Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Diyego Perotti: «Messining yonida o‘ynash – rohat»

Diyego Perotti: «Messining yonida o‘ynash – rohat»

Baho:
+ | -

«Roma», senga tasanno! «Bo‘rilar» yengilmasdek taassurot uyg‘otuvchi «Barselona»ga unutilmas saboq berishdiki, beixtiyor ularni sharaflaysan kishi.

Taqdir taqozosiga ko‘ra, Rim klubi o‘yinida muhim o‘rin tutuvchi Diyego Perotti haybatli «Kamp Nou»da qayd etilgan umidsiz 1:4 hisobidan keyingi mo‘’jizaviy «kambek»ni chetdan kuzatdi. Argentinalik yarim himoyachining o‘sha sehrli oqshom maydonga tushishiga jarohati xalaqit berdi.

Uning mashg‘ulotlardan xoli ekanligini payqagan Clarin nashri muxbirlari esa, yuzaga kelgan vaziyatdan unumli foydalanib qolishdi. Messi bilan o‘ynash osonmi? Xorxe Sampaoli futbolchilardan asosan nimalarni talab qilmoqda? Rimda kim asosiy shaxs?

«Napoli» skudettoni yutishga qodirmi? Xullas, suhbatlashishga rozi bo‘lgan «Roma»ning argentinalik legioneri shu kabi ko‘plab savollarga bamaylixotir javob berdi.

Xavfsizlik muhim masala

- Diyego, oilangiz bilan Rim markaziga yaqin hududda yashaysiz. Shovqin noqulaylik tug‘dirmayaptimi?

- Yo‘q, Kazal Palokko rayoni ancha sokin. Qolaversa, ko‘chaga kam chiqaman. Deylik, turmush o‘rtog‘im shahar markaziga bormoqchi bo‘lsa, bemalol avtomobildan foydalanishi mumkin - hech qanday xavf yo‘q, barchasi qulay va ajoyib. Qisqasi, bu yerda yashayotganimizdan baxtiyormiz.

- Kazal Palokkoda sizga aynan nima ko‘proq yoqadi?

- Doimo xavfliklikni alohida qadrlab kelganman. Bu yerda xohlagan vaqtda sayrga chiqishingizga hech narsa xalaqit bermaydi. To‘g‘ri, menda ko‘cha aylanishga uncha xohishim yo‘q, lekin turmush o‘rtog‘im farzandimizni olib, xotirjam sayr qiladi.

Asosiysi shu. Ochig‘i, Argentinaga borganimizda, aynan halovatni yo‘qotaman. Chunki u yerda ayniqsa, kechqurun ko‘chaga chiqish xavfli, baribir. Shuningdek, avtomobil qatnovi ham tartibli emas.

- Demak, Argentinani uncha qo‘msamaysiz...

- Nega endi? Yevropaga yo‘l olishimdan avval aytganman - vaqti kelib, vatanimga qaytaman, albatta. Misol uchun, mabodo bir haftalik tanaffus yuzaga kelsa, darrov jonajon shahrim - Morenoga yo‘l olaman.

Mavsumlar oralig‘idagi ta’tilni ham doimo Argentinada o‘tkazaman. Axir qadrdonlar va do‘stlar bilan ko‘rishishdan zavqliroq hordiq bormi? Ayolim ham Morenodan. Garchi anchadan buyon Yevropada yashayotgan bo‘lsakda, hamon yaqinlarimizdan uzoqda yurishga to‘liq ko‘nikkanimiz yo‘q. Shunday ekan, qachondir ortga qaytamiz, albatta.

- Xo‘sh, qachon? Butsalaringizni mixga ilganingizdan keyinmi? Ehtimol, nuqtani Argentina futbolida qo‘yishni istarsiz...

- Aslida Argentina chempionatida ma’lum muddat o‘ynash niyatim yo‘q emas, biroq «Roma» bilan tuzgan shartnomam 2021 yilgacha mo‘ljallangan va kamida uning oxiriga qadar jamoada qolishim kerak. Bordiyu, vaqtliroq xayrlashishga to‘g‘ri kelsa, unda boshqa gap...

