«Real» futbolchilaridan iborat bir guruh bosh murabbiy Alvaro Arbeloaga haqoratomuz laqab o‘ylab topgan. Bu haqda OK Diario nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, futbolchilar Arbeloani «konus» deb atashgan. Ehtimol, ular shu yo‘l bilan murabbiyning tashqi ko‘rinishi yoki mashg‘ulot uslubini masxara qilmoqchi bo‘lishgan.
Arbeloa o‘zining yangi laqabi haqida bilgach, uni o‘ylab topgan futbolchilarni maydonga tushirmay qo‘ygan.
Qayd etilishicha, hozirda «Real» ichidagi muhit butunlay izdan chiqqan. Kilian Mbappe mavsum o‘rtasida jarohat bahonasida ta’tilga chiqqanidan keyin jamoadoshlarining g‘ashiga tegmoqda. Orelyen Chuameni va Federiko Valverde mashg‘ulotda mushtlashib ketgan. Vinisius Junior esa maoshini oshirishni talab qilmoqda. Shu bilan birga, Arbeloaning jamoa oldida yetarlicha obro‘si yo‘qligi ham ta’kidlangan.













