O‘zbek sporti mutaxassislari, yurtimizdagi sport federasiyalari mutasaddilari mamlakatimiz sportida ro‘y berayotgan islohotlarga o‘z munosabatlarini bildirishda davom etadilar. Bugungi mehmonimiz, O‘zbekiston gimnastika federasiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Ruslan Mustayevdir.
-Ruslan Bulatovich, Milliy olimpiya qo‘mitasiga xush kelibsiz. Fursatdan foydalanib, sizni tabriklab o‘tmoqchiman. Yaqinda O‘zbekiston gimnastika federasiyasi Xalqaro gimnastika federasiyasi tomonidan jahondagi federasiyalar orasida yetakchi o‘rinlarda qayd etildi. Bu juda yoqimli. Shu munosabat bilan MOQ nomidan sizni tabriklab qolamiz. Umuman, so‘nggi paytlarda o‘zbek sportida turli o‘zgarishlar, islohotlar yuz bermoqda. Siz bu o‘zgarishlarni qanday baholaysiz?
-Eng avvalo qo‘llab-quvvatlayotganliklari uchun davlatimizga, qolaversa Milliy olimpiya qo‘mitasiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bunday holat hamma mamlakatlarda ham kuzatilmaydi. Ochig‘i faoliyatim davomida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lganman, ammo hech qayerda bizdagi kabi bevosita davlat rahbarining sportga yuksak e’tibori, g‘amho‘rligini ko‘rmaganman. Buni bizning mamlakatimizga tashrif buyuradigan mehmonlar ham alohida ta’kidlab o‘tishadi. Tashkilotchilik ham yuqori saviyada bo‘ladi. Bu nafaqat gimnastikada, boshqa sohalarda ham kuzatilmoqda. Xorijdan tashrif buyurgan mehmonlar bizda ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘ylganligini ta’kidlab o‘tadilar.
Undan tashqari, MOQning yangi rahbari Umid Mahamadjonovich ham muammolarni ichiga kirib o‘rganadigan inson ekan. Sportni katta bir samolyotga qiyoslasak, uning eng mayda qismlari nosoz bo‘lsa ham samolyot havoga parvoz qilolmasligi mumkin. Men bu misolni nega keltirib o‘tayapman? Hozirda muammolar eng quyi bo‘g‘inlardan o‘rganilmoqda va ularni bartaraf etish uchun barcha vosita ishga solinmoqda. Bu esa o‘sha men aytib o‘tgan samoletning barcha detallari soz bo‘lishi va u bemalol yuksaklarga parvoz qilishi mumkinligini anglatadi. MOQ Prezidenti ishga shunday tarzda yondoshar ekan.
Olimpiya harakatida barcha sport turlariga birdek e’tibor qaratilishi,bu borada rivojlanish uchun kuchli istak bo‘lishi lozim. Umid Ahmadjonov yig‘ilishlarda muammolarni eng quyi bo‘g‘indan boshlab o‘rganish lozimligini ta’kidlab keladi. To‘qqiz qavatli uyni ham bir qavatli bino uchun mo‘ljallangan poydevor ustiga qurib bo‘lmaydi. U qulab tushadi. Shunday ekan eng avvalo tizimda mustahkam poydevor yaratilayotganligi bizning eng katta yutug‘umiz bo‘layapti.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yangi farmoni, sport tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan harakatlar haqida nimalar deya olasiz?
- Bir joyda to‘xtab qolmayapmiz. Bir necha yil davomida yo‘l qo‘yilgan muammolarga endi boshqacha yo‘nalishda yondoshilmoqda. Yangi farmonda rivojlanishning bosqichlari aniq qilib ko‘rsatib berilgan. Ushbu hujjat asosida yangicha ruxda ishni tashkil etamiz. Olimpiya zaxiralari kollejlari borasida gapiradigan bo‘lsak, bu borada ham islohotlar bo‘lishi lozim edi. Imoratani qurib bitkazgandan so‘ng, uni ora-orada ta’mirlab ham turishimiz lozim. Sport tizimida ham "ta’mirlash ishlari" olib borish, olib borganda ham "kapital ta’mirlash ishlari" tashkil qilinishi kerak edi. Bu juda to‘g‘ri qaror. OZKda o‘qiyotgan sportchi davlatning hisobiga ta’lim olayotganini his qilib turishi lozim. Buni oqlash oson emas. Davlat uning o‘qishi, ovqatlanishi, yashashi, jismoniy tomonlama rivojlanishi uchun mablag‘ ajratar ekan, u ma’naviy tomonlama bunday mas’uliyatni his qilib turishi lozim.