- Aytingchi, Argentina va Italiya o‘rtasida qanday umumiylik bor?

- Tabiiyki, ikki mamlakatning o‘xshash tomonlari yetarli, ammo farqli jihatlar nisbatan ko‘p, baribir. Misol uchun, Italiyada xuddi Argentinada bo‘lgani kabi do‘stlar bilan qahvaxonada dam olish urfga aylangan. Genuyada ham, Rimda ham ko‘plab oddiy insonlar bilan tanishdimki, ular xohlagan masalada yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor turishadi. O‘zga mamlakatga ko‘chib kelganingda, yolg‘iz qolishni istamaysan. Yaxshiyamki, italyanlar muloqotga juda tez kirishadilar. Xullas, xushchaqchaqlik bobida argentinaliklarga o‘xshaydilar. 

Tottiga yetadigani yo‘q

- Rimda sizga nisbatan umumiy munosabat qanday?

- Jamoada ilk kundan o‘zimni erkin his qildim, zero, atrofimdagilar tezroq moslashishimga imkon qadar yordam berishdi. Poytaxtliklar takabbur emaslar. Bu yerga Genuyadan kelgan bo‘lsamda, hech kim kichik klubdan o‘tganimni sha’ma qilgani yo‘q. Agar muntazam maydonga tushsang, yangi muhitga tezroq ko‘nikasan, o‘z kuchingga ishonch hissi tabiiy ravishda oshadi. Futbolda bu katta ahamiyatga ega. Bordiyu, o‘zingga ishonmasang, nafaqat maydon, balki kundalik hayotda ham o‘rningni topolmaysan.

- «Roma»dagi argentinaliklar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik rishtalari mustahkammi?

- Ha, albatta. Ko‘pincha bo‘sh vaqtni birga o‘tkazamiz - men, Fasio va Jonatan Silva. Fasio bilan «Sevilya»da tanishganman. Qolaversa, «Roma» safiga deyarli bir vaqtda qo‘shildik. Shunday ekan, aka-ukalardek bo‘lib qolganmiz. Klubimizda yana Braziliya, Gollandiya va fransiyalik legionerlar ham borki, ularning jamoaviy muhitga ijobiy ta’sirlari kuchli.

- Ma’lum vaqt «Roma» timsoli - Totti bilan birga o‘ynadingiz...

- Rimda unga teng keladigani yo‘q. Shunday afsona oldida to‘p surish nasib etganidan baxtiyorman. Bir narsadan afsuslanishim mumkin: klubga Tottining faoliyati yakuniga yaqinlashgan vaqt kelganim bois, o‘zaro hamkorligimiz uzoq davom etmadi. Lekin qisqa vaqtda uning mashg‘ulotlarda qanday ishlashini ko‘rdim, o‘yin taqdirini yolg‘iz o‘zi hal qilganiga necha martalab guvoh bo‘ldim. Totti maydonda o‘zini shunchalik erkin tutardiki, uning jismoniy holati ikkinchi darajali masalaga aylanib qolardi. Misol uchun, birgina zargarona uzatma yoki zarba bilan o‘yin borishini o‘zgartirib yuborardi. Ayniqsa, uzoq masofadan darvozani nishonga olishni qo-yillatardi. Bir so‘z bilan aytganda, u «Roma»da eng yaxshi futbolchi va chin yetakchi edi.

- Italiya terma jamoasi navbatdagi jahon chempionatiga chiqolmadi. Muxlislarda tushkunlik kayfiyati sezilmayaptimi?

