Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Angliyalik «Simyog‘och»ni taniysizmi?

Angliyalik «Simyog‘och»ni taniysizmi?

Baho:
+ | -

«Arsenal» vakillari 4 mart kuni debyutant - «Brayton»ga qarshi bahsda bir yarim soat tinmay yugurishdi, hujum ortidan hujum uyushtirishdi. Biroq bu harakatlar atigi 1ta golga yaradi, xolos.

Boz ustiga, gabonlik Pyer-Emerik Obameyangning goli «to‘pchilar»ga zavq ulashgani yo‘q. Gap shundaki, «Brayton» bungacha Lyuis Dank hamda Glenn Myurreyning aniq zarbalari evaziga hisobda oldinga chiqib olgandi.

Ulardan ikkinchisi o‘yin qahramoni sifatida tan olindi. Xullas, bu safar aynan angliyalik Glenn Myurrey haqida hikoya qilamiz.

*****

34 yoshli faxriy hujumchining tashqi ko‘rinishiga qarasangiz, shiddatli ish haftasidan so‘ng o‘lguday charchagan kishini ko‘rasiz. Biroq bu aldamchi taassurot. Avvalo, ahamiyatli faktga diqqat qiling: Glenn - APL debyutantining asosiy to‘purari. Deylik, joriy mavsum chempionat doirasidagi o‘yinlarning o‘zida 11ta gol urdi.

Xususan, yangi yildan keyin barcha turnirlarda raqiblar darvozabonlarini naq 8 marta ranjitdi. Oddiy aytganda, qahramonimiz hozirda Aleksandr Lakazett va Alvaro Moratadek qimmatbaho ampluadoshlaridan ancha samarali to‘p surmoqda. 

«Gol urgan chog‘ing ajib bir lazzatni tuyasanki, buni hech narsaga tenglashtirib bo‘lmaydi. Bu - qiyosi yo‘q maroq. Misol uchun, barcha futbolchilar jarima maydoni tomon yugurib, o‘zlarini xuddi ming-minglab muxlislar ko‘z o‘ngida gol urgandek his qilishadi. Aslida esa bu ishni men bajargan bo‘laman» - Myurrey o‘z faoliyatida tez-tez yuz berayotgan voqeani shunday izohlaydi.

Yanvardan keyingi davrni olsak, Angliya futbolida faqatgina Muhammad Saloh va Serxio Aguero kamtarin «Brayton» yetakchisidan yaxshiroq ko‘rsatkich qayd etishdi. Oddiy aytganda, Myurrey - APLning 2018 yilgi angliyalik eng yaxshi to‘purari!

O‘zi kamtarin jamoada to‘p suradigan futbolchining eng nufuzli chempionatda 10tadan ko‘p gol urishi - kamyob hodisa. Qolaversa, musobaqa hali poyoniga yetgani yo‘q. Shunday ekan, Glenn mahsuldorlik bobida yanada yuksakroq natijaga erishish imkoniyatiga ega. Chunki u o‘ta tirishqoq faxriylar sirasiga kiradi. 

*****

Myurrey faoliyatining ilk yillari to‘rtinchi divizion vakili - «Karlayl Yunayted» bilan shartnoma tuzishga rosa uringan, ammo klub rahbariyatidan 2 marta oshkora rad javobini olgandi. Shuning natijasidami, futboldan ko‘ngli qolib, butsalarini mixga ilish haqida o‘yladi.

Lekin tez orada tushunarsiz tushkunlikni bir chetga uloqtirib, AQSHga yo‘l oldi. Aniqrog‘i, Professional liga ishtirokchisi - «Velmington Xammerxeds» jamoasida professional futbolchi bo‘lish orzusini ro‘yobga chiqarish harakatini boshladi. Muhimi, Glenn okean ortida chakki o‘ynamadi va 3ta gol urgan, ma’lum tajriba to‘plagan o‘yinchi sifatida Angliyaga qaytdi.

Nihoyat, uchinchi urinishi samara berib, «Karlayn» safidan joy oldi. To‘g‘ri, jamoa shundan keyin ham Glenni 2 marta boshqa klublarga yubordi - ijara kelishuvi. Boz ustiga, oxir-oqibat, futbolchi bilan aloqani butunlay uzdi. Mutasaddilar biroz beso‘naqay, lapashangdek ko‘rinadigan yigitchadan saviyali futbolchi chiqishiga ishonmagandilar.

«Tan olaman, vaqtida 2 marta futboldan batamom ko‘ngil uzish xususida jiddiy bosh qotirganman. Chunki menga nisbatan munosabat ta’sirida o‘ynash va ishlashga qiziqishim deyarli so‘ngandi.