U o‘zining yaxshi natijalari bilan bunday g‘amxo‘rlik va e’tiborga javob qaytara olishi lozim. Ko‘pgina viloyatlardagi OZKda gimnastika bo‘yicha bo‘limlar ochilgan. Ammo, afsuski u yerdagi tizim noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgandi. Ba’zi holatlarda o‘qish uchun noloyiq sportchilar, gimnastikaga umuman aloqasi bo‘lmagan yoshlar ham borligi ko‘zga tashlanardi. Ahir bu o‘z nomi bilan Olimpiya zaxiralari kolleji. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Olimpiya terma jamoasi uchun munosib nomzodlar yetkazib berishi kerak bo‘lgan dargohdir. U yerda o‘qishga noloyiq bo‘lgan o‘quvchilarni ushlab o‘tirish noto‘g‘ri. Yaxshisi bu joyni munosib sportchilarga bo‘shatib berishimiz kerak. Masalan, o‘sha xududda rivojlangan sport turlariga. Bu sport kurashlari, og‘ir atletika, boks, dzyudo yoki boshqa sport turlari bo‘lishi mumkin. Gimnastika rivojlangan, baza va murabbiylar tayyor xududlarga esa biz qo‘shimcha kvotalar so‘radik. Bo‘ to‘g‘ri yo‘nalishdir. Qilinayotgan ishlar albatta o‘z samarasini beradi. Bunga ishonchim komil.
Albatta, yuqori natijalar tezda qo‘lga kiritilmaydi. Ammo, ertami-kechmi bu natija beradi. Biznes bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, buni uzoq muddatga investisiya kiritishga qiyoslasa bo‘ladi. Gimnastika bilan shug‘ullanish besh-olti yoshdan boshlanadi. 12 yoshli qizni sportning ushbu turiga jalb etib, undan natija kutishning imkoni yo‘q. Sportning ushbu turida yoshligida qo‘yilgan ilk qadamlar, orttirilgan malaka va tajriba uzoq yillardan so‘ng o‘z samarasini beradi. Bo‘lg‘usi chempionlar 18 yoshga to‘lgunicha kamida 13 yil davomida uni tarbiyalab boramiz. Olimpiya qo‘mitasining ishga yondoshuvi ham shu tarzda kechmoqda.
- Osiyo miqyosidagi musobaqalarda bizning gimnastikachilar muvaffaqiyatli ishtirok etib keladilar. Qolaversa, Bokudagi Islom birdamlik o‘yinlarida ham ular ajoyib natijalarni qo‘lga kiritdilar. Bunga Anastasiya Serdyukova, Sabina Tashkenbayeva, Nurinisso Usmonovalarning muvaffaqiyatlarini misol qilib keltirishimiz mumkin. Bir savol bizni qiziqtirmoqda. Badiiy gimnastikachilarimiz qachon Olimpiya o‘yinlarida medallar qo‘lga kiritishlari mumkin? Bu qanchalik xaqiqatga yaqin?
- Bunga aniq javob berish juda qiyin. Bizning ham asosiy maqsadimiz Olimpiya o‘yinlarida medallar qo‘lga kiritishdir. Taqqoslash yo‘li bilan sizga misol keltirmoqchiman. 2008 yilda Pekindagi Olimpiya o‘yinlari oldidan sportchimiz Ulyana Trofimova saralash bosqichida muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. Dunyo bo‘yicha faqatgina eng sara 24 nafar badiiy gimnastikachigina Olimpiya o‘yinlariga yo‘l olishi mumkin. O‘shanda u 26-natijani qayd etgan va yakunda yo‘llanmadan quruq qolgandi. 2011 yilgi jahon chempionatida (Olimpiya o‘yinlari uchun lisenzion musoabaqa) 12-o‘rinni egallab, London 2012 Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga ega bo‘lgan. Ana shu tariqa 2012 yilda Buyuk Britaniya poytaxtida Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik ilk badiiy gimnastikachi ushbu nufuzli sport bellashuvlarida qatnashgan.
2016 yilda esa yakkalikdan tashqari, jamoaviy bahslarda ham qizlarimiz yo‘llanmani qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldilar. U yerda faqatgina 12ta o‘rin ajratilgan. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ular dunyoning eng kuchli 12ta terma jamoasi qatoridan o‘rin ola bilganlar. Statistika ham biz rivojlanayotganimizni ko‘rsatib turibdi. Olimpiya o‘yinlarida qachon medal qo‘lga kiritishimiz mumkinligi haqidagi savolingizga esa javob bera olmayman. Chunki, sportning ushbu turida bir narsani oldindan aytish, bashorat qilish qiyin. Bu yerda mayda detallar ham muhim rol o‘ynaydi. Musiqadan tortib mashqlargacha, dasturlar murakkabligidan tortib, uning ijrosigacha, hattoki liboslar ham e’tiborga olinadi.