- Ha, bu dahshatli omadsizlik, og‘ir zarba. Zero, Italiya futboli boy tarixga ega, qolaversa, milliy jamoaning tarkibi chakki emasdi. Umuman, mamlakatda terma jamoaning JCHdan chetda qolishi mumkinligini hech kim o‘ylamagandi hatto. Menimcha, endi italyanlar turnirni e’tibor bilan kuzatmasalar kerak, ayniqsa, futbolchilar. Ular o‘sha vaqt ta’tilga chiqishadi va mundial tugamagunicha televizorni yoqishmaydi. Har holda, agar Argentina termasi yo‘llanma ololmaganida, men xuddi shunday qilardim. Lekin futbolda omadsizlikdan ham naf chiqarish mumkin. Ehtimolki, ushbu zarba italyanlarning hammasini qaytadan boshlashlari uchun turtki vazifasini o‘tar...

- O‘zingiz-chi, Rossiya mundialida ishtirok etasizmi, bunga nechog‘li ishonyapsiz?

- Asta-sekin oldinga qadam tashlayapman. Hozirgi holatdan mamnunman. Ha, bilaman, tarkibdan joy olishim oson emas, axir terma jamoamizda yuqori saviyali futbolchilar juda ko‘p. Har qanday holatda ham, oxirigacha umidimni so‘ndirmayman va «zayavka»ga kirish yo‘lida bor kuchimni sarflayman, albatta.

Messi bilan o‘ynashmaroqli

- Argentina termasi o‘tgan yilning noyabr oyida Rossiyaga safar uyushtirib, o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdi (Janubiy amerikaliklar avvaliga Moskvada Rossiya termasini 1:0 hisobida yengishdi, keyin Krasnodarda nigeriyaliklarga yutqazishdi - 2:4). Bo‘lajak mundialga mezbonlik qiluvchi mamlakat yoqdimi, terma jamoa yig‘ini-chi?

- U yerdan ajoyib taassurotlar bilan qaytdik. To‘g‘ri, o‘yin va mashg‘ulotlar masalasida ancha qiynaldim, axir terma jamoa yig‘iniga uzoq tanaffusdan keyin qo‘shilgandim.

Shu boismi, ruhiy tayyorgarlik borasida og‘irlik sezildi. Lekin «Roma»dagi kabi ishlash va o‘ynashga harakat qilganim bosh murabbiy Xorxe Sampaoli e’tiboridan chetda qolmadi. Tushunarliki, futbolchi har doim ham milliy jamoada o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lavermaydi. Shunday ekan, kichikkina imkondan ham unumli foydalanish muhim.

- Xususan, Rossiya terma jamoasiga qarshi kechgan bahsda Lionel Messi bilan yonma-yon to‘p surdingiz. Xo‘sh, megayulduz atrofida o‘ynash qanday ekan? Deylik, Paulo Dibalaning tan olishicha, bu oson emas...

- O‘ylashimcha, Paulo boshqa ma’noda gapirgan, ammo uning so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilishgan. Shaxsan menga Messi yonida to‘p surish yoqadi. Maydonda jahonning eng yaxshi futbolchisi bilan 10 daqiqacha birga bo‘lishning o‘zi har qanday o‘yinchiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Bu ulkan sharaf. Futbolda eng mushkuli - bu jarohat. Yana tiklanish jarayoni ham yoqimli emas. Buni o‘z tajribamdan bilaman.

- Rimda Sampaoli bilan gaplashdingizmi?

- Ha, u bizni kuzatgani kelganida, bafurja suhbatlashdik. Murabbiy men va Fasioga yuzlanib, bizdan ko‘p narsa kutayotganini yashirmadi, shuningdek, o‘z talablarini tushuntirdi. Muhimi, muloqotimiz do‘stona ruhda o‘tdi.

- Sampaoli qanday murabbiylar toifasiga kiradi? U xususan, o‘zaro muloqotlarda nechog‘li yaxshi taassurot uyg‘otadi?

- Birinchi navbatda, o‘ta samimiy ekanligini aytishim kerak. Shuningdek, juda e’tiborli. Murabbiyimiz ayni payt terma jamoaga muayyan o‘yin falsafasini olib kirishga urinmoqda.

