Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Boshqacha formatga ehtiyoj yoxud Pro-liga nima uchun o‘zgartirildi

Boshqacha formatga ehtiyoj yoxud Pro-liga nima uchun o‘zgartirildi

Baho:
+ | -

Rejaga muvofiq, Pro-liga o‘tgan hafta start olishi kerak edi. Ammo so‘nggi pallada turnir uchun yangi format tanlandi.

Xullas, PFL nufuzi jihatidan Superligadan keyingi o‘rinda turuvchi Pro-ligani o‘tkazish tartibini butunlay  o‘zgartirdi. Bu haqdagi qaror O‘FA Ijroiy qo‘mitasi Byurosi tomonidan qabul qilindi. Vaholanki, Pro-liganing yangi mavsumida 16ta jamoa ishtirok etishi belgilangan va musobaqa taqvimi ham tasdiqlangan edi.

Xullas, 25 mart kuniga yo‘lga chiqishi rejalashtirilgan turnir starti yangi formatga ehtiyoj kuchliligi sabab, ortga surildi. Chunonchi, yaxlit format va taqvim tasdiqlanganidan keyin ham bir qator klublar PFLga murojaat bilan chiqishda davom etdi.

Yakunda Ijroqo‘m a’zolari mamlakat futboli rivoji yo‘lida takliflarga ijobiy javob qaytarishni lozim topishdi.

Nega shunday bo‘ldi?

Buning bir qator sabablari bor. Shulardan birinchisi - futbolga o‘z sarmoyasini kiritishni niyat qilgan xususiy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashdir. To‘g‘ri, ayni holatda ularning birdaniga superklublarga asos solishlari qiyin.

Biroq O‘FA futbol taraqqiyotida muhim faktorlardan biri hisoblangan klublarni xususiylashtirish masalasini bir chetda qoldirolmaydi. Ya’ni xususiy klublarga bosqichma-bosqich rivojlanish uchun imkoniyat beradi.

Ikkinchidan, Superliga tarkibi 12 jamoaga qisqartirildi. Bu bilan elitada to‘p suradigan futbolchilarning umumiy soni ham keskin kamaydi. Natijada oliy divizionda o‘ynashni xohlaydigan futbolchilar o‘rtasida raqobat oshdi.

Endi raqobatda imkoniyatni boy bergan o‘yinchilar qo‘nim topishlari mumkin bo‘lgan qo‘shimcha ob’ektlarga ehtiyoj bor. Pro-liga esa bu borada futbolchilarga imkoniyat taqdim etadigan sahnadir.

Uchinchidan, futbol hamisha avvalo, muxlislar uchun o‘ynaladi. Shuningdek, Pro-ligada ishtirok etishni ko‘zlayotgan ba’zi klublar muxlislaridan O‘FAga doimiy ravishda murojaatlar kelib tushadi. Bu esa ma’lum shahar yoki tuman rahbariyatini harakatga keltiradi. Shu tariqa mutasaddilarda ham futbol rivojiga hissa qo‘shish fikri tug‘iladi.

Jamoalar soni nechta?

Superligaga yo‘llanma beruvchi divizionda farm-klublarning ishtirok etishi mantiqqa biroz to‘g‘ri kelmasdi. Shu holat hamda klublarning iltimoslari inobatga olinib, «Bunyodkor» va «Paxtakor» o‘rinbosarlari  jamoalari Pro-liga ro‘yxatidan o‘chirildi.

Aksincha, yaxshi niyat bilan katta futbolga yuzlanishga chog‘langan «Xotira-79», «Nurafshon-S», «Labsa» va «Sherdor» jamoalariga turnir ishtirokchilari qatoridan joy berildi. Natijada Pro-liga tarkibi 18ta klubga yetdi.

Klublar reytingi

Pro-liga klublarini musobaqaga qo‘yish oldidan PFL komissiyasi ularda mavjud infratuzilma bilan tanishib chiqqan. Tabiiyki, tashkilot tomonidan qo‘yilgan talablarga ayrim klublar javob beradi, ba’zilariga esa vaqt kerak.

O‘z-o‘zidan tushunarliki, o‘sha klublarnigina olib qolib, qolganlarga javob berish yuqorida sanab o‘tilgan faktorlarga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning barobarida PFL o‘z talablarida qat’iy turdi.

Ya’ni Pro-ligada o‘ynashni xohlaydigan klublarning bugungi holatidan kelib chiqib, ular ikki zonaga ajratildi. Oddiy aytganda, oldinga intilayotgan klublarga ham imkoniyat berildi.