- Biz o‘zimizning ichki zaxiramiz bilan, qaratilayotgan katta e’tibor orqali Olimpiya o‘yinlari medallariga umid qilishimiz mumkinmi? Yoki baribir xorijiy malakali murabbiylarni jalb etishimiz kerak bo‘ladimi?
- Hukumat tomonidan gimnastikani rivojlantirish uchun katta ishlar qilinmoqda. Sportning istalgan yo‘nalishida xalqaro munosabatlarsiz, tajriba almashinuvlarisiz muvaffaqiyatlarga erishishning imkoni yo‘q. Buning uchun albatta xalqaro ekspertlar, tajribali mutaxassislar bilan ishlash lozim. Bugungi kunda federasiyamizda bu borada ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Rossiya gimnastika federasiyasi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelamiz. Tashkilot prezidenti Irina Viner ham O‘zbekiston o‘z uyi ekanligini ta’kidlab keladi. U bizning gimnastikachilarimizni nomma-nom juda yaxshi biladi. Irina Aleksandrovnaning bevosita yordami bilan Rossiyada faoliyat ko‘rsatayotgan dunyodagi eng kuchli gimnastika markazi mutaxassislari, xoreograflar, murabbiylar mamlakatimizga kelib, mashg‘ulotlar, seminarlar o‘tkazib turishibdi.
- Afsonaviy sportchimiz Oksana Chusovitina haqida so‘ramoqchi edim. U o‘tgan yili Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish bo‘yicha "Ginnes rekordlari" kitobiga kiritildi. Shuningdek, jahon gimnatikasining Shon-sharaf zaliga kiritildi. U keyingi Olimpiya o‘yinlarida ham ishtirok etmoqchi. O‘zbekiston gimnastika federasiyasida kelajakda uning boy tajribasidan foydalanishni, murabbiy sifatida hamkorlik olib borish rejasi bormi?
- Shubhasiz, bizga bunday tajribali inson juda kerak. Ammo, uning qanday murabbiy ekanligini tajriba, amaliyot ko‘rsatib beradi. Yaxshi sportchi har doim ham kuchli murabbiy bo‘lavermaydi. Yoki aksincha, kuchli murabbiy o‘z vaqtida oddiy sportchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Kelajakda, Oksanani o‘z federasiyamizda bosh murabbiy sifatida bo‘lmasa ham, kamida ekspert murabbiy sifatida ko‘ryapmiz va kelajakda uning boy tajribasidan foydalanmoqchimiz.
Statistika bo‘yicha amerika futboli, regbi yoki boshqa sport turlari emas, sport gimnastikasi eng ko‘p jarohat olinadigan sport turi sifatida qayd etiladi. Bu sportda juda katta tezlikda harakat qilinadi. Ba’zi holatlarda miya bu harakatlarni ilg‘amay qoladi. Shu sababdan ham qizaloqlarni besh yoshidan boshlab mashg‘ulotlarga jalb etib, ularni bunga tayyorlab boramiz. Bu borada shuningdek, sportchining ruxiy tayyorgarligi ham katta rol o‘ynaydi. Riodagi Olimpiya o‘yinlarida ham fransiyalik sportchining qanday jarohat olganini minglab muxlislar ko‘rdi. Sportda bunday holatlar ham bo‘lib turadi. Bu juda og‘ir. Shu sababdan, tajribali Oksana Chusovitinadan bu borada katta yordam kerak bo‘ladi. Ruxiy tayyorgarlik, jarohatlarni chetlab o‘tish, qiyin mashqlarni bajarish borasida uning yordami bizga as qotadi. U kamida maslahatchi, yoki murabbiy sifatida bizga yordam beradi.
- Bu yil bizni oldinda ikkita muhim musobaqa kutib turibdi. Birinchisi albatta Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlari. Shuningdek, Argentinada o‘tkaziladigan III o‘smirlar Olimpiya o‘yinlaridir. Bu muhim musobaqalarga terma jamoamiz qay tarzda tayyorlanmoqda? Rejalar, maqsadlar qanday?
- Men bashorat qila olmayman. Irimga ham ishonmayman. Ammo doimo shunday deyman: "Xudo xohlasa!". Barchasi sportchilarimizning sog‘lig‘iga bog‘liq. Ularning yaxshi ishtirok etishlari uchun kerakli shart-sharoitlar hukumat, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, federasiya tomonidan yaratib berilgan. Endi faqat mehnat qilish, mashqlarni yaxshi o‘zlashtirish va sog‘liq kerak. Bu eng muhimi. Biz o‘yinlarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqchimiz.
- Sizga katta rahmat. O‘z o‘rnida, biz Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan, sportchilarimizga, gimnastika federasiyasiga omad va zafarlar tilab qolamiz.
Zafar Imomxo‘jayev suhbatlashdi