Agar “Manchester Siti” moliyaviy qoidabuzarliklar sababli APL tomonidan jiddiy jazoga tortilsa va Erling Holand jamoani tark etsa, “Barselona” ushbu hujumchini o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini qo‘ldan boy bermoqchi emas.
“Manchester Siti” hujumchisi Erling Holand 2027-yilning yozida Kataloniyaning “Barselona” klubiga o‘tishi mumkin. Bu haqda El Nacional nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, agar Angliya Premyer Ligasi moliya qoidalarini buzgani uchun “shaharliklar”ga jiddiy jazo qo‘llasa va buning natijasida norvegiyalik hujumchi klubni tark etishga qaror qilsa, Kataloniya klubi bu vaziyatdan foydalanib qolishga harakat qiladi.
Manbaga ko‘ra, hozirda kataloniyaliklar vingeri Rafinya markaziy hujumchi pozisiyasida muvaffaqiyatli o‘ynab, muntazam gol urayotganiga qaramay, klub sport direktori Deku klassik hujumchi sotib olish g‘oyasidan voz kechmagan. Klub yozda “Atletiko” forvardi Xulian Alvaresni o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilib ko‘rdi, ammo yakunda futbolchi Madrid klubida qolishga qaror qildi. Shu bois endi ushbu pozisiya uchun asosiy nomzod sifatida Erling Holand ko‘rilmoqda.
Biroq kelasi yilning yozida “Barselona”ning o‘zida ham moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelishi kutilmoqda. Holandning transferi reallikka aylanadimi yoki yo‘q, bu bevosita klubning kelgusi yozdagi iqtisodiy holatiga bog‘liq bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida, “Manchester Siti” APL moliyaviy reglamentini buzish bo‘yicha aybdor deb topilgan. APL 2023-yil fevral oyida “Manchester Siti”ga 2009/10–2017/18-yillar oralig‘idagi davr bo‘yicha 115 ta ayblov qo‘ygan. Klub aniq moliyaviy ma’lumotlarni taqdim etmaslik, futbolchilar va murabbiylarga to‘langan tovon pullari bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumot berish, shuningdek, Premyer Liganing foydalilik va barqarorlik qoidalarini buzganlikda ayblangan.













