Kirish Ro'yxatdan o'tish
02/07 00:00 Portugaliya 0-0 Sloveniya
02/07 06:00 AQSh 0-1 Urugvay
02/07 06:00 Boliviya 1-3 Panama
02/07 21:00 Ruminiya 0-3 Niderlandiya
03/07 00:00 Avstriya 1-2 Turkiya
03/07 06:00 Braziliya 1-1 Kolumbiya
03/07 06:00 Kosta-Rika 2-1 Paragvay

AGMK tarixiga nazar: muhim g‘alaba, yubiley gollar, 100ta g‘alaba yo‘li...

AGMK tarixiga nazar: muhim g‘alaba, yubiley gollar, 100ta g‘alaba yo‘li...

Baho:
+ | -

O‘zbekiston chempionati oliy ligasida 2008 yili o‘z ishtirokini boshlagan Olmaliqning AGMK (OTMK, «Olmaliq») klubi Superliga-2018ning  4-turiga kelib yubiley - 100-g‘alabasini nishonladi.

Qarangki, Toshkent viloyati jamoasi o‘ziga xos alohida marrani amaldagi chempionga qarshi bahsda zabt etdi. Ya’ni Viktor Kumikov shogirdlari 31 mart kuni «Lokomotiv»ni qabul qilib, o‘yinning 5-daqiqasida urilgan yagona gol evaziga 3 ochko egasiga aylanishdi.

O‘sha kuni Olmaliqdagi stadionga yig‘ilgan deyarli 8500 muxlis jamoa bosh murabbiyi pragmatik futbolni yaxshi yo‘lga qo‘yganini amalda ko‘rdi. Har holda, Vladimir Bubanya «Loko» kiperi Ignatiy Nesterovning xatosidan foydalanib, hisobni ochgach, mezbonlar qolgan daqiqalarda asosan himoyadagi tartibli harakatlari bilan ajralib turishdi va ijobiy natijani saqlab qolishdi.

Olmaliq rasmiy saytida berilgan uchrashuv sharhida klubning 100ta g‘alabagacha bosib o‘tgan yo‘li haqida alohida ma’lumot berildi.

O‘ylaymizki, qiziqarli faktlarni o‘z ichiga olgan ixcham statistik maqola ko‘pchilikni befarq qoldirmasa kerak.

2008 yil. 1-g‘alaba. Olmaliqliklar oliy ligadagi ilk uchrashuvlaridayoq g‘alabalari hisobini ochishdi. O‘shanda G‘uzorning «Sho‘rtan» jamoasi dog‘da qoldirilgandi.

3:0 ko‘rinishida tugagan bahsda Aleksandr Dindikov, Konstantin Kanin va Baxtiyor Tog‘ayev o‘z nomlarini tabloga yozdirib qo‘yishgandi.

2009 yil. 10-g‘alaba. Toshkent viloyati jamoasi elitadagi 10-g‘alabasini keyingi mavsumda nishonladi. Olmaliqliqlar kichik yubiley marrasiga yetish yo‘lida naq 34ta o‘yinga ehtiyoj sezishdi.

Xullas, 4 aprel kuni 4-tur doirasida Samarqandning «Dinamo»si yagona gol evaziga mag‘lub etildi. Gol muallifi - Mo‘ydin Mamazulunov. O‘xshashlikni qarang, AGMKning 100-g‘alabasiga ham bittagina gol kifoya qildi, yana 4-turda.

2010 yil. 25-g‘alaba. Jamoa elitadagi hisob bo‘yicha uchinchi mavsumida ancha qiynaldi. Xususan, butun birinchi davra davomida atigi ikki marta g‘alaba quvonchini tuydi, xolos.

Muhimi, ulardan ikkinchisi jamoaning navbatdagi yubiley g‘alabasi bo‘ldi. 25ta yutuq ko‘rsatkichi 73-o‘yinda qayd etilganini qo‘shimcha qilish joiz.

Aynan o‘sha uchrashuv xususida to‘xtalsak, Namanganning «Navbahor» klubi 2:1 hisobida dog‘da qoldirilgandi. 13-turdan o‘rin olgan o‘yinda olmaliqliklardan Isroil Ergashev va yana Mo‘ydin Mamazulunov gol muallifiga aylanishgan.

2013 yil. 50-g‘alaba. Navbatdagi yubiley g‘alabani ancha uzoq kutishga to‘g‘ri keldi. O‘sha vaqt «Olmaliq» nomi ostida o‘ynagan jamoa 143-uchrashuvga kelib, 50ta yutuq dovoniga yetdi.

Ahamiyatlisi, «konchilar» o‘z maydonlarida Toshkentning «Bunyodkor» jamoasini shov-shuvli tarzda yengishgandi - 3:1. Klub tarixiga muhrlangan o‘yinda himoyachi Yevgeniy Gogol «dubl»ga erishgan bo‘lsa, yana bir gol Zafar Polvonov nomiga yozilgandi.

2018 yil. 100-g‘alaba. Mana, yana AGMK nomini olgan klub elit diviziondagi 284-o‘yinida yutuqlar sonini uch xonali raqam ko‘rinishiga keltirdi.

Aytish joiz, olmaliqliklar 50-g‘alabada bo‘lgani kabi yana kuchli raqibni dog‘da qoldirishdi. Demakki, 100-yutuq tilga olinganida, «Lokomotiv» ham eslanadi. Shuningdek, yagona gol muallifi - Vladimir Bubanya ham.

AGMKning yubiley g‘alabalariga oid qiziqarli faktlar

*** 1, 50 va 100-g‘alabaga xorijlik futbolchilar -  Aleksandr Dindikov, Konstantin Kanin, Yevgeniy Gogol va Vladimir Bubanya gol urish asnosida munosib hissa qo‘shishgan.

*** Zafar Polvonov 50 va 100-g‘alaba qayd etilgan o‘yinlarda ishtirok etgan va 1ta gol urishdan tashqari faolligi bilan ajralib turgan.

*** 50 va 100-g‘alabada raqib darvozasini Ignatiy Nesterov qo‘riqlagan.

*** 50 va 100-g‘alabada Oleg Zoteev xuddi Nesterov singari mag‘lub jamoa tarkibida maydonga tushgan.

*** Mo‘ydin Mamazulunov 2ta yubileyda gol urgan - 10 va 25-g‘alaba rasmiylashtirilgan o‘yinlarda.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 19:50, 13.04.2018.
O'qildi: 2592 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.