Kirish Ro'yxatdan o'tish
13/06 20:00 Dinamo 0-1 Olimpik
14/06 23:59 Germaniya - Shotlandiya
15/06 18:00 Vengriya - Shveysariya
15/06 21:00 Ispaniya - Xorvatiya
15/06 23:59 Italiya - Albaniya

Buffon uchun qo‘rqinchli kecha. Ronaldu «Real»ni yarim finalga olib chiqdi

Buffon uchun qo‘rqinchli kecha. Ronaldu «Real»ni yarim finalga olib chiqdi

Baho:
+ | -

«Real» Chempionlar ligasining chorak finali birinchi uchrashuvida «Yuventus»ni tor-mor keltirdi. O‘yindagi ikki gol Krishtianu Ronaldu tomonidan urildi, gollardan birini muxlislar uzoq vaqt eslab yuradigan bo‘lishdi, u qaychi uslubida Buffon darvozasini yana bir bor ishg‘ol etdi.

«Yuventus» - «Real» - 0:3 (0:1)
Gollar: Krishtianu Ronaldu, 3 (0:1). Krishtianu Ronaldu, 64 (0:2). Marselu, 72 (0:3).
«Yuventus» (Turin): Buffon, De Shilyo, Barsali, Kyellini, Asamoa (Matyuidi, 69), Duglas Kosta (Mandjukich, 69), Bentankur, Xedira (Kuadrado, 75), Dibala, Sandru, Iguain.
«Real» (Madrid): Navas, Karvaxal, Serxio Ramos, Varan, Marselu, Kazemiru, Kroos, Modrich (Kovachich, 82), Isko (Asensio, 75), Krishtianu Ronaldu, Benzema (Vaskes, 59).
Ogohlantirishlar: Bentankur, 27. Dibala, 45. Serxio Ramos, 55. Kovachich, 88.
Chetlatish: Dibala, 66.
Hakam: Junayt Chaqir (Turkiya).
3 aprel. Turin. «Allyans Stedium».
Javob o‘yini - 11 aprel.

Orzumi yoki maqsad?

O‘tgan yilning kuzida «Barselona»ga qarshi o‘yindan keyin bergan intervyusida «Yuventus» jamoasi bosh murabbiyi Massimiliano Allegri shunday degandi: «Chempionlar ligasidagi g‘alaba maqsad bo‘lolmaydi. Buni faqat orzu qilish mumkin». Ehtimol faqat orzu bilan kifoyalangani uchun turinliklar o‘shanda «Kamp Nou»da 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lishgandir. Xuddi oxirgi 3 yilda Chempionlar ligasining ikki finalida bo‘lgani kabi. «Shalpangquloq» kubok ham orzu qiladigan, ham maqsad qiladiganlarniki bo‘ladi.

Jijining 14 mavsumi

Eng orzumand kishi esa Jan Luiji Buffon bo‘lib qolaveradi. 40 yoshga chiqqan italiyalik darvozabon uchun bu faoliyatida Chempionlar ligasidagi 14-mavsum bo‘ldi. U jamoasi bilan o‘tgan davr ichida 3 marta turnir finaliga chiqdi va har safar orzusiga yetisha olmadi. Bu mavsum uning futbolchilik faoliyatidagi oxirgisi edi, u yozda qo‘lqoplarini yechib, faoliyatini yakunlaydi.

Ronalduning rekordi

Buffon oxirgi imkondan foydalanishi uchun uning jamoadoshlari Krishtianu Ronalduni to‘xtatishi talab etilardi. Zidan bu o‘yinga ham o‘tgan mavsum finalida «Yuventus»ga qarshi o‘ynagan va 4:1 hisobida g‘alaba qozongan tarkibni to‘liq (11 futbolchi ham almashmasdan) tushirdi. Bu safar ham yirik g‘alaba va 12-«shalpangquloq» kubok sari katta qadam tashlandi. Argentinaga qarshi o‘yinda fantastik harakatlarni amalga oshirgan va het-trik muallifi bo‘lgan Iskoga Zidan ishonch bildirdi (u bu mavsumda «Qirollik klubi»ning asosiy tarkibidan joy ololmayotgandi). Aynan Isko o‘yindagi birinchi o‘yinni yaratdi: uchinchi daqiqada u Marseloning pasiga ochildi va qanotdan jarima maydoniga to‘pni uzatdi, bu to‘p Ronaldu oyoqlaridan darvozaga borib tushdi. Bu gol - portugaliyalik futbolchining navbatdagi rekordi edi, u Chempionlar ligasida qatorasiga o‘ninchi o‘yinda gol urgan ilk futbolchiga aylandi.

Kroosning zarbasi

O‘tkazib yuborilgan gol mezbonlarni Turinda o‘yin boshlanishi arafasida yog‘ishni boshlagan aprel yomg‘iridan ko‘ra ko‘proq ivitdi. «Yuve» faqat birinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib o‘ziga kela boshladi va bir qancha xavfli hujumlar uyushtirildi, ammo Iguainning qaytgan to‘pga bergan Zarbasini Navas bartaraf etdi, Dibalaning barcha urinishlari madridliklarning himoyachilari tomonidan to‘xtatib qolinaverdi. «Real» ortiqcha asabiylashmasdan himoyalandi va birinchi bo‘limni yakunlab qo‘ydi. Vaziyatlardan birida esa ikkinchi gol urilishi ham mumkin edi, ammo Kroosning zarbasi to‘singa tegdi.

Krishtianu ijrosida shedevr

Tanaffus «Yuventus» foydasiga ishlagandek tuyulayotgandi, ikkinchi bo‘limni mezbonlar faol boshlashdi. Dibala jarima zarbasini golga aylantirishiga bir baxya qoldi, maydon egalarining qanotlardan qilgan hujumlari keskinlashdi. Lekin golni yana «Real» urdi. Ronaldu qaychi uslubidagi zarbani qiyomiga yetkazib ijro etdi. O‘yin oldidan Buffonning hayiqqani bejiz emaskan, u yana qancha tunlarni bedor o‘tkazadi.

Yarim final hal

Bu goldan ko‘p o‘tmay, «Yuventus»ga yana bir tashvish keldi, jamoaning asosiy hujumchisi Paulo Dibala 66-daqiqada qizil kartochka oldi va turinliklar o‘yinning qolgan qismini bir kishi kam bo‘lib o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Ko‘p o‘tmasdan Marselo «Yuventus»ni «ko‘mib qo‘ya qoldi» - 3:0.

Ramos bu o‘yinda sariq kartochka ishlab oldi va keyingi o‘yinda ishtirok etmaydigan bo‘ldi. Ammo madridliklar safardan 3ta to‘p farqi ustunligida qaytayotgani hisobga olinsa, javob uchrashuvida mo‘’jiza ro‘y berishini kutish qiyin. Allegri Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lishni orzu qilishda davom etadi, u qachondir orzusiga yetishar, ammo Buffon emas...

Manba: www.kun.uz
Kiritildi: 13:46, 04.04.2018.
O'qildi: 6329 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.