‘nggi mavsumini o‘tkazmoqda, demak, yaqin orada uchinchi pozisiyaga chiqaman. Ammo bunday arifmetika hech narsani anglatmaydi.

- Yana 4 oydan keyin Rossiya mundiali boshlanadi. Futbol forumini esdan chiqarmayapsizmi?

- O‘ylaymanki, Fransiya termasi yuqori sakrashga qodir. Ruslar diyoridan jahon chempioni sifatida qaytsak, zo‘r bo‘lardi-da! Tabiiyki, milliy jamoa libosida maydonga tushish o‘zgacha zavq va hayajon uyg‘otadi.

- JCH-2018 «zayavka»siga kirolmay qolishdan cho‘chimaysizmi?

- Hayotda ham, futbolda ham hech narsadan qo‘rqmayman. O‘z kuchimga mutlaqo ishonaman, tizzalarim aslo qaltiramaydi. Ammo Rossiyaga borish nasib etmasa, juda afsuslanishim tayin.

Axir hozir milliy termaga to‘liq moslashib olgandekman (RabyoFransiyatermajamoasida 2016 yilning 15 noyabridadebyutqilgan).

- Ayniqsa, joriy mavsum mazmunli futbol namoyish etyapsiz. O‘yin bobidagi o‘sishingizni Blez Matyuidining ketganiga bog‘lash mumkinmi?

- Menimcha, shunday. Har holda, aynan Blez ketganidan keyin asosiy tarkib vakiliga aylandim. Boshqacha aytganda, jamoaga kerakligimni angladim. Xullas, mavsum boshlanganidan buyon hammasi a’lo darajada davom etyapti.

- Pozisiya bo‘yicha oldinga surilgan tayanch yarim himoyachisi, ya’ni dispetchersiz. Bu rol o‘zingizga ma’qulmi?

- Ha, maydonda anchayin erkin harakatlanyapman. Deylik, hujumda bemalol ishtirok etishim mumkin. Chunonchi, ma’lum bir hududni nazorat qilish bilan cheklanib qolishni istamayman.

- Amaldagi shartnomangiz 2019 yilning iyunida nihoyasiga yetadi. Uni uzaytirishni istarmidingiz?

- Bu masalada hozircha rahbariyat bilan gaplashmadik. Shartnomam bilan onam shug‘ullangani ma’qul.

- Faoliyatingiz boshlanganidan buyon onangizsiz bir qadam ham qo‘yolmayotgandeksiz.

- Bunda yomon tomoni yo‘q-ku, axir. Onam futbolda ham xuddi hayotdagi kabi barchasini to‘g‘ri bajaryapti. Muhimi, unda katta hayotiy tajriba bor. Ba’zida ayrimlar uning qarorlari mohiyatini tushunishmaydi.

Hattoki, o‘zim ham ko‘p hollarda shunday holatga tushaman. Ammo doimo uning haq ekanligini qalban bilaman.

- Sizni ko‘pincha «Onasining erkatoyi» qabilida ta’riflashadi. Bundan ranjimaysizmi?

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 14:03, 12.03.2018.
O'qildi: 3862 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.