Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Uchmasga aylangan uchar golland yoxud samolyotda uchishdan qo‘rqadigan yulduz - Dennis Bergkamp

Uchmasga aylangan uchar golland yoxud samolyotda uchishdan qo‘rqadigan yulduz - Dennis Bergkamp

Baho:
+ | -

Dennis oyoqlari chigilini yozmoqchi bo‘ldi. Biroq ixcham samolyot bortida bemalol qad rostlashning imkoni yo‘q edi. Bir necha soatdan keyin «Napoli»ga qarshi bahs boshlansada, Bergkamp yoqimsiz parvoz xayolidan qutula olmasdi.

Tinchlantiruvchi dori ham naf bermadi. Samolyot shunchalik eski ediki, qulay ob-havo sharoitida ham tinmay silkinardi. Futbolchi tirsak suyanchig‘iga yopishgan holda nigohini illyuminatorga qaratdi. Ammo tashqi manzara ham kayfiyatni ko‘taradigan daraja emasdi: «qariya» samolyot bulutdan yuqoriga ko‘tarila olmasdi.

Dennis ko‘zlarini yumgancha hech narsani o‘ylamaslikka intildi. Lekin bir kundan so‘ng yana shu «shaldiroq arava»da ortga qaytish o‘yi umuman tinchlik bermadi.

Bergkampdagi vahima xuruji 1989 yilda yuz bergan mudhish aviahalokatdan keyin paydo bo‘ldi. 176 kishining hayotiga zomin bo‘lgan fojia qurbonlari orasida Dennisning «Ayaks» akademiyasidagi qadrdon do‘sti Virjil Yumank ham bor edi. Amsterdam superklubida Bergkampga xurujlar deyarli xalal bermadi - jamoa parvoz ehtiyojidan xoli edi.

Ammo futbolchi 1994 yilda «Inter»ga o‘tgach, vaziyat o‘zgarib ketdi: jamoaning har bir safar uchrashuvi parvozlarsiz o‘tmasdi. Bu esa uchar golland uchun chinakam azob edi. Milandagi dastlabki mavsumni u tabletkalar ko‘magida bir amallab yakunladi. AQSHdagi JCH-1994dan keyin Dennis yanada murakkab vaziyatga tushib qoldi.

Guruh bosqichining ikkinchi uchrashuvini o‘tkazish uchun terma jamoa Orlandodan Dallasga parvoz qildi, Bergkamp o‘z odatiga ko‘ra tabletka qabul qildi va o‘rindiqqa cho‘zildi. Biroq kutilmaganda gollandiyalik jurnalist styuardessa o‘zi bilan bomba olib ketayotganini ma’lum qildi.

Tabiiyki, havo kemasi shoshilinch tarzda qo‘ndirildi, polisiya hazilkashni hibsga oldi, Gollandiyadagilar lavozimidan chetlashtirildi. Ammo bu choralar Dennisga naf keltirmadi - u chuqur stress holatini boshdan kechirdi. Lekin o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlash uchun bor kuch-mahoratini mundialga qaratib, guruhning uch uchrashuvida uchta gol urdi.

«Uchar gollandlar» chorak finalda Braziliyaga imkoniyatni boy berishdi. Shundan keyin futbolchi o‘ta toliqqanini payqadi: «Bir amallab mehmonxonaga yetib oldim. Ammo holatim yanada yomonlashdi, badanim qaltiray boshladi. Uyga qaytish chog‘ida oyoq-qo‘lim qo‘rg‘oshinga aylangan, boshim ham vazmin edi. Sudrala-sudrala samolyotga ko‘tarildim».

Gollandiyada vahima chekindi, ammo futbolchining jismoniy holati juda yomon edi. Terma jamoa shifokori Dennisga to‘liq ta’tilni tavsiya qildi. U esa Fransiya janubidan bir uyni ijaraga olib, rafiqasi bilan dam olishga otlandi.

Biroq u yerda ham charchoq changalidan chiqa olmadi: «Odatda, ta’tildagi musaffo havo hamda ozodlik kuch-quvvatni tiklaydi. Ammo bu gal negadir moviy dengiz ham, plyaj ham ko‘nglimga sig‘madi. Hatto uychadagi shinamlik ham yoqmay qolgandi».

