Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Robot mushuk, bo‘yoqchi va «terminator 3» yoxud Italiya futbolidagi eng g‘alati homiylar

Robot mushuk, bo‘yoqchi va «terminator 3» yoxud Italiya futbolidagi eng g‘alati homiylar

Baho:
+ | -

2017 yilning yanvar oyida «Piza» murabbiyi Jennaro Gattuzo («Milan» afsonasi o‘sha vaqt shu klubda ishlayotgandi) navbatdagi matbuot anjumaniga noodatiy mehmon hamrohligida kirdi. U kim edi?

Qiziqsangiz, marhamat, Italiya futboli va homiylar o‘rtasidagi munosabatlarga bag‘inlangan maqolani o‘qib chiqing. Bunda gap asosan g‘alati homiylik kelishuvlari haqida boradi.



Gattuzo matbuot anjumaniga Doraemon - mashhur yaponcha anime-serial qahramoni bilan birga tashrif buyurgandi. Keyinroq ushbu kelajakka mansub robot mushuk Italiya kinoteatrlarida bolalarni xursand qilish uchun «kelgani» ma’lum bo‘ldi. Xullas, serialni sotib olganlar reklama maydoni sifatida futbol klubini tanlashgandi.

«Ishonchimiz komil, jamoamiz muxlislarining qiziqishlari multfilmga katta muvaffaqiyat keltiradi, - dedi «Piza» prezidenti Juzeppe Korrado. - Shuningdek, Doraemon klubimiz timsoliga aylanishidan ham umidvorman». Biroq temir mushuk «neradzurralar»(«Piza»ni ham shunday atashadi)ni atigi 1ta o‘yin - «Ternana»ga qarshi kechgan bahsda qo‘llab-quvvatladi, xolos.

Bungacha «Piza» 2 oy davomida g‘alaba qozonolmagan va hattoki, gol ham urmagandi. Qarangki, Doraemon qadami xush yoqibmi, jamoa omadsiz seriyalariga barham berdi, ya’ni 1:0 hisobida ustun keldi. 3 ochko taqdirini hal qilgan yagona gol Massimiliano Gatto nomiga yozildi.

Eng qizig‘i, uning familiyasi italyan tilida aynan «mushuk» ma’nosini anglatadi... «Piza» rahbariyati Doraemonni keyingi o‘yinlarga ham taklif etishi kerakmidi? Chunonchi, jamoa chempionat yakunida Pro-ligaga tushib ketdi. Multfilm namoyishi esa ancha omadli chiqdi.

Yaponcha anime qahramoni Italiya futbolida namoyon bo‘lgan eng kutilmagan reklama personajlaridan biridir. Lekin u bu borada yagona emas.

Har holda, 1979 yili jamoa liboslarida homiylar logotipini aks ettirishga rasman ruxsat berilganidan buyon turli-tuman g‘oyalar amalga ko‘chdi. Ya’ni klublar yangi kinokartinalar afishasini ko‘rsatishdan tortib, notanish bo‘yoqchini qo‘llab-quvvatlashgacha bordi.



2013 yil oktyabr. Turnir jadvalida 4-o‘rinni egallab turgan Franchesko Gvidolin rahbarligidagi «Udineze» klubi «Roma»ga qarshi o‘yinda noodatiy yozuvlari bor futbolkadan foydalandi. Oddiy aytsak, hammaga tanish Dacia yozuvi o‘rnini «Mikael Nino, bo‘yoqchi» jumlasi egallagandi.

Ninoning o‘zi tanaffus chog‘i maydonga tushdi va tribunalar olqishiga sazovor bo‘ldi. Albatta, bekorga emas, u mikrofonni xuddi bo‘yoq cho‘tkasi kabi ushlab, klubni sharafladi: «Tushunarliki, «Udineze» safida o‘ynash yaxshiroq, biroq ism-sharifimning libosga tushgani ham katta gap - bu aqlga sig‘maydi».

Mikael Dacia tomonidan kichik tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan tanlovda g‘olib chiqish asnosida jamoa formasiga xohlagan yozuvini tushirish huquqini qo‘lga kiritgandi. Tanlov mavzusi «Asosiysi - ish sifati» bo‘lib, barcha xohlovchilar o‘zlari va doimiy mashg‘ulotlari haqida videorolik yaratib, uni kompaniyaga jo‘natishgandi.

«G‘oliblik nega aynan menga nasib etdi? Ehtimol, hay’at a’zolarini deyarli sochilib ketgan shaxsiy furgonim hayratga solgandir? - deya kuldi Nino keyinchalik. - Mana, gazetalarda men haqimda yozishdi, stadionda muxlislarga ko‘rinish berdim, endi yangi-yangi buyurtmalar tushmoqda. Ochig‘i, bo‘yoqchilik kasbi vositasida shunchalik tanilishni sira o‘ylagan emasdim».



