Joriy mavsum «Oltin butsa» poygasida aniq favorit yo‘q. Ro‘yxatning yuqori qismidan joy egallagan futbolchilarning imkoniyati deyarli bir xil.
Soccer.ru shu munosabat bilan to‘purarlarga atalgan sovringa da’vogarlar reytingiga nazar tashladi.
So‘nggi 10 yilda - faQat APL va Primera vakillari
Krishtianu Ronaldu «Manchester Yunayted» libosida to‘p surib, o‘zining dastlabki «Oltin butsa»sini qo‘lga kiritgan 2008 yildan buyon nufuzli sovrin faqat Angliya premyer-ligasi hamda La Liga vakillariga nasib qilmoqda.
Aksariyat hollarda «Real» va «Barselona» futbolchilari, aniqrog‘i, payqaganingizdek, Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu o‘zlarini ko‘rsatishdi.
Bu davr boshlangunga qadar «Oltin butsa» italiyaliklarga nasib qilgandi: 2006 yili Luka Toni va 2007 yili Franchesko Totti. 2018 yilga kelib esa boshqa bir italiyalik forvard Chiro Immobileda laureatlar ro‘yxatida yaqqol ajralib chiqish imkoniyati saqlanib turibdi.
2008 yildan buyon...
2008 - Krishtianu Ronaldu («MYU»; Portugaliya) - 62 ochko (31ta gol)
2009 - Diyego Forlan («Atletiko»; Urugvay) - 64 (32)
2010 - Lionel Messi («Barselona»; Argentina) - 68 (34)
2011 - Krishtianu Ronaldu («Real»; Portugaliya) - 80 (40)
2012 - Lionel Messi («Barselona»; Argentina) - 100 (50) - rekord!
2013 - Lionel Messi («Barselona»; Argentina) - 92 (46)
2014 - Krishtianu Ronaldu («Real»; Portugaliya) va Luis Suares («Liverpul»; Urugvay) - 62 (31)
2015 - Krishtianu Ronaldu («Real»; Portugaliya) - 96 (48)
2016 - Luis Suares («Barselona»; Urugvay) - 80 (40)
2017 - Lionel Messi («Barselona»; Argentina) - 74 (37)
Demak, 2010 yildan hozirga qadar «Oltin butsa» faqat uch futbolchiga nasib qilgan - Messi, Ronaldu va Suares. Luis ikki marta sovringa ega chiqqan bo‘lsa, Krishtianu hamda Lionel to‘rt martadan merganlik poygasida g‘olib chiqishgan.
Ko‘rinib turibdiki, ulardan biri joriy mavsum sovrinlar soni bo‘yicha oldinga chiqib oldi. Yoki boshqa bir futbolchi ulardan bunday maqomni tortib oladi, zero ayni payt raqobat juda kuchli kechmoqda.
2018 yilda «Oltin butsa» kimga nasib Qiladi?
Yetakchi. Lionel Messi («Barselona»; Argentina) - 32ta gol, 64 ochko (liga koef. - 2)
Keyingi o‘yinlari (4): «Real» (uyda), «Vilyarreal» (u), «Levante» (mehmonda), «Real Sosyedad» (u).
Chempionlar Ligasidan chiqib ketib, Qirol kubogini qo‘lga kiritgan «Barselona» muddatidan avval Ispaniya chempionligini ham nishonladi. Navbatdagi turda «Deportivo» darvozasini uch marta ishg‘ol qilgan Lionel Messi reyting yetakchiligini Muhammad Salohdan qaytarib oldi.
Bu yog‘iga argentinalik yulduz o‘zini erkin his qilishi turgan gap. Shundoq ham Messining «Oltin butsa» poygasidagi imkoniyatlari yuqori baholanayotgandi. Birinchidan, Leo ushbu sovringa to‘rt marta ega chiqqan - uning uchun hozirgi sermahsullik faoliyatidagi eng fantastik va yuqori ko‘rsatkich sanalmaydi.
Bundan ham yaxshilarini qayd etishga ulgurgan. Ikkinchidan, argentinalikning oldida yana to‘rtta o‘yin bor, YECHL bilan chalg‘imaydi, jamoasining turnirlarda tashvishi yo‘q, xullas, sheriklari Messining natijasini yanada yaxshilashi uchun ko‘maklashishlari turgan gap.
