Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Milliardlar ham kor qilmagan «Titanik»

Milliardlar ham kor qilmagan «Titanik»

Baho:
+2 | -1

«Titanik» kinosini ko‘rgansiz. Unda katta sayohatlar uchun maxsus kema tayyorlashib, uni «Titanik» deb nomlashadi. Bu kema uchun katta-katta mablag‘ sarflashadi, uning ishonchli ekaniga ishonganlar esa «Titanik»da sayohat qilish uchun oshiqadi. Yakunda esa «Titanik» aysbergga to‘qnashib, suvga cho‘kib ketadi. Chunki qanchalik mustahkam bo‘lmasin, qanchalik ko‘p mablag‘ sarflanmasin, baribir, kema kemaligini qiladi, aysberg aysbergligini.

«TITANIK» MANTIG‘I O‘ZGARMAYDI

Bugungi kun dunyo futbolida «Titanik»ka qiyoslash mumkin bo‘lgan bitta klub bor — «PSJ». Nega deysizmi? Chunki Parij klubi rahbariyati klub bilan katta rejalarni maqsad qildi va bu yo‘lda juda ko‘p mablag‘ sarfladi. Nosir Al-Xelaifi janoblari kerak bo‘lsa, milliardlarini ham ayamadi. «PSJ» sarflayotgan pullar ko‘pchilikning aqlini olib qo‘ydi. Klub taklif qilayotgan maoshlar esa manaman degan futbolchilarning es-hushini o‘g‘riladi. «Biz Yevropa Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘lmoqchimiz, buning uchun barcha imkoniyatlarimiz yetarli» — bu klubning shioriga aylanib ulgurgandi. Tashqaridan qaraganda hammasi binoyidek edi, «PSJ» qudratli jamoa, istalgan futbolchini sotib olishga qurbi yetadi. Bunga birinchilardan bo‘lib Dani Alves ishondi. «Yuventus»dan «Manchester Siti»ga o‘tishi kutilayotgan bir paytda Alves sira kutilmaganda «PSJ»ga o‘tib ketdi. Alves hatto sobiq ustozi Gvardiolani ham «shaharliklar» safiga o‘tishiga og‘zaki ishontirib qo‘ygandi. Biroq yo‘lidan yuqoridagi shior hamda jaraq-jaraq pullar bilan chiqqan «PSJ» uning rejalarini bir zumda o‘zgartirib yubordi.

Parij klubining keyingi o‘ljasi esa Di Mariya bo‘ldi. Argentinalik futbolchi kattagina maosh va qop-qop va’dalar tufayli Fransiyaga ko‘chib o‘tdi. Eng achinarli taqdirlardan biri esa Yulian Drakslerniki bo‘ldi. Ayni kuchayib, top klublar e’tiboriga tushayotgan yosh iqtidor hech kutilmaganda «PSJ»ni tanladi. Vaholanki, uning oldida juda ko‘p variantlar bor edi, xususan, «Real». Biroq yana o‘sha shior va balandparvoz va’dalar Drakslerning xayolini o‘g‘irladi. Oqibatda nima bo‘ldi, yosh iqtidor zaxira o‘rindig‘iga mixlandi va buyuk kelajakni bir zumda yo‘qqa chiqardi.

«PSJ»ni «Titanik»ka aylantirgan qadam bu Neymarning xaridi bo‘ldi. 222 mln yevroga braziliyalik futbolchini sotib olib, dunyo futbolidagi eng qimmat xaridni amalga oshirgan «PSJ», shubhasiz, moliyaviy jihatdan eng qudratli klub ekanligini ko‘z-ko‘z qildi. Shu bilan birga 180 mln yevroga Kilian Mbappe ham xarid qilingan va shov-shuv ko‘tarilgandi. Neymarda «Barselona» bilan hammasi yaxshi edi, Yevropa chempionlar ligasi g‘olibi bo‘ldi, La Liga chempionligini tantana qildi va hali bunday sovrinlarni ko‘pi oldinda edi. Biroq fransiyalik futbolchi har tomonni taloto‘p qilayotgan «Titanik»ka chiqqisi keldi. U bilan birga Mbappe ham shunday qarorga keldi, u bu yo‘lda ko‘plab klublarning, xususan, «Real»ning taklifini ham rad etdi.

Biroq «Titanik» mantig‘i o‘zgarmadi. «PSJ» Fransiya chempionatidagi mayda to‘siqlarni yengib o‘tganiga hamda Yevropa chempionlar ligasi guruh bosqichida yaxshi natijalar qayd etayotganiga, qolaversa, Neymarga ishongan muxlislar «Real» bilan to‘qnash kelgan «PSJ»ning bu to‘siqdan o‘ta olishiga ishonishgandi. Bir qarashda shunday ham edi. Biroq Parij klubi «Real»ga yutqazdi, aysberg aysbergligini qildi.