«Martina» - Taranto provinsiyasi klubi. Bu jamoa o‘zining 70 yillik tarixi davomida Pro ligasidan yuqoriga ko‘tarilgan emas. Qisqasi, u faqat Martina Franka shahrida mashhur, mahalliy yozuvchi Mario Desiatining dovrug‘i esa ancha uzoqlarga ham ketgan.

Taniqli ijodkor Rimga ko‘chib o‘tib, mashhurlikka erishishidan avval Martina Frankadagi gazetada ishlagan. Desiati qalamiga mansub kitoblar ko‘plab tillarga tarjima qilingan, «Baxtiyor nikohlar mamlakati» romani asosida esa film ham suratga olingan.

Kamtarin «Martina»ning eng taniqli muxlisi hisoblanadigan yozuvchi tabiiyki, ortiqcha reklamaga ehtiyoj sezmaydi. Biroq klub rahbariyati Marioni xursand qilishni o‘yladimi, har holda, liga peshqadami va asosiy raqib - «Jinoza»ga qarshi o‘yinda uning yangi asarini «ko‘z-ko‘z» etishni lozim topdi.

Oddiy aytganda, jamoa futbolchilari «Poklik» (kitob nomi) yozuvi tushirilgan liboslarda harakatlanishdi. Asar «ta’siri» chakki emas: «Jinoza» 6:0 hisobida tor-mor etildi.



- «Lasio» bizning «Inter»ni faqat PlayStation o‘yinida mag‘lubiyatga uchratishi mumkin - «neradzurralar» muxlislari 2008 yilning dekabrida bo‘lgan o‘yindan so‘ng shunday hazillashishdi.

Chunonchi, Joze Mourinyo boshqaruvidagi «Inter» dahshatli «Olimpiko»da «burgutlar»ni 3:0 hisobida yengib, yangi mahsulotlari reklamasi uchun Rim klubini tanlagan Konami kompaniyasi rahbarlari kayfiyatini nol darajaga tushirgandi.

Xullas, «Lasio» video‘yinni targ‘ib qilgan birinchi jamoa bo‘lgandi. Rimliklar o‘z liboslarida Pro Evolution Soccer seriyasining yangi qismi - PES 2009 yozuvini namoyish etishdi. Savdo natijalari ko‘rsatdiki, PES Italiyada FIFAdan mashhurroq ekan.

Deylik, bir oy davomida «Lasio» reklama qilgan o‘yinning naq 675 ming nusxasi sotildi. Bundan ilhomlangan Yaponiya kompaniyasi o‘z mahsulotiga qiziqishni yanada oshirish harakatini boshladi. Biroq «Lasio»ning o‘sha ko‘rinishdagi futbolkasi cheklangan miqdorda ishlab chiqildi va barcha xohlovchi kolleksionerlarga yetgani yo‘q.



Beshinchi divizionda o‘ynaydigan «Granamika» jamoasi Bolonya provinsiyasiga tegishli. Klubning yoshlar tarkibiga doimiy forma topish masalasi ko‘tarilgach (futbolchilar turli liboslarda maydonga tushardilar), birinchilardan bo‘lib, tamaki do‘koni sohibi taklif bilan chiqdi.

Yo‘q, jamoani futbolkalar bilan ta’minlashga va’da bergan tadbirkor ularda o‘z do‘koni ramzini aks ettirishni so‘ramadi, aksincha, tamakini qoralab chiqishni talab qildi: «Yosh o‘spirinlarni chekishga targ‘ib etmayman aslo. Tamakining foydasi yo‘q, zarari ko‘p. O‘zim maktab davridan cheka boshlaganman, hozirgi yoshlar bunday qilmasliklarini xohlardim».

Shu tariqa «Granamika» rahbarlari talabga muvofiq, original g‘oya o‘ylab topishdi - libosga sigareta ustidan qora chiziq tortilgan tanish belgini joylashtirib, tagiga yozuv tushirishni ham unutishmadi: «Chekish o‘ldiradi! Mendan uzoqroq yur».

Shuningdek, homiy do‘koni nomini ham qo‘shib qiyishdi, faqat unga kirish tavsiya etilmasligi yozildi. Yosh yigitlar yangi formada zavq bilan to‘p surishdi, ota-onalar esa homiy topish barobarida tarbiyaviy missiyani qoyillatgan klub xodimlariga tasannolar aytishdi.

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 12:56, 30.05.2018.
O'qildi: 4638 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.