Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Zlatan Ibragimovich Rossiyada o‘tadigan jahon chempionatiga borishga haqlimidi?

Zlatan Ibragimovich Rossiyada o‘tadigan jahon chempionatiga borishga haqlimidi?

Baho:
+ | -

Shvesiya futboli afsonasi, o‘zining baland bo‘yi, baquvvat jussasi, chiroyli gollari va takabburligi bilan ajralib turuvchi Zlatan Ibragimovich milliy jamoa JCH yo‘llanmasini qo‘lga kiritgach, mundialda qatnashish istagi yo‘q emasligini ta’kidlagandi.

Ammo aprel oyi oxirlarida Shvesiya futbol assosiasiyasi Ibraning JCH-2018 «zayavka»siga kiritilmasligi haqida xabar berdi.

Xo‘sh, «Los-Anjeles Geleksi» hujumchisining mundialda qatnashish istagi bormidi? U Rossiyada o‘tadigan jahon chempionatiga borishga haqlimidi? Quyidagi tahliliy maqola aynan shu mavzuga bag‘ishlanadi.

Zlatan Ibragimovich uzoq yillar mobaynida samarali to‘p surayotgan eng yorqin futbol yulduzlaridan biri.

Faoliyati davomida Yevropaning 4ta yetakchi ligalarida to‘p surdi, 500ga yaqin gol urdi, 30dan ortiq sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Biroq har qanday futbolchi uchun milliy jamoa tarkibida mamlakat sharafini JCHda himoya qilishning ahamiyati juda katta.

Ibra Shvesiya termasidagi debyutini 2001 yilda nishonlagan, shu davr ichida 4ta Yevropa chempionati va 2ta mundialda qatnashgandi.

Ammo qit’a miqyosidagi musobaqalarda 6ta gol urgan bo‘lsa, jahon chempionatlarida hisobni ocha olmadi. Tabiiyki, agar u Rossiyadagi turnirga tashrif buyurganda, ana shu bo‘shliqni to‘ldirish uchun bor kuch-mahorati va imkoniyatini ishga solardi.

Shvesiyalik hujumchi Yevro-2016dan keyin terma jamoadagi faoliyatini yakunlab, keyinchalik biror marta ham «Tre Krunur» safida maydonga tushmagandi.

Shunga qaramay, mundialga yo‘l olishi ehtimoli yo‘q emasligini ko‘p ta’kidladi. Yodingizda bo‘lsa, u «MYU»da to‘p surayotganda, 2017 yilning aprelida YEL doirasidagi «Anderlext»ga qarshi bahsda jarohat olgandi.

Biroq hozir sport formasini tiklab, AQSHda samarali faoliyat yuritmoqda. Zlatandek yuksak mahorat sohibi nafaqat Shvesiya, balki istalgan terma jamoaga ham ortiqchalik qilmaydi.

Boz ustiga, 31 yoshli faxriylar - Markus Berg va Ola Toyvonenlarni hisobga olmaganda, shvedlar safida sermahsul hujumchilar yo‘q hisobi.

Saralash bosqichida Berg 11ta uchrashuvda 8ta gol urdi, Ola esa nisbatan kamtarona ko‘rsatkich - 3ta gol bilan kifoyalandi. Isaak Telin - Kristofer Nyuman - Yon Gvidetti uchligi esa hamkorlikda arang 2ta to‘p kiritishdi. To‘rt yillikning bosh turnirida esa tabiiyki, har bir aniq zarbaning bahosi baland.

O‘z navbatida, Ibragimovichning termaga qaytishi jamoa muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emasdi. Birinchidan, Zlatan saralash bosqichida ishtirok etmadi, mundial yo‘llanmasini jamoa usiz qo‘lga kiritdi. Ibra kelgan taqdirda qaysidir futbolchi o‘z o‘rnini bo‘shatib berishiga to‘g‘ri kelardi.

Boshqa tomondan, «Geleksi» hujumchisining mundial ishtirokchisiga aylanishiga FIFA to‘sqinlik qilishi mumkin edi. Gap shundaki, Zlatan yaqinda bukmekerlik kompaniyalaridan birining sohibiga aylandi. Xalqaro FF qoidalariga ko‘ra, professional futbolchilarga bukmekerlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan.

Biroq futbolchining o‘zini FIFA qo‘yishi mumkin bo‘lgan to‘siq zarracha xavotirlantirmadi. Uning fikricha, JCHga yo‘l olishni xohlasa, hech kim xalaqit bera olmasdi: «Men qayerda bo‘lishni xohlasam, o‘sha yerda bo‘laman. Bu terma jamoaga ham taalluqli: uning safida maydonga tushishni istasam, albatta, shunday qilaman. FIFAning bunga aloqasi yo‘q, bu mening shaxsiy ishim».

Etiborli jihati shundaki, hatto bukmekerlik kompaniyasiga bag‘ishlangan reklama roligida ham Zlatan JCHda ishtirok etish istagini eslatib o‘tgandi. Aktyorning bu boradagi imkoniyatlari qanchaligi xususidagi savoliga u quvlik bilan «juda olis», deb javob bergandi. Keyinchalik futbolchi bu ibora «juda oz» ma’nosini anglatishini ma’lum qilgandi.

Xullas, JCH-2018 tobora yaqinlashayotgan pallada Ibragimovich bilan bog‘liq jumboq unga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirayotgandi. Ammo yakuniy xulosa kimlarnidir xursand qilgan bo‘lsa, kimlarnidir ranjitdi: Zlatan fikrini o‘zgartirmaydi va termaga qaytmaydi. Biz Rossiyadagi mundialda Ibrasiz qatnashadigan Shvesiya milliy jamoasining o‘yinlariga guvoh bo‘lamiz.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 17:05, 22.05.2018.
O'qildi: 5871 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.