«Pro A»

«Andijon» (Andijon)

«Dinamo» (Samarqand)

«Istiqlol» (Farg‘ona)

«Mash’al» (Qashqadaryo)

«Orol» (Qoraqalpog‘iston)

«Surxon» (Surxondaryo)

«Sho‘rtan» (Qashqadaryo)

«Xorazm» (Xorazm)

«Norin» (Namangan)

«Pro V»

«Iftixor» (YOshlar ittifoqi jamoasi)

«Yozyovon» (Farg‘ona)

«Zomin» (Jizzax)

«Labsa» (Buxoro)

«Lokomotiv-BFK» (Toshkent)

 «Nurafshon-S» (Toshkent viloyati)

«G‘ijduvon» (Buxoro)

«Sherdor» (Samarqand)

«Xotira-79» (Namangan)

PFL jamoalarni guruhga ajratishda ulardagi moddiy-texnika bazasi masalasini birinchi o‘ringa qo‘ydi. Reytingga ko‘ra, saralangan 9ta jamoa «Pro A»ga olingan bo‘lsada, «Pro V» ishtirokchilarida ham nazariy jihatdan Superliga yo‘llanmasi uchun kurashish imkoniyati bor. Biroq bunda asosiy shart - Pro-ligada yetakchi bo‘lishgina emas, balki infratuzilmani talab darajasiga olib chiqish ham. Chunki Superliganing talablari yuqori ekanligi barchaga ma’lum.

PFL umumiy vaziyatni yaxshilash uchun 2020 yilgacha mo‘ljallangan kichik dastur ishlab chiqadi. Shu asnoda klublar yilning to‘rt choragida nazorat qilib boriladi.

Xullas, moddiy-texnika bazasi talab darajasida bo‘lmagan klublar Pro-ligaga qo‘yilgani bilan infratuzilma masalasida jiddiy ishlashi shart. Bu jamoalar mablag‘ jihatidan Superliga vakillari bilan raqobatlasholmasa-da, 2-3 yil ichida maydon, baza va futbol maktabini PFLning minimum talablariga muvofiqlashtirishi kerak.

Vaqti kelib ularning stadioniga mamlakatning eng kuchli klublari hech bir e’tirozsiz borishi lozim. Shundan kelib chiqib, infratuzilma bosqichma-bosqich rivojlanadi. Agar har chorak tekshiruvidan keyin klublar nazoratdan o‘tolmasa, ularga nisbatan sanksiyalar belgilanadi (umuman ishlamayotgan klublar Pro-ligadan chetlashtiriladi).

Bunda bir narsani tushunish lozim. Hozirgi holatda chempionlik uchun kurashadigan jamoaga pul sarf-lab, infratuzilmani tashlab qo‘yishda ma’ni yo‘q.

Chunki Superliganing talabi doimo yuqori bo‘lib qolaveradi. Shundan kelib chiqib, asosiy e’tibor infratuzilmaga qaratilishi mantiqliroq. O‘FA esa faqatgina shu shart bilan talabgor klublarga Pro-liga eshiklarini ochdi.

Format Qanday?

Rejaga ko‘ra, har ikki guruh jamoalari to‘rt davrali (2ta o‘z maydoni va 2ta safarda) tizim bo‘yicha bahslashadi - jami 32ta tur. Yakunda «Pro A» yetakchisi Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

Shu guruhning 2 va 3-jamoalari esa «Pro V»da mos ravishda 2 va 1-o‘rinlarni egallagan klublarga qarshi o‘tish o‘yinlarida ishtirok etadi. G‘oliblar Superligada 10 va 11-o‘rinlarni band etgan klublarga qarshi yana «pley-off» o‘yini o‘tkazadi.  

Eslatma: mavsum davomida qaysi zonada o‘ynashidan qat’iy nazar, biror jamoa yarim yo‘lda turnirdan chiqib ketsa, 2019 yilgi chempionatda ishtirok etish huquqidan mahrum qilinishi mumkin (bu masala O‘FA Ijroiy qo‘mitasi Byurosi tomonidan alohida ko‘rib chiqiladi).

Xulosa

O‘FA barcha uchun imkoniyat eshiklarini ochishga qaror qildi. 2018 yilgi mavsum Pro-liga talabida bo‘lgan klublarning haqiqiy imkoniyatini ko‘rsatib beradi va kelgusi rejalar hamda format shuning asosida tuziladi.

PFL Superligasi hamda Pro-liga o‘yinlari bir vaqtda tugashi masalasini inobatga oladi. Bu ikki liga vakillari o‘rtasidagi o‘tish o‘yinlari oldidan jamoalarning jismoniy imkoniyatlarini tenglashtiradi.

Aytgancha, PFL O‘zbekiston kubogi formatini o‘zgartirish masalasini ham ko‘rib chiqdi. Bu borada ham yangiliklar katta. Muhimi, Pro-liganing barcha ishtirokchilarida O‘zbekiston kubogida ishtirok etish imkoniyati bor.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 21:40, 28.03.2018.
O'qildi: 3874 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.