Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

14 yil badaliga 12ta klub yoxud qiyosi yo‘q mashhurlik og‘irlik qilgan futbolchi

14 yil badaliga 12ta klub yoxud qiyosi yo‘q mashhurlik og‘irlik qilgan futbolchi

Baho:
+ | -

Zamonaviy futbolda imkoniyati eng bo‘rttirib ko‘rsatilgan o‘yinchi kim? Uni ko‘pchilik biladi. Xususan, futbol simulyatorlari va Amerikadagi o‘yinlarni oz-moz kuzatganlar.

Zero, Freddi Adu 14 yoshidayoq MLS tanlovida g‘olib chiqib, butun AQSHga ovoza bo‘lgan, alohida «figura» sifatida gavdalangan edi. Freddi keyinchalik hisobi yo‘q avans va reklamalarga ega bo‘ldi, ammo faqat professional klublarni tez-tez almashtirishi bilangina esda qoldi, xolos.

Adu birgina «Benfika» ixtiyorida ko‘proq muddat ushlanib turdi, ammo Lissabon klubi ham uni asosan doimiy ijara kelishuvlari vositasida «uyg‘otish»ga urindi.

Ammo barchasi behuda - AQSH futboli umida hattoki, Portugaliyada ham hech narsa qilolmadi. Adu hozir 28 yoshda va butsalarini hali mixga ilmoqchi emas.

********

«Las-Vegas Layts» klubi USLdagi debyut mavsumi oldidan o‘z safini Freddi Adu bilan boyitdi. Bu jamoa daraja bo‘yicha MLSdan keyingi o‘rinda turuvchi ligada munosib ishtirok etishni maqsad qilgan. Adu esa 2016 yildan buyon professional futbolda ko‘rinish bermayotgandi.

To‘g‘ri, u bu orada turli xayriya o‘yinlarida qatnashib, gollar urdi. Ehtimol, norasmiy uchrashuvlardagi mazmunli harakatlar ta’sirida o‘z salohiyatiga ishonch hissini qaytargandir. Mana, Freddi 2 haftadan buyon yangi jamoasi mashg‘ulotlarida qatnashmoqda. Vaholanki, uning ko‘rikka chaqirilgani negadir sir tutildi.

Keyin Adu kutilmaganda, o‘zining birinchi sobiq klubi - «Di Si Yunayted»ga qarshi kechgan o‘rtoqlik o‘yini qaydnomasiga kiritildi. Ko‘rinishidan, futbolchining bu galgi urinishi jiddiydek. Har holda, «Las-Vegas Layts» Amerika futbolida katta shov-shuv ko‘tarishga bel bog‘lagan va uni noodatiy hamda istiqbolli klub sifatida qabul qilishmoqda.

********

Aduning o‘zi professional doiraga qaytishi haqida yanvarda so‘z ochgandi. U o‘shanda ijtimoiy tarmoqlarda futbolni hamon yaxshi ko‘rishiyu, hali uzoq vaqt o‘ynashni xohlashini yozgandi. «Las-Vegas Layts»ga kelsak, bu jamoa darhaqiqat, o‘zgacha yo‘ldan bormoqda va istiqboli ham chakki ko‘rinmayapti.

Biroq Adu odatda doimo qandaydir tushunarsiz holatga tushib qolaveradi negadir. Misol uchun, 2017 yilning avgustida qiziq voqelik kuzatilgandi. Polshaning «Sandesya» klubi rahbariyati Freddi Aduni yig‘inga taklif etadi, ammo bosh murabbiy Radoslav Mrochkovski bundan bexabar qoladi.

Tushunarliki, bu faqat marketing manfaatini ko‘zlab chiqarilgan qaror edi. Tabiiyki, rahbarlarning o‘zbilarmonliklari Mrochkovskiga aslo yoqmagan va u e’tiroz bildirishda o‘ta «nordon» iboralardan foydalangandi:

«Jamoaga bunday futbolchini taklif etishdan ma’no nima? Marketing? Unda polshalik fristaylchini ham tarkibga qo‘shib olaveraylik...». Kelishmovchilikning yakuniy natijasi shu bo‘ldiki, Aduni Polsha klubiga qabul qilishmadi.

********

Eng muhimi, «Di Si Yunayted» jabrdiyda futbolchini qo‘llab-quvvatladi. Har holda, Adu professional fao-liyatini ayni shu klubda boshlagandi.

Umuman, Freddi ishlari aslo yurishmagan vaqt doimo shu jamoa vakillaridan yordam so‘raydi. Xususan, oxirgi murojaatdan so‘ng «Di Si Yunayted»ning sobiq fitnes-murabbiyi Adu bilan alohida uchrashdi va uning sport formasini tiklashiga bevosita ko‘maklashdi. Natijada Freddi o‘tgan yilning oktyabr oyida o‘tkazilgan «Afsonalar o‘yini» shousida hattoki, gol urdi.

Biroq tez orada «radar»lar nigohidan yana yo‘qolib qoldi. Aytishlaricha, Adu himoyalanish masalasida mutlaqo noshud, ammo hujum harakatlarida hamon qandaydir hayratlanarli «hunar»lar ko‘rsatishga qodir.

********

Umuman, Adu butun futbolchilik faoliyati davomida ko‘plab voqealar markaziga tushgan. Deylik, 2014 yili «Yagodina» safiga qo‘shildi, ammo biror marta maydonga tushmay turib, ijtimoiy tarmoqlarda Vashingtondagi tungi klublardan birini rosa reklama qildi. Adu juda erta kelgan mashhurlik bosimini ko‘tarolmadi.

«Mashg‘ulotlardan so‘ng butun jamoa bo‘lib, avtobusda Freddini yarim soatcha kutib o‘tirardik. U bu vaqtda bamaylixotir dastxat ulashardi. Yigitchani ayni shunday munosabat butunlay «g‘arq» qildi», - degandi Adu bilan AQSH yoshlar terma jamoasida birga ishlagan murabbiy Tomas Rongen. Ha, birgina mashhurlik evaziga muvaffaqiyatli fao-liyat olib borishning imkoni yo‘q...

Adu 14 yillik faoliyati davomida naq 12ta klub libosini kiyishga ulgurdi.

Jami statistikasi: 198ta o‘yin, 27ta gol.

2004—2006: «Di Si Yunayted» (AQSH) - 87ta o‘yin, 11ta gol

2006—2007: «Real Solt-Leyk» (AQSH) - 11ta o‘yin, 2ta gol

2007—2011: «Benfika» (Portugaliya) - 11ta o‘yin, 2ta gol

2008—2009: «Monako» (Fransiya) - 9ta o‘yin

2009: «Belenensish» (Portugaliya) - 3ta o‘yin

2010: «Aris» (Gresiya) - 9ta o‘yin, 1ta gol

2011: «Rizespor» (Turkiya) - 11ta o‘yin, 4ta gol

2011—2013: «Filadelfiya Yunion» (AQSH) - 35ta o‘yin, 7ta gol

2013: «Baiya» (Braziliya) - 5ta o‘yin

2014: «Yagodina» (Serbiya) - 0

2015: «KuPS» (Finlyandiya) - 5ta o‘yin

2015—2016: «Tampa-Bey Raudis» (AQSH) - 12ta o‘yin

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 17:08, 08.04.2018.
O'qildi: 8391 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.