Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Xayrulla Hamidov maqolasi: «REAL»ning KUCHi qayerda?

Xayrulla Hamidov maqolasi: «REAL»ning KUCHi qayerda?

Baho:
+4 | -1

Ikkita yarim finalni ko‘rdik. Kutilgan jamoalar g‘olib bo‘lishdi. Biri o‘ta hayajonli o‘yin ko‘rsatdi, biri haddan tashqari oson yutdi. Mantiqan oson yengib kelayotgani xatarli bo‘lishi kerak, a? Yo‘q, aksincha. Pley-off o‘yinlari – mashg‘ulot, Kiyevdagi o‘yin  - jang, o‘sha gap: mashg‘ulotda qanchalik qiynalsang, jangda shunchalik oson bo‘ladi.

Uch marta tasodifan finalga chiqmaydilar. Lekin “Real” baribir qiziq jamoa. “Bavariya”ni ham, “Leganes”ni ham 2:1ga yengadi. Menimcha, qirollik klubining kuchi aslida kuchida. Kuchli tarkibida, kuchli futbolchilarida. Bo‘ldi. Murabbiyi ham ularga mos. Shu.

“Bavariya” kuchli o‘ynadi, deyapti ko‘pchilik. Qo‘shilaman. Ammo qachon kuchli o‘ynadi? Qachonki, hisob ochishi kerak bo‘lgan paytda va madridliklar hisobda o‘zib ketgan chog‘larida. Nega, bilasizmi? Aynan o‘sha onlarda “Real” palapartishroq harakat qiladi. Lekin mana nechanchi martaki, madridliklar juda qisqa vaqt ichida javob berishyapti. Oldingi mavsum ham, bu yil ham Myunxen jamoasi birinchi bo‘lib darvozani ishg‘ol etdi. O‘sha golga qadar klub kuchli futbol ko‘rsatdi. Zohiran. Aslida esa, bu paytda “Bavariya” gol urishga majbur edi, xolos. “Real” nechanchi martaki javobini beryapti va hisobni oshirib ham qo‘ymoqda. Hakamlarning xatosi va yana boshqa faktorlar yetib kelguniga qadar amalga oshirilmoqda bu ishlar.

Maydondagi futbolchilar aslida o‘z darajalarini yaxshi biladilar. E’tibor bergan bo‘lsangiz, birinchi juftlikda “Bavariya” g‘alabaga va finalga har qancha haqliroq ko‘rinmasin, futbolchilari kimga va qaysi klubga imkoniyatni boy berishganini ich-ichlaridan his qildilar. O‘yin tugagandagi manzara menda shunday xulosa uyg‘otdi. Ular o‘zlaridan kuchliroq jamoaga yutqazishganini tan olishdi.

Oldin ham aytganman, “Real”ni yengish uchun “Real”dan kuchli o‘ynashning o‘zi kifoya qilmaydi. Madrid superklubi ham yomon o‘ynashi kerak. Aks holda, tengkurashlar ostida kechgan bahsda “Real”ni yengib bo‘lmaydi, deyarli imkonsiz.

Eslang, PSJ kuchliroq o‘ynab yutqazdi, “Yuventus” fantastik kechasida baribir qoqildi,  navbatdagi bosqichda “Bavariya” ham o‘z bo‘yidan baland sakragan holda mag‘lubiyatga uchradi. “Real”ning yomon tomoni, natija kerak bo‘lgunicha yomon o‘ynayotgandek tasavvur uyg‘otadi. Aslida, u o‘z vaqtida qanday o‘ynashi mumkinligini biladi, xolos. Shuning uchun ham xotirjam harakat qilaveradi.

“Real”ning kuchini aniqlash uchun boshqalar bilan solishtirish kerak. Qay mezon bo‘yicha, deysizmi? Menimcha, hisob tenglashtirish uchun ketadigan daqiqalar bo‘yicha. Jamoa yutqazyapti va gol urishi kerak. Shunday paytda ular muntazam ravishda qanday harakat qiladilar? Mana shu daqiqalarini olib, ko‘rib chiqish lozim. Bu solishtiruv amalga oshirilsa, “Yuventus” mavsum davomida bir necha bora o‘zini ko‘rsatgan bo‘ladi. “Bavariya” ikki-uch bora og‘ir vaziyatdan chiqib ketganini ko‘ramiz. “Barselona” asosan el-klasikoda shu ishni bajaradi va... bo‘ldi. “Real”ning kuchi mana shu pallada yaqqol ko‘zga tashlanadi. Qirollik klubi gol urishi kerak bo‘lgan o‘yinlarda raqibini shu qadar qiynaydiki, oxir-oqibat taslim etadi. Gol ura olmagan bahslarida ham, bir o‘yinchisiz qolgan klasikolarida ham hujumkor o‘yinidan ortga chekinmaydi. Gol ura olmasligi mumkin, ammo qolgan barcha ishni amalga oshiradi.

Azizlar, bu darajadagi ishlarni barqaror bajarish uchun klub haddan tashqari KUCHLI bo‘lishi lozim. Uslubi bir xil, taktik o‘yini u qadar o‘zgarmay kelayotgan jamoa hech qanday ayyorona yo‘llarga burilmay, shu ishni muntazam bajarib kelayotgani, ishonavering, uning o‘ta kuchliligidan dalolat.

Bugungi “Real” Pepning “Barsa”sidan ham xatarliroq aslida. Chunki Gvardiolaning aniq va tiniq ko‘rinib turgan yangicha uslubi bor edi. Yangicha yo‘nalishni hamma xush ko‘radi va unga qarshi anti ishlarni amalga oshirish ham zavqli yumush. Va yangicha, hech qachon kuzatilmagan, asosan shu uslubning egalarisiz bajarish imkonsiz bo‘lgan o‘yin uzoq yashay olmaydi. U sun’iy o‘ylab topilgani uchun ham jonsiz robotni eslatadi.

“Real”ning kuchayishi real yo‘llar bilan, hayotiy bosqichlar asosida amalga oshgani uchun ham tirik odam misol ulg‘ayib boraveradi. Uning aniq ko‘rinib turgan jihati yo‘q. U faqat o‘yinga moslashadi, kuchini kerakli paytda chiqaradi. Bunday jamoaning raqiblariga juda qiyin, ishonavering. Ular hozirgi “Real”ni yenga olamiz, deb o‘z kuchlarini bus-butkul namoyish etadilar va aynan shu nuqtada xatoga yo‘l qo‘yadilar. Ular o‘sha onlardagi “Real”ning kuchini haqiqiysi shu bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydilar. “Real”ning haqiqiy kuchi shu onlardan keyin namoyon bo‘ladi. Doim. Mana shuning uchun ham qirollik klubi finalga chiqaveradi.

“Real” oxirgi marta finalda “Liverpul”dan yengilgan ekan. U paytlardagi qirollik klubini eslay olmayman, “Liverpul” o‘ta kuchli bo‘lganini bilaman. Lekin bu fakt ikki jamoaning futbolchilariga yo murabbiyiga emas, muxlislariga qiziq. Maydondagi shunqorlar o‘z darajalarini yaxshi biladilar. Kiyevdagi oqshomda ham, menimcha, ko‘p narsa “Real”ning o‘yiniga bog‘liq. Hammasini shu jamoaning xohishi belgilab beradi. Salohni yaxshi ko‘ramiz, ammo hozircha vaziyat shunaqa.

Manba: kun.uz
Kiritildi: 11:43, 03.05.2018.
O'qildi: 22038 marta.
Fikrlar: 55 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.