O‘z o‘rnida «PSJ»ga o‘tgan ko‘plab futbolchilar pushaymon ekanligini yashirmayapti. Albatta, Alves ketishni istagan «Yuventus» «Tottenxem» to‘sig‘idan o‘tib, chorak finalga chiqdi, u o‘tishni xohlamagan jamoa — «Manchester Siti» ham chorak finalga yo‘l oldi. Qolaversa, «Yuventus» Italiyada, «Manchester Siti» esa Angliyada tengsiz. Mbappe o‘tishni istamagan «Real» esa aynan «PSJ»ni mag‘lub etdi. Neymar voz kechgan «Barselona» esa ayni damda ajoyib mavsumni o‘tkazmoqda.

Shu o‘rinda yana bir jihatni ta’kidlashni istardik. Neymar «PSJ»ga o‘tganini «Messining soyasida qolib, «Oltin to‘p»ni qo‘lga kirita olmayotganligi» bilan izohlagandi. Shunday bo‘lsa-da, u «Barselona» safida o‘ynab yurganida «Oltin to‘p» uchun nomzod bo‘lgan eng kuchli uchta futbolchidan biri sifatida e’tirof etilib kelinayotgandi. Neymar «PSJ»ga ana shu holatga barham berish uchun o‘tgandi. Neymar chindan ham bu holatga chek qo‘ydi, faqat aksiga. Ya’ni u endi «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritish tugul, eng kuchli uchta futbolchi ro‘yxatidan ham joy ola bilmaydi. Ehtimol, qachondir «PSJ» ham «Real» yoki «Barselona» darajasiga chiqar, ammo bu paytda «PSJ» uchun o‘z klublaridan voz kechgan futbolchilarning qay darajada bo‘lishi ma’lum emas, chunki «PSJ» operasiyasi yaqin ikki-uch yilda ish bermasligi aniq.

NIMA QILISH KERAK?

Nosir Al-Xelaifining boshi qotgani aniq: «Nima qilish kerak?» Rivojlanish uchun milliardlab mablag‘larni sarf qilayotgan bu inson buyuk klubga aylanish uchun vaqt, tajriba kerakligini yo tushunmayapti, yoki tushunishni istamayapti. Chunki Yevropa Chempionlar ligasi — katta musobaqa, katta turnir. Bu yerda g‘olib chiqish uchun uzoq yillar davomida futbolning ta’mini totib yurgan klublarning qarshiligini yengish kerak bo‘ladi. Bunga pul, tezlik, shiddatkorlik, yuqori mahorat bilan erishib bo‘lmaydi. Bunga tajriba kerak. Tajriba o‘yin davomida futbolchilarni aldab yurish, dribling qilish, tinimsiz zarbalar berish va o‘yin davomida ustunlik qilish emas, tajriba kerakli paytda aldash, kerakli paytda dribling qilish, kerakli paytda zarba berishni bilishdir.

Bu fikrimizni «Tottenxem» va «Yuventus» o‘rtasidagi o‘yin isbotlaydi. Javob bahsida «shporlar» katta ustunlikka ega bo‘lishdi, o‘yin davomida zarbalar berishdi, biroq «Yuventus» qachon nima qilish kerakligini yaxshi bilgani uchun qandaydir uch soniya ichida ikkita gol urib, g‘alabani ilib ketdi. Bu tajriba, deyiladi. Xelaifi esa ana shu haqiqatni tan olishni istamayapti. Ayni damda u Unai Emerining o‘rniga murabbiy izlamoqda. Ammo shaxsan men yaqin bir-ikki yil ichida biror-bir murabbiy «PSJ»ni «Real» yoki «Barselona»ni ortda qoldira oladigan darajaga chiqara olishiga ishonmayman. Buning uchun vaqt kerak. Shu bois «PSJ» rahbariyati mablag‘ni o‘ylab sarflashi va sabr qilishi lozim. Ehtimol, ular Gvardiolaga o‘xshagan murabbiyni taklif qilishmoqchidir, chunki Pep «Manchester Siti» bilan Angliya premyer ligasida ajoyib natija ko‘rsatmoqda, biroq Yevropa chempionlar ligasida uzoqqa borolmasligi tayin. Chunki mazkur turnirning darajasi boshqa, «Manchester Siti» ayni damda «Barselona» yoki «Real» to‘sig‘idan o‘ta oladigan darajaga chiqmagan.

«PSJ» uchun ayni damda ikkita yo‘l bor — birinchisi, tajriba to‘plash va sekin-asta maqsadga erishish, ikkinchisi esa klubni butunlay yangilash — darvozabondan tortib murabbiygacha. Ammo ikkinchi yo‘lning natija berishi aniq emas. Axir tez qurilgan binoning tez qulash ehtimoli ham yuqori bo‘ladi.

Nizomjon ISLOMOV

 

 

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 11:41, 16.03.2018.
O'qildi: 7923 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.