Faqat avtomobilda stadion sari uzoq yo‘l bosganim va mashg‘ulotlar yodimda qolgan, xolos. Zero, o‘sha payt hech kim bilan gaplashmasdim, shunchaki, tushkun kayfiyatda jahl bilan mashq qilardim», - deya eslaydi hujumchi faoliyatining ilk bosqichini.

*****

Aslida Myurrey butun faoliyati davomida gol urishda uncha qiynalmagan, ammo elit divizionda bu ishni birdaniga qoyillatolmadi. Hujumchi xususan, «Brayton» safida ham risoladagidek sermahsullik namoyish etgan, faqat uchinchi divizionda. Xullas, u kamtarin jamoalar o‘rtasidagi musobaqalarda yetarlicha gol urgan.

Bundan 4 yil oldin esa hujumchi «Kristal Pelas»ni kuchlilar safiga chiqishi yo‘lida bor mahoratini ishga soldi. Lekin «pley-off» bahslarida tizzasi jarohatlandi va hal qiluvchi uchrashuvda jamoasiga yordam berolmadi.

Shundan so‘ng fevralda safga qaytdiyu, tezda yana Chempionshipga qaytdi. Hujumchi bu safar ijara shartnomasi asosida «Reding» sharafini himoya qila boshladi. Aytishlaricha, Myurrey «Pelas»ning adolatsiz munosabatini hozirgacha unutolmagan. «Burgutlar» yaqinda «MYU»ga qarshi uchrashuvda 2ta gol farqi bilan oldinda borayotib, yakunda mag‘lubiyatni tan olishdi - 2:3.

Natijada Myurrey irodali g‘alabani o‘zgacha nishonlagan Gari Nevillning ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan barcha izohlariga «ma’qul» belgisini bosib chiqdi. Tabiiyki, hujumchi bu bilan londonlik muxlislar g‘azabini qo‘zg‘atdi.

*****

Futbolchining «Bornmut» bilan APL sahnasida bosh ko‘tarishga ilk urinishi aytarli samara bermadi. O‘shanda «Pelas» uni «Reding»dan qaytarib, «Bornmut»ga «qarz» sifatida yuborgandi. Garchi Glenn «Chelsi» darvozasiga jamoaning g‘alaba to‘pini yo‘llagan bo‘lsada, bosh murabbiy Eddi Xau unga muntazam ravishda maydonga tushish imkoniyatini bermadi.

Qisqasi, ijarachi-hujumchi «Brayton»ning atigi 2ta o‘yinida ishtirok etdi. Mana, nihoyat, ikkinchi qaytishida o‘zini chinakamiga ko‘rsata boshladi. Qizig‘i shundaki, «Brayton» vaqtida Chempionshipning «pley-off» bosqichida aynan «Kristal Pelas»ga imkoniyatni boy bergandi.

O‘shanda Glenn o‘yin qahramoniga aylanib, sobiq jamoasining ashaddiy raqibi dushmani maqomini olgandi. Umuman, Myurrey joriy mavsum faoliyatidagi eng shiddatli o‘sishni qayd etishi mumkin - shu paytga qadar o‘rtacha hisobda har 2ta uchrashuvda 1tadan gol urgan hujumchi shaxsiy ko‘rsatkichini yaxshilash imkoniyatiga ega.

To‘g‘ri, u oldin ham o‘rtacha hisobda har 187 daqiqada gol quvonchini tuyishga erishgan. 2012|2013 yillar mavsumida esa «Pelas» safida to‘p surib, Chempionship rekordini o‘rnatgandi.

*****

Xo‘sh, endi nima o‘zgardi? Shu paytgacha «Karlayl», «Rochdeyl» kabi «mitti» jamoalarda o‘ynab kelgan hujumchi qanday qilib faoliyatining so‘nggi bosqichida Garet Sautgeyt boshqarayotgan Angliya milliy jamoasi tarkibida Rossiya mundialida qatnashishga da’vogarlik qilmoqda?

«Agar 10 yosh kichikroq bo‘lganingizda, hozirgiga nisbatan yaxshiroq o‘ynay olarmidingiz?» qabilidagi savolga Glenn quyidagicha javob qaytardi: «Yo‘q, menimcha, aynan hozir ishonchliroq to‘p suryapman. Haqiqat shuki, yillar davomida ijobiy xususiyatlarimdan samaraliroq foydalanishni o‘rgandim.

Ortda qolgan faoliyatimdan aslo afsuslanmayman. Qaysidir murabbiy qadrimga yetadi, boshqasi esa yo‘q - hayotning oddiy qoidasi shunaqa». Xullas, faoliyatidagi qiyinchilik va muvaffaqiyatlarga faylasuflarga xos yondashadigan Myurrey o‘ziga nisbatan talabchanlikni sira pasaytirmaydi.

