Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ashaddiy «arrogant» haqida gaplashamiz

Ashaddiy «arrogant» haqida gaplashamiz

Baho:
+ | -

Marko Arnautovich avtohalokatlar sababchisiga aylanadi, klubdoshlari bilan janjallashadi va o‘z jamoasini axlatxonaga o‘xshatadi.

«Hayot shunaqa. Men shunday yashayman», - deydi futbolchi o‘z qiliqlariga izoh berish chog‘ida. «Tvente»dagilar qanday tavakkalga qo‘l urayotganliklarini bilishardi: 2006 yili jamoada yuksak iqtidor sohibi paydo bo‘ldi.

Ammo uning ruhiy holati, og‘ir fe’l-atvori, mojaroga o‘chligidan hamma ham xabardor emasdi.

Avstriyalik hujumchi deyarli ko‘chada ulg‘aygan. Uning hamtovoqlari uy va do‘konlarga o‘g‘irlikka tushib, oxir-oqibat qamalishardi. Marko o‘sha kezlarni shunday yodga oladi: «Biz atayin janjal chiqarish maqsadida odamlarning ko‘ziga tikilib turardik.

Vaholanki, men gangster emasdim, hech kimning hayotiga zomin bo‘lmaganman». Ko‘chadagi «tarbiya» Arnautovichning futbolchilik faoliyatiga ham ko‘chdi.

Gollandiyaga ko‘chib o‘tishidan avval Marko qadrdon Vena shahrida shov-shuv ko‘tarib, turli klublarda to‘p surdi. Qayerda o‘ynamasin, murabbiylar bilan janjallar, intizomga rioya etmasdi: «Meni hamma yerdan haydashardi, lekin bo‘lib o‘tgan voqealarga parvo qilmasdim. Menga qichqirgan murabbiylarga qo‘l ko‘tarishga tayyor edim.

Hech kimning ahvoliga qayg‘urmasdim, hech kimning gapini tinglamasdim. Faqatgina onam va otamning aytganlarini qilardim». Hattoki, bolalar murabbiylaridan biri forvardning ruhiy shifokorga uchrashi lozimligini ta’kidlagandi.

«Tvente» rahbariyati yangi Zlatan Ibragimovichni topganlariga ishonishardi. Avstriyalik hujumchining o‘zi ham shunday bo‘lishni xohlardi: shvesiyalik ampluadoshini o‘ziga namuna sifatida ko‘rsatib, unga taqlid qilardi, ammo Ibraning ajoyib o‘yini emas, balki mojaroli qiliqlarini takrorladi.

Masalan, raqibini maydonning o‘zida irqchilik ohangida haqoratlaydi. «Ibragimovichning oldida men shunchaki kichkintoy bolaman», - deya kamtarona fikr bildiradi Arnautovich.

Muammolarga o‘ch yigitcha 19 yoshida «Zenit» safiga qo‘shilishi mumkin edi, ammo o‘sha mavsum Joze Mourinyoning «Inter»ida ijara asosida to‘p surdi.

Markoning tinimsiz «qovun tushirishi» hattoki, portugaliyalik mutaxassisni ham bezdirdi: «U ajoyib inson, biroq o‘zini yosh bolalardan ham yomon tutadi».

Arnautovichning Balotelli bilan inoqligi, yig‘inlarga kech qolishi Mourinyoga yoqmasdi. «Abu-Dabida hashamatli mehmonxonada yashadik. Meni 75-qavatga joylashtirishdi. Lift ko‘tarilishini kutayotgandim.

Tugmani bir necha marotaba bosdim, ammo eshik ochilay demasdi. Fojia», - deya eslaydi Arnautovich. Keyinroq ushbu voqea yana takrorlandi.

«U meni o‘ldirib qo‘ysa kerak, deb o‘ylagandim», - o‘sha kuni Mourinyoning toqati-toq bo‘ldi va avstriyalik shogirdini hammadan alohida shug‘ullanishga buyurdi.

Bir safar Arnautovich tasodifan Mourinyoni hayron qoldirdi. Marko o‘shanda «Inter» bazasiga erta tongda tashrif buyurdi. Avtomobillar turar joyida birorta mashina ko‘rinmasdi.

«Ajoyib», - o‘yladi Arnautovich ko‘ngli ko‘tarilib. Uning bunday paytda kelganini ko‘rgan Mourinyo jilmaygancha qarsak chalib yubordi, unga yordamchilari ham qo‘shilishdi.

«Mashg‘ulotlar boshlanishidan besh soat avval kelding. Mening haqiqiy shogirdimsan. Seni yaxshi ko‘raman!» - dedi Joze va qo‘l soatini yechib, uni avstriyalik futbolchiga topshirdi. O‘sha hadya hamon Arnautovichning uyida saqlanadi.

