Kirish Ro'yxatdan o'tish
06/05 00:00 Rayo Valyekano 0-1 Almeriya
06/05 00:00 Sevilya 3-0 Granada
06/05 18:00 Qizilqum 1-1 Neftchi
06/05 21:00 Salernitana 1-2 Atalanta
06/05 23:45 Udineze 1-1 Napoli
07/05 00:00 Kristal Pelas 4-0 Man. Yunayted
07/05 00:00 Lill 3-4 Lion
08/05 00:00 PSJ - Borussiya D
09/05 00:00 Real Madrid - Bavariya

Jahon chempionati bo‘sag‘asida...

Jahon chempionati bo‘sag‘asida...

Baho:
+ | -

Shu yilning 14 iyun-15 iyul kunlari Rossiyaning 11 shahridagi 12 ta stadionda futbol bo‘yicha 21-jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Ushbu futbol festivalida dunyoning barcha qit’alaridan saralangan 32 mamlakat terma jamoasi sovrinlar uchun kurash olib boradi. Demak, navbatdagi chempionatga oz juda oz vaqt qoldi.

Fursatdan foydalanib, «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali chempionat ishtirokchilari haqida turkum materiallar taqdim etishni boshlaydi. Rejaga ko‘ra jahon chempionatida ishtirok etuvchi barcha jamoalar haqidagi ma’lumotlar yo‘llanma olgan sanasi bo‘yicha, navbati bilan berib boriladi. Ilk maqola musobaqa mezbonlari Rossiya terma jamoasi haqida bo‘lsa, so‘nggisi Peru mamlakati termasi bilan bog‘liq.

Jahon chempionati ishtirokchilarini birma-bir tanishtirishdan oldin konfederasiyalardan nechtadan jamoa chempionatda qatnashishi haqida ma’lumot berishni lozim topdik.

Yevropa

Jahon chempionatida ko‘hna qit’adan 14 ta vakil qatnashadi. Ulardan biri hech qanday saralash o‘yinlarida ishtirok etmagan Rossiya tarma jamoasi bo‘lsa, qolgan 13 ishtirokchi mashaqqatli saralash bahslaridan so‘ng asosiy manzilga yetib kelishdi. Ana shu dahshatli saralashda manaman degan jamoalar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ular orasida Niderlandiya, Bolgariya, Vengriya, Chexiya, Uels, Avstriya, Chernogoriya, Ruminiya, Albaniya, Sloveniya, Shotlandiya, Bosniya va Gersegovina, Turkiya, Ukraina kabi jamoalar bor. Ularning ko‘pchiligi «Evro-2016» musobaqasining ishtirokchisi hisoblanadi.

Guruh o‘yinlarida 2-o‘rinni olib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha «pley-off»dan quruq qolgan Slovakiya terma jamoasining muxlislariga oson bo‘lmagani aniq. Shunday bo‘lsa-da, «pley-off»da muvaffqiyatsizlikka uchragan Irlandiya, Gresiya, Shimoliy Irlandiya va albatta Italiyaga ham achinamiz.

Yevropa mintaqasi saralashining eng zo‘r jamoasi shubhasiz amaldagi jahon chempioni Germaniya terma jamoasidir. Yoaxim Lyov jamoasi saralashning barcha o‘yinlarida g‘alaba qozondi va o‘nta o‘yinda raqiblar darvozasiga 43 ta to‘p kiritib, bor-yo‘g‘i to‘rtta gol o‘tkazib yubordi. Bitta durang bilan bor-yo‘g‘i oltita to‘p o‘tkazgan belgiyaliklar ham o‘z guruhida birinchi o‘rinni olishdi. O‘z safida Eden Azar, Kevin de Bryuyne, Romelu Lukaku, Tibo Kurtua kabi iste’dodlarni jamlagan terma Rossiyada o‘zini ko‘rsatishiga ko‘pchilik ishonmoqda.

Angliya va Ispaniya saralash o‘yinlarida o‘z darvozasidan eng kam gol o‘tkazgan terma jamoalardir. Jo Xart va David de Xealar darvozasidan bor-yo‘g‘i uchtadan to‘p olib chiqishdi. Rossiyaga, shuningdek, futbol yulduzlari Krishtianu Ronaldu va Robert Levandovskilar o‘z terma jamoalari bilan tashrif buyuradi. Darvoqe, aynan Levandovski Yevropadagi saralash bahslarining to‘purari degan nomni qo‘lga kiritdi.

Saralash bahslarining yana ikki klubi Islandiya va Serbiyadan jamoaviy kuchli o‘yin kutilmoqda. Garchi chempionatlarda katta natijaga erisha olmagan bo‘lsa-da, mazkur jamoalar har qanday raqibni qiyin ahvolga solib qo‘yishi aniq. Shvesiya saralash bahslarida qahramonlik ko‘rsatgan jamoalardan biri. Guruh o‘yinlarida Niderlandiyadek jamoani ortda qoldirgan shvedlar o‘tish o‘yinida Buffon bilan qo‘shib butun Italiyani yig‘lashga majbur etishdi. Skandinaviyaliklar Rossiya maydonlarida yosh va g‘ayratga to‘la jamoa bilan ishtirok etishni maqsad qilishgan. 36 yoshli dahshatli Zlatan terma jamoaga qaytishni istab qolmasa, albatta.

O‘tish bahslarida Daniya, Shveysariya va Xorvatiya kabi kamida chorak finalni maqsad qiladigan jamoalar ham muvaffaqiyat qozondi. Ularning tarkibida Jerdan Shakiri, Granit Jaka, Luka Modrich va Mario Manjukich kabi yulduzlar borligini esdan chiqarmagan bo‘lsangiz kerak.