Eng muhimi, barcha harakatlari jamoani jahon chempionati taxtiga chiqarishga qaratilgan. Tarkibimizda sayyoraning eng kuchli futbolchisi borligini inobatga olsak, bizda g‘alaba qozonish imkoniyati ko‘proq. Boshqa favoritlardan ustun jihatimiz ham shu.

- Vaqtida buyuk Diyego Maradona qo‘l ostida ham shug‘ullangansiz...

- To‘g‘ri, meni milliy jamoaga ilk marta aynan u chaqirgandi. Futbol menga nisbatan o‘ta xayrixoh bo‘lganini takror-takror aytishdan charchamayman. Qarang, Maradonadek buyuk shaxs bilan birga ishladim, Messi, Rikelme, Totti kabi yulduzlar yonida o‘ynadim. Futboldan yana nima so‘rash mumkin?

«Napoli»GA OSON EMAS...

- Italyan tilida ravon gapirmoqdasiz.

- Hozir shunday. Lekin tilni o‘zlashtirishda rosa qiynalganim rost. Vaholanki, italyanchani o‘rganish muammo emasligini aytishgandi. Ha, bu til deylik, inglizcha yoki fransuzchaga nisbatan ancha oson ekan, ammo o‘ziga yarasha murakkab jihatlari ham bor. Umuman, odamlar bilan har kunlik muloqot tilni tezroq o‘rganishimga yordam berdi.

- Italiya futboliga nima bo‘lyapti? Saviya tushib ketgani haqidagi fikrlarga qo‘shilasizmi?

- Ehtimol, shunday ko‘rinayotgandir... Ammo «Yuventus»ning oxirgi yillarda ikki marta CHL finaliga chiqqani - salmoqli fakt. Ha, «A» seriyasida taktikaga asoslangan futbol hukmron, lekin bu saviyaning tushganidan dalolat emas. Axir Italiya futboli azaldan taktik yechimlari bilan ko‘zga tashlangan. Shaxsiy fikrimcha, saviya asta-sekin oshmoqda.

- Sizningcha, «Napoli» klubi «Yuventus»ning shubhasiz, «gegemon»lik davrini to‘xtatishga qodirmi?

- Yaqin-yaqingacha Neapol jamoasi imkoniyatini yuqoriroq baholayotgandim. Biroq «Napoli»ni o‘zaro o‘yinda 4:2 hisobida yengganimizdan so‘ng fikrim o‘zgardi. Shu uchrashuv asnosida amin bo‘ldimki, neapolliklar hali juda qiylanashadi.

Demoqchimanki, chempionlik kurashida ko‘p narsa avvalo, «Yuve»ga bog‘liq. Turinliklar hozirgi ustunlikni boy berib qo‘ymasalar kerak. Demakki, joriy mavsum ham chempion o‘zgarmaydi, menimcha.

- Sizlar esa bosh sovringa hattoki, yaqinlasholmadinglar...

- Afsuski, endi matematik hisob-kitoblarga ko‘ra ham, imkoniyatimiz yo‘q - o‘yinlar oz qoldi va «Yuve» hamda «Napoli»ning ularda haddan ortiq ko‘p ochko yo‘qotishiga ishonmayman. Xullas, endi keyingi mavsum CHLda o‘ynash imkoniyatini beruvchi o‘rindan joy olishni ko‘zlashga majburmiz...

MA’LUMOT UCHUN

DIYEGO PEROTTI

Tug‘ilgan sanasi va manzili: 1988 yil 26 iyul, Buenos-Ayres (Argentina)

Amplua bo‘yicha: yarim himoyachi

Faoliyati: «Deportivo Moron» (Argentina) - 2006-2007; «Sevilya» (Ispaniya) - 2007-2014; «Jenoa» (Italiya) - 2014-2016; «Roma» (Italiya) - 2016-...

Yutuqlari: Ispaniya kubogi sohibi - 2009|2010; Yevropa Ligasi g‘olibi - 2013|2014

Argentina milliy jamoasi safida 5 marta maydonga tushgan

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 16:31, 22.04.2018.
O'qildi: 2953 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.