«Inter» keyinchalik Markoni tarbiyalashni istamadi va uni «Tvente»ga qaytardi. «Haqiqiy halokat», - Stiv Maklarenning xuddi shunday ta’kididan so‘ng Arnautovichni «Verder» o‘z safiga qo‘shib, to‘rt yillik shartnoma imzoladi va katta ehtimol bilan bu qarordan afsuslandi. Marko Germaniyada ko‘p «ish»larni amalga oshirishga ulgurdi:

1) Dastlabki mashg‘ulotlarning biriga Arnautovich «Chempionlar Ligasi g‘olibi» deb yozilgan butsada keldi. Vaholanki, «Inter»ning g‘alabasiga avstriyalikning mutlaqo aloqasi yo‘q edi: u asosiy yevrokubok bahslarida bir daqiqa ham o‘ynamagandi.

Uning maqtanchoqligi klubdoshlariga yoqmadi. Bir safar Markoning velosipedi «tasodifan» buzilib qoldi. «Bugun sening kuning emas, shekilli, og‘ayni», - dedi yonidan o‘tib ketayotgan Klaudio Pisarro jilmaygancha.

2) Vaziyat mushtlashishgacha bordi. Mashg‘ulot payti u Sokratis Papastatopulos bilan yakkakurashda negadir aktyorlik qobiliyatini ishlatib, yiqildi. Gresiyalik sherigi uni o‘rnidan turg‘azishga intildi.

Arnautovich esa uni tirsagi bilan turtib, baqira boshladi. Sokratis ham o‘zini tutib turolmadi va mojaro sababchisining bo‘yniga «chang soldi».

3) «Verder»ni axlatxonaga tenglashtirdi. Rahbariyat tomonidan qo‘llangan jarima jazosiga esa futbolchi mana bu tarzda munosabat bildirdi: «Bu pullarni olib, oilangizga bering».

Bremenlik fanatlar bunday qiliqlari sababli Markoga «Arrogantovich» (inglizchada «arrogant» - «takabbur») deb laqab qo‘yishdi.

4) Bosh murabbiy Tomas Shaaf bilan tinmay janjallashdi, uning qo‘lini siqishni xohlamadi. Xurmacha qiliqlari (jumladan, mashg‘ulot payti to‘pni jahl bilan reklama to‘sig‘iga tepdi) sabab avstriyalikka «otjimaniye» jazosi qo‘llanar yoki maydon bo‘ylab hammadan ikki marta ko‘proq yugurardi.

Bir safar germaniyalik mutaxassis Markoni erta kunda maydondan olgani uchun haqoratlarga ko‘mildi: «Sen qari echkisan!», - degandi Arnautovich tap tortmay.

5) Odatdagidek, intizomsizlik qildi. 2013 yilning aprelida «Bayer»ga qarshi bahsdan bir kun avval Elyero Elia bilan birga bazaga tungi soat uchda qaytdi. Yo‘l-yo‘lakay futbolchilarni polisiya to‘xtatib, tezlikni oshirgani uchun jarima yozdi. Aybdorlar mast emasdilar, ammo mavsum oxiriga qadar maydonda ko‘rinish berishmadi.

Markoni bundan avval ham «tezlik» sabab to‘xtatishgan, o‘shanda u o‘ta qo‘pollik bilan javob qaytargandi: «Men shunchalik ko‘p pul topamanki, hatto sening hayotingni ham sotib olishim mumkin!». To‘g‘ri, keyinchalik ommaviy tarzda polisiyachidan uzr so‘rab, unga Avstriya termasi o‘yini uchun chipta sovg‘a qildi.

Arnautovich «Stok Siti»da nihoyat, mojarolardan ortib, ko‘proq o‘yinga e’tibor qaratayotgandek tuyuldi. Go‘yoki, tinchib qolgandek edi. Ammo jamoani tinchgina tark etmadi.

Klubni ambisiyalar yetishmasligida ayblab, «Vest Xem» uchun rekord sanalgan summa - 20 mln. funt sterling evaziga Londonga ko‘chib o‘tdi.

Sobiq jamoasiga qarshi uchrashuvda (3:0) avstriyalik hujumchi tribunalar tomonidan yo‘llanayotgan haqoratlarga gol bilan javob qaytardi. «Stok Siti» bosh murabbiyi Mark Xyuz esa futbolchini pastkash deb atab, olovga moy sepdi.

Arnautovich esa vaziyatga xotirjam munosabatda bo‘ldi: «Yo‘q, men sotilmadim. Shunchaki, fanatlarga men yetishmayapman, shu bois ular meni yomon ko‘rishadi».

Aftidan, bu yigit hech qachon o‘zgarmaydi.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 10:32, 13.05.2018.
O'qildi: 2194 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.