Osiyo

Bu haqda yozish biroz qiyinroq. Chunki ayniqsa oxirgi ikki saralashda terma jamoamiz alamli tarzda chempionat yo‘llanmasini boy berdi. Balki jahon chempionatining final qismida 48 jamoa o‘ynashi bizga yordam berar. 2026 yilni kutamiz.

Umuman olganda jahon chempionatlarida 32 jamoa ishtirok eta boshlaganidan buyon Osiyo jamoalari tarkibi deyarli o‘zgarishsiz qolmoqda. O‘sha Yaponiya, o‘sha Koreya, o‘sha Eron...

Saudiya Arabistoni va bizga o‘tganidan keyin Avstraliyani ham yuqoridagi jamoalarga qo‘shish mumkin. Istisno tariqasida Xitoy va Shimoliy Koreya bir martadan chempionat ta’mini totib ko‘rgan. Jahon chempionati tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, Osiyoning biz maqtagan doimiy ishtirokchilari ham final bosqichida aytarli natija ko‘rsatishmagan. 2002 yilgi bahslarda yarim finalgacha «tortib borilgan» Janubiy Koreyaning «qilmish»i osiyoliklar uchun shu kungacha ideal natija bo‘lib kelmoqda. Kelayotgan yozda u natijalarni takrorlash amri mahol. Guruhlarga nazar tashlasak, Yaponiya va Avstraliyadan nimadir kutish mumkin. Eron, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni haqida bir narsa deyish qiyin.

Afrika

Afrika ham kvotaning ko‘paytirilishi tarafdori. Hozircha esa eng ko‘p terma jamoa yig‘ilgan konfederasiya jahon chempionatiga chiqish yo‘lida murakkab saralash bahslarini o‘tkazadi. 53 terma jamoa saralanishi natijasida so‘nggi bosqichda to‘rttadan jamoa besh guruhga bo‘lingan holda mundial yo‘llanmasi uchun kurashib, guruh  g‘oliblari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya chiptasini qo‘lga kiritishdi. Ana shunday mashaqqatli yo‘lda Kongo demokratik respublikasini ortda qoldirgan Tunis «A» guruhining g‘olibi sifatida chempionat yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Marokash so‘nggi paytlardagi Afrika liderlaridan biriga aylangan Kot Divuarni taslim etdi. Yaqinda O‘zbekiston terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgan Senegal terma jamoasi Burkina-Faso, Kabo-Verde va JAR futbolchilarga imkoniyat qoldirmadi. Muhammad Saloh boshchiligidagi Misr 1990 yildan buyon ilk marta jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqdi. Ularga so‘nggi bosqichda jiddiy qarshilik ko‘rsatgan Gana Rossiyaga kelish rejasini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. «O‘lim guruhi»dan o‘rin olgan Nigeriya terma jamoasi Ahmad Muso boshchiligida Zambiya, Jazoir va Afrikaning amaldagi chempioni Kamerun terma jamoasi a’zolariga jahon chempionatiga faqat tomoshabin sifatida borishi mumkinligini bildirib qo‘ydi.

Shimoliy va Markaziy Amerika

Ko‘pchilik uchun notanish bo‘lgan KONKAKAF mintaqasida saralash o‘yinlari ham ajoyib o‘tdi. Uchta pley-off va ikkita guruh o‘yinlaridan iborat sikl chempionatga yo‘llanma beruvchi jamoalarni aniqlab berdi. Bu yerda ham kutilmagan jamoalar va kutilgan da’vogarlar bor.

Olti jamoa ishtirok etuvchi hal qiluvchi guruhning so‘nggi turida Rossiyaga borish imkoniyatini yo‘qotmagan AQSH terma jamoasi allaqachon umidlari so‘ngan Trinidad va Tobagoga 1:2 hisobida yutqazib qo‘ydi. Bunday imkoniyatdan Panama va Honduras terma jamoalari foydalanishdi. Ular allaqachon yo‘llanmani qo‘lga kiritib bo‘lgan mintaqa yetakchilari Kosta-Rika va Meksikani mag‘lub etishdi. Natijada Panama o‘z tarixida ilk marta jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Honduras esa o‘tish bahsida Avstraliyaga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Janubiy Amerika

Saralash bahslarida eng kam ishtirokchiga ega KONMEBOL mintaqasida ham katta sensasiyalar bo‘lishi mumkin edi. Messi va uning jamoadoshlari so‘nggi turda qahramonlik ko‘rsatib, guruhdagi vaziyatni butunlay o‘zgartirib yuborishdi. Bu yerda to‘rtta to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bitta qita’lararo o‘tish bahslari orqali jahon chempionati masalasi hal etiladi. 

O‘ziga ishonch va katta farq bilan boshqa jamoalardan ilgarilab ketgan Braziliya terma jamoasi murabbiy Tite va asosiy yulduz Neymar boshchiligida Rossiyada ham eng yuqori pog‘onani egallashga harakat qilishi shubhasiz. So‘nggi turda ular Aleksis Sanches va Arturo Vidal kabi yulduzlarga ega Chili terma jamoasining Rossiyaga borish umidini so‘ndirishdi. Mintaqadan shuningdek Xames Rodriges va Radamel Falkao bilan Kolumbiya, Luis Suares va Edinson Kavani bilan Urugvay terma jamoalari ham kelishadi. Ularning barchasi, shubhasiz, jahon chempionatining asosiy favoritlari sanalishadi.

Peru! Nihoyat uzoq tanaffusdan so‘ng jahon chempionatiga yo‘llanma olgan terma jamoa o‘tish bahsida Okeaniya mintaqasi vakili Yangi Zelandiyani mag‘lub etdi va eng so‘nggi yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Manba: www.xabar.uz
Kiritildi: 00:31, 19.04.2018.
O'qildi: 3796 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.