Asosiysi, joriy mavsum  «Liverpul», «Arsenal», hattoki, uni «brak»ka chiqargan «Kristal Pelas»ni ham gol bilan jazolagan hujumchi go‘yoki, hech narsa bo‘lmagandek kamtarlik bilan to‘p surmoqda. Glenning eng ustun jihatlari - bosh bilan samarali o‘ynash, qulay pozisiya tanlash va jarima maydonchasida mo‘ljaldan adashmaslik.

Ha, u qandaydir o‘zgacha, boshqa kasbdoshlarida uchramaydigan fazilatlarga ega emas. Shunchaki, zimmasidagi vazifalarni imkon qadar mukammal darajada ado etishga urinadi. Bu toifadagi futbolchilarga ehtiyoj doimo baland.

Chunki ular bor joyda gol uzoq kuttirib qo‘ymaydi. Angliyalik hujumchining o‘zi misol tariqasida Olivye Jiru va Piter Krauchni tilga oladi: «Fransiya vakili «Arsenal»ning foydali o‘yinchilaridan biri edi. Lekin hech qachon yetarli darajada e’tirofga loyiq ko‘rilmagan. Krauch esa 37 yoshida ham APL a’zolarini gol bilan jazolashni uddalamoqda».

Mana shu namuna Myurreyga yana bir necha mavsum yuksak saviyada to‘p surish umidini bag‘ishlamoqda. «Brayton» ayni payt APL turnir jadvalida 11-pog‘onani band etib turibdi. Lekin «qora chiziq» - xavfli hududdagi jamoa bilan o‘rtadagi farq atigi 7 ochko, xolos. Shu bois, Myurrey barcha sheriklari qatori xotirjamlikka berilmasligi kerak.

Boz ustiga, u bunday ishonchli mavsumni juda uzoq kutdi. Demak, «Temirni qizig‘ida bos» maqoliga amal qilib, iloji boricha yuqoriroqqa ko‘tarilish haqida o‘ylashi kerak.

Bundan 2 yilcha avval sohilliklarning APLga chiqishlari uchun atigi 1 ochko yetmay qolgandi. Endi esa jamoa elita sur’atiga moslashib, eng kuchlilar muhitiga ko‘nikish tadorigini ko‘rmoqda.

*****

Tabiiyki, maydonda oyoqlaridan ko‘ra, boshi bilan samaraliroq o‘ynaydigan hujumchining muvaffaqiyati avvalo, jamoadoshlari bilan til topishishi va ularning beminnat yordamlariga bog‘liq. Hozircha hammasi Myurreyning ko‘nglidagidek - «Brayton» Paskal Gros va Xose Eskyerdo kabi ajoyib ta’minotchilarni o‘z safiga qo‘shib oldi.

So‘nggi oylarda aynan shu futbolchilar «simyog‘och»ni o‘z vaqtida zarba yo‘liga olib chiqishmoqda. APLdagi sermahsul mavsum Glennga tasavvur qilish qiyin sanalgan orzu - Angliya terma jamoasi safida Rossiya mundialida ishtirok etish umidini bermoqda. «Bu men uchun ulkan muvaffaqiyat bo‘lardi.

Terma safidan joy olishim mumkinligi haqidagi matbuot xabarlari va muxlislar o‘rtasidagi gap-so‘zlarni eshitish yoqimli, albatta. Lekin asosiy maqsadim - «Brayton»ni elitada qolishiga qo‘ldan kelgancha yordam berish. Buning uchun imkon qadar ko‘proq gol urishim kerak.

Qolgani esa o‘z-o‘zidan rivojlanaveradi, xususan, terma jamoa murabbiylari nazariga tushish masalasi ham», - deydi hujumchi. Darhaqiqat, yaqin-yaqingacha bu o‘yinchining Angliya milliy jamoasi tarkibidan joy olishi hech kimning xayoliga ham kelmagandi. Chunonchi, Glenn loaqal yoshlar terma jamoasida ham biror marta to‘p surmagan.

Lekin Garri Keyn va Daniel Starrijning jarohatlanishgani natijasida joriy mavsum kashfiyoti asosiy nomzodlar qatoriga qo‘shildi. Yo‘q, hozirda Myurreyning JCH-2018da ishtirok etishi, loaqal zaxiradan maydonga tushishi fantastika emas.

Faxriy hujumchi buning uchun mavsumning yakuniy qismida mahsuldorlikni birozgina oshirish asnosida Garet Sautgeyt ishonchiga kirsa, bas.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 13:16, 02.04.2018.
O'qildi: 6929 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.