Rosti, so‘nggi yillardagi bir xillikning o‘zgarishi tarafdorimiz, ammo vaziyatga real baho bersak, Lionelning «Oltin butsa»ni qo‘lga kiritishi haqiqatga yaqinroq.
Muhammad Saloh («Liverpul»; Misr) - 31ta gol, 62 ochko (liga koef. - 2)
Keyingi o‘yinlari (2): «Chelsi» (m), «Brayton» (u).
«Liverpul» o‘z maydonida «Stok Siti»ni qabul qilgan bahsda (0:0) Saloh ajoyib imkoniyatdan foydalana bilmadi va reytingdagi peshqadamlikni Messiga topshirdi. Avvalgi uchrashuvlarda muntazam gol urishga erishgan misrlik hujumchining ixtiyorida yana ikkita o‘yin bor.
Hattoki, «Chelsi» bilan o‘tadigan qiyin uchrashuvda ham Salohning to‘p kiritishi ehtimoli yo‘q emas. Ammo baribir, «Oltin butsa»ga da’vogarlik bobida asosiy raqobatchisiga imkoniyatni boy bermoqda.
Boz ustiga, «Liverpul»ning Chempionlar Ligasidagi ishtirokini davom ettirayotgani xalaqit qilishi mumkin. Chunki Yurgen Klopp «Roma»ga qarshi kechadigan yarim final uchrashuvlarida jamoaning asosiy to‘purariga dam olish imkoniyatini berishiga ishonish qiyin.
Chiro Immobile («Lasio»; Italiya) - 29ta gol, 58 ochko (liga koef. - 2)
Keyingi o‘yinlari (3): «Atalanta» (u), «Krotone» (m), «Inter» (u).
Chiro uchun joriy mavsum ajoyib o‘tmoqda, «A» seriyada 29ta gol urishga ulgurdi. To‘g‘ri, «Lasio» forvardi asosan muvaffaqiyatli seriyalar evaziga shunday natija ko‘rsatdi. Misol uchun, «Sampdoriya» bilan o‘yindan avvalgi ikkita bahsda maydonni golsiz tark etdi, genuyaliklar bilan o‘yinning esa 85 va 88-daqiqalariga kelibgina darvozani ishg‘ol qildi.
Afsuski, so‘nggi turda «Torino» bilan kechgan bahsning 13-daqiqasidayoq o‘z o‘rnini Felipe Kaysedoga bo‘shatishga majbur bo‘ldi. Qisqasi, Messi va Salohga munosib raqobat tug‘dirishda italiyalik forvardga aynan barqarorlik yetishmayapti.
Robert Levandovski («Bavariya»; Polsha) - 28ta gol, 56 ochko (liga koef. - 2)
Keyingi o‘yinlari (2): «Kyoln» (m), «Shtutgart» (u).
Yodingizda bo‘lsa, bir yil muqaddam Bundesliga to‘purarlari poygasida Obameyangdan o‘zib ketolmagan Levandovski jamoadoshlarini yordam bermayotganlikda ayblagandi. Hozir esa Robert Germaniya chempionatining merganlari ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda borayotgan futbolchidan ikki marta ko‘proq gol urgan va tabiiyki, «Oltin butsa»ni qo‘lga kiritishni xohlaydi.
Ammo vaziyat polshalikning foydasiga ishlamayapti. Birinchidan, Bundesligada yana ikkita tur o‘yini qoldi. Ikkinchidan, «Bavariya» chempionlikni muddatidan avval nishonlagani sababli, Yupp Xaynkes yoshlarga ko‘proq imkoniyat berishi turgan gap. Bunga biz «Ayntraxt»ga qarshi kechgan navbatdagi tur uchrashuvida (4:1) guvoh bo‘ldik.
Uchinchidan, myunxenliklarning YECHL yarim finalida qatnashishgani yetakchilarga ayrim cheklovlar qo‘llashni taqozo etdi. Misol uchun, «Gannover» bilan uchrashuvda Levandovski zaxiradan o‘yinga qo‘shildi va gol urdi. Ammo 25 daqiqa ichida charchagan sheriklar bilan bundan ortig‘iga umid qilish qiyin.
Shunga qaramay, xuddi Chiro Immobileda bo‘lgani kabi Robertda ham bir o‘yinda «xet-trik» yoki «poker» qayd etib, asosiy raqiblarga yetib olish imkoniyati yo‘q emas. Levandovski buni ajoyib tarzda uddalaydi.
Yana kimlar bor?
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.