- Balandparvoz gaplar odamlarga yoqmaydi. Xalqimiz kutishdan charchadi va o‘zgarishlar bugun bo‘lishini istamoqda. Asosiy vazifamiz - odamlarni rozi qilish!
Yuqoridagi mazmun Prezidentimiz - Shavkat Mirziyoyevning faollar bilan uchrashuvlarda so‘zlayotgan nutqlari pafosini belgilaydi. Mamlakatimiz rahbari Samarqand viloyatiga navbatdagi safari chog‘ida ham bu fikrni qayta-qayta ta’kidladi.
Muhtaram muxlis! Sezib turganingizdek, biz shunday talab va da’vat milliy terma jamoamizga ham taalluqli ekaniga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.
Ha, futbolimizning hozirgi rahbariyatiga islohotlarni amalga oshirish oson kechmaydi. Chunki vaqt kutib turmaydi. Islohotlar jarayonida terma jamoalarimiz xalqaro uchrashuvlarda maydonga tushadilar. Vaziyatning murakkabligi shunda.
Amalga oshirilayotgan islohotlarning ma’lum bosqichi yakunlanmasdanoq futbolchilarimiz raqiblariga qarshi chinakamiga ter to‘kib to‘p surishlariga to‘g‘ri keladi. Aslida maydonda borini berish - islohotlarning boshlanishi. Negaki, muxlislarni shu paytga qadar asosan, futbolchilarda javobgarlik tuyg‘usining yetishmasligi ko‘proq bezovtalantirgan.
Terma jamoamiz maydonda jonini jabborga berib o‘ynasa va mag‘lubiyatga uchrasa, muxlis bir-ikki kayfiyatsiz yuradi, xolos. Keyin hammasini unutadi va yana yangi g‘alabalarga umid bog‘laydi. Ammo «o‘lik» o‘yinlar va hatto bu kabi o‘yinlardagi g‘alabalar muxlislarni quvontirmaydi.
Fakt shuki, himoyaviy uslub - raqibdan hadiksirash va haddan ziyod ehtiyotkorlikning natijasi. To‘g‘ri, jahonning eng kuchli terma jamoalari ham goho shunday uslubni tanlashadi va bu hol ko‘proq yirik turnirlardagi final uchrashuvlarida ko‘zga tashlanadi. Lekin har bir uchrashuvga final kabi yondashuv va futbolni asabiylik o‘yiniga aylantirib yuborish muxlislarga yoqmaydi.
Shu ma’noda raqibdan cho‘chimaslik, mardonavorlik va doimiy kurashchanlik muxlislarni stadionlarga boshlovchi asosiy omil hisoblanadi. Albatta, bu xulosa olamshumol yangilik emasligi barchaga ayon. Biroq barchaga ayon mana shu haqiqatni tan olmaslik futbolimizni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydi.
Bugun futbolimiz boshi berk ko‘chadan chiqib, yangi va ravon yo‘llar sari yuz burmoqda. Shunisiga ham shukr. Faqat bir jihat ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda: tajribali futbolchilar o‘yin uslubida hamon o‘sha eski qoliplar ta’siri saqlanib qolmaganmi?
Tarkibiga tajribali futbolchilar jamlangan «Lokomotiv» o‘yinida shiddatkorlik yetishmayotgani ana o‘sha eskicha yondashuv ta’siri emasmi va bu salbiy ko‘rinish «temiryo‘lchilar» tarkibidan chorlangan futbolchilar orqali terma jamoamizning buginiga ham ko‘chib o‘tmaydimi?
Tajribali futbolchilar endi avvalgidek o‘ynab bo‘lmasligini, terma jamoaga javobgarlik muhiti hukm suradigan oila sifatida qarash lozimligini tushunib yetishganmi?
Murabbiylar shtabi terma jamoamizda qanday yangi uslubni shakllantirish ustida bosh qotirishmoqda? Ular Afrika futboliga xos tezkor va driblinglarga boy uslub qarshisida dovdirab qolishmaydimi?
Xullas, savollar ko‘p, saboqlar yetarli raqobatbardosh mahorat va saviya ham mavjud futbolchilarimizda. Endi muxlislarga hozirgacha ko‘rmagan, topolmagan O‘YIN bo‘lsa, bas!
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.