Bugun, 21-avgust kuni Angliya Premyer-ligasining 2026/27-yilgi mavsumiga start beriladi. Yangi chempionatning ilk uchrashuvida amaldagi chempion «Arsenal» Premyer-ligaga qaytgan «Koventri Siti»ni qabul qiladi.
«Emireyts» stadionidagi bahs mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da, Toshkent vaqti bilan esa 22 avgustga o‘tar kechasi soat 00:00 da boshlanadi.
«Arsenal» yangi mavsumni chempionlik maqomida boshlaydi. Londonliklar o‘tgan mavsumda Angliya chempioni bo‘lgan va endi unvonni himoya qilishga harakat qiladi. «Koventri» esa 25 yillik tanaffusdan so‘ng Angliya futboli elitasiga qaytdi.
Jahon chempionati sabab bu yil APL odatdagidan kechroq boshlanmoqda. Liga taqvimi futbolchilarga 2026-yilgi jahon chempionatidan keyin tiklanish uchun ko‘proq vaqt berish maqsadida bir haftaga surilgan. 2026/27-yilgi mavsumning so‘nggi turi 2027-yil 30-may kuni o‘tkaziladi.
Birinchi turning asosiy uchrashuvlaridan yana biri 22-avgust kuni bo‘lib o‘tadi — «Hall Siti» «Manchester Yunayted»ni qabul qiladi. Shu kuni «Everton» — «Kristal Pelas», «Ipsvich» — «Sanderlend», «Nottingem Forest» — «Lids» va «Brentford» — «Tottenhem» bahslari ham o‘tkaziladi.
23-avgust kuni esa «Manchester Siti» «Bornmut» bilan o‘ynaydi. Turning e’tiborli uchrashuvlaridan biri «Nyukasl» va «Liverpul» o‘rtasida kechadi. Birinchi tur 24-avgustdagi «Fulhem» — «Chelsi» bahsi bilan yakunlanadi.
Yangi mavsumda Premyer-ligada an’anaviy ravishda 20 jamoa ishtirok etadi va chempionat 38 turdan iborat bo‘ladi. Jami 380 ta uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.