Futbolchi «Inter»dagilarga qo‘n­g‘iroq qilib, yig‘inga biroz kechikib borishga izn so‘radi. Ammo bosh murabbiy Ottavio Byanki iltimosni qondirmadi. Oqibatda olis mavsumdan so‘ng atigi o‘n kun hordiq chiqargan Bergkamp Italiyaga charchoqdan forig‘ bo‘lmagan holatda qaytdi.

Boz ustiga, yangi mavsumda klubning mitti samolyotida har oy ikki-uch martadan parvoz qilishga to‘g‘ri keldi. Shu tariqa Dennisdagi aerofobiya xastaligi avjiga chiqdi, safar arafasidagi tunni uyqusiz o‘tkazish odatga aylandi. U muntazam ravishda osmonni kuzatadigan, havo aynishidan xavotirlanadigan bo‘lib qoldi.

Ko‘hna havo kemasining o‘ta tor va noqulayligi esa aerofobiya yoniga klaustrofobiya xastaligini qo‘shib qo‘ydi. «Bu men uchun chinakam jahannam azobi edi», - deb yozgandi Dennis 20 yildan keyin. Ruhiy xurujlardan xalos bo‘la olmagan futbolchi «Inter»dagi ikkinchi mavsumini bor-yo‘g‘i beshta gol bilan yakunladi.

Florensiya safari arafasida Bergkampning sabri tamom bo‘ldi - uchish yo‘lakchasida samolyotga ko‘zi tushgani zahoti vujudini qo‘rquv egalladi va parvozdan bosh tortdi. Safar uchrashuviga rafiqasining avtomashinasida borib kelgach, endi hech qachon samolyotga chiqmasligini tushundi.

Uchmasga aylangan uchar gollandning Milandagi sarguzashtlari shu tariqa poyoniga yetdi. Ayni shu pallada «Arsenal» Bergkampni o‘z tarixidagi rekord qiymat - 13 million yevroga xarid qildi. Massimo Moratti esa londonlik kasbdoshlarini nordongina kinoya bilan siylashni ham unutmadi: «Agar Dennis mavsumda 10ta gol ura olsa, omadimiz keldi, deb hisoblayvering».

Yangi jamoa mutasaddilari gollandiyalik hujumchining holatiga xolisona baho berib, safar uchrashuvlariga poyezd yoki avtobus bilan borish imkoniyatini yaratishdi.

O‘ta olis masofalardagi bellashuvlarda, masalan, 1998 yilda Kiyevning «Dinamo»si, 2003 yilda Moskva «Lokomotiv»i va 2006 yilda Madridning «Real»i bilan bo‘lgan uchrashuvlarda u ishtirok etmadi. Shunga qaramasdan, Angliyadagi debyut mavsumni 16ta gol bilan yakunladi.

Dennisdagi ijobiy o‘zgarishlarni rafiqasi Xenrita shunday izohlagandi: «Fobiya g‘oyib bo‘lgani yo‘q. Ammo endi u bizni bezovta qila olmaydi. Parvozdan butunlay voz kechgach, Dennis xotirjamlikka erishdi. Bu bebaho ne’matni samolyot yordamida tejalgan qandaydir 3-4 soat vaqt bilan aslo taqqoslab bo‘lmaydi!»

Aerofobiyadan xalos bo‘lish uchun Bergkamp oldida ikki yo‘l bor edi: uzoq vaqt davomida shifokor muolajasi va parvozlardan voz kechish. Hujumchi ikkinchi variantni ma’­qul ko‘rdi va ko‘p vaqtini yo‘lga sarflaydigan bo‘ldi. Olis masofalarni iloji boricha tezroq bosib o‘tish uchun shunga yarasha chora-tadbirlarni ham ko‘rdi, albatta.

«Arsen Vengerning fikricha, uzoq yo‘l bosish meni charchatib qo‘yarmish. Aslida unday emas - men mashinada sayohat qilishni yoqtiