Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Tiago Alkantara: «Raqobat sabab muvaffaqiyat qozondik»

Tiago Alkantara: «Raqobat sabab muvaffaqiyat qozondik»

Baho:
+ | -

«Bavariya» yarim himoyachisi Tiago Alkantara Ispaniya terma jamoasi safida JCH-2018da ishtirok etish imkoniyatiga ega. Tiagoni to‘p bilan birga ulg‘aygan, desa ham bo‘laveradi. Uning otasi Mazinyo Braziliya terma jamoasi safida 1994 yilgi jahon chempionatida bosh sovringa ega chiqqan.

E’tiborli tomoni, Tiago Ispaniya termasida, ukasi Rafinya Alkantara esa Braziliya milliy jamoasida to‘p suradi. Otasining muvaffaqiyati Tiagoning aynan futbolchilik kasbini tanlashiga zamin yaratgani aniq.

U bolaligidan otasi bilan birga o‘ynagan futbolchilardan nimalarnidir o‘zlashtirgan. Aytaylik, Mazinyo «Valensiya»da o‘ynaganida, Predrag Miyatovichga o‘xshab saqich chaynardi.

Shuningdek, rossiyalik Aleksandr Mostovoy ham Alkantaraning futbolchi bo‘lishiga hissa qo‘shgan. 2014 yili Braziliyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Tiago jarohat tufayli ishtirok etolmagandi. Endi Rossiyada otasi singari jahon kubogini boshi uzra ko‘tarish imkoniyatiga ega.

Tiago Ispaniya o‘smirlar termasi bilan 2008 yili, yoshlar termasi bilan esa 2011 va 2013 yillarda Yevropa chempioni bo‘lgan. 2013 yilgi chempionatda ispanlar finalda Italiyani 4:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratishgan, o‘shanda Alkantara «xet-trik» qayd etgandi.

E’tiborli tomoni, o‘shanda jamoani Xulen Lopetegi boshqarardi. Ayni payt ushbu mutaxassis Ispaniya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi va u Alkantaraning qanday salohiyatga ega ekanligini yaxshi biladi.

Yaqinda FIFA rasmiy sayti Tiago bilan suhbat uyushtirdi.

- Ayni payt o‘zingizning eng yaxshi futbolingizni namoyish qilyapsiz. JCH-2018 esa ayni shu pallaga to‘g‘ri kelmoqda. O‘z navbatida, Xulen Lopetegi ixtiyoridagi asosiy futbolchilardan birisiz. Mundialda qatnashish siz uchun qanday ahamiyat kasb etadi?

- Bu har bir futbolchining orzusidir. O‘ylaymanki, biz katta yutuqlar haqida o‘ylasak bo‘ladi.

- Maqsad chempion bo‘lishmi?

- Iloji boricha yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz. Imkoniyatlarimiz qandayligini yaxshi bilamiz. Italiya­dek jamoani guruhda qoldirib ketdik, kuchli termalar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazib, g‘alabalarga erishdik. Natijalar qanday kuchga ega ekanimizni ko‘rsatib turibdi. Lekin oldindan bir nima deyish noo‘rin.

- 2013 yili Lopetegi qo‘l ostida yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida g‘olib chiqqansiz. O‘shanda jamoa safida ayni payt milliy termada faoliyat olib borayotgan Devid de Xea, Isko, Koke va Alvaro Morata kabi futbolchilar ham bor edi. Shu avlod vakillarining oldinga qadam tashlash vaqti keldimi?

- Bizda raqobat o‘ta kuchli. Shu bois ham yuqori marralarni zabt etdik. «Oldinga qadam tashlashimiz kerak», demaymiz, balki buni amalda ro‘yobga chiqaramiz. Yillar davomida katta turnirlarda qatnashib kelyapmiz.

- Lopetegi qo‘l ostida anchadan buyon to‘p surasiz. Murabbiy sifatida u qanchalik o‘sdi?

- Biz hammamiz o‘syapmiz. Chunki o‘rganishni istaymiz va eng yaxshi bo‘lmoqchimiz. Shuningdek, Xulen ham murabbiy sifatida bunga erishdi. U har tomonlama o‘sdi. Lopetegi jamoani o‘yinga tayyorlayotgan payt mayda-chuyda narsalarga ham e’tibor berishidan buni his qilsa bo‘ladi.

- Uning futbolchilarga munosabati o‘zgardimi?

- Xulenning ikkita ustunligi bor. Birinchidan, Lopetegi sobiq futbolchi sifatida o‘yinchilarga qanday munosabatda bo‘lish kerakligini yaxshi biladi. Ikkinchidan, u muloyim inson va nimani istayotganini to‘g‘ri tushuntiradi.

- JCH-2014da ko‘plab jamoalar 5 himoyachi taktikasini tanlashgandi. Rossiyada ham shunday holat kuzatiladimi?

- O‘ylaymanki, o‘rtamiyona jamoalar kuchli termalarga qarshi ayni usuldan foydalanishadi. Hattoki, kuchli bo‘lgan Germaniya termasi ham ko‘pincha besh himoyachi bilan o‘ynaydi. Bu nemis futbolida eng ko‘p qo‘llaniladigan usul.

Ular uch himoya­chi haqida gapirishadi, lekin o‘sha vaziyatda mudofaa chizig‘i vakillari besh futbolchidan iborat bo‘ladi. Gvardiola «Bavariya»ni boshqarganida uch himoyachi bilan o‘ynagan. Ayni payt «Jirona» shunday usulda harakat qilmoqda.

- Jahon chempionati haqidagi ilk xotiralaringiz qanday?

- JCH-1994ni eslayman. Unda otam zafar quchgan. Uch yoshli bolakay edim. To‘g‘ri, o‘yinlar qanday o‘tganini eslay olmayman, ammo uning uyga qayt­gani xotiramga muhrlanib qolgan. Oilamizning barcha a’zolari birga bo‘lishgan.

- Mundiallardagi qaysi o‘yinni alohida ta’kidlagan bo‘lardingiz?

- JCH-2010 finalidan o‘rin olgan Ispaniya - Gollandiya uchrashuvi va Andres Inyestaning goli. Bu ispan futbolidagi muhim voqelik. Biz o‘shanda U-19 a’zosi edik.

Koke, Rodrigo, Bartra, Kanales... barchamiz birga tomosha qilganmiz. Andres gol urganidan so‘ng to‘s-to‘polon boshlanib ketgandi. Hattoki, televizorni ham ag‘darib yuborgandik. O‘yinning qolgan daqiqalarini hech kim tomosha qilmagan.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 07:41, 19.04.2018.
O'qildi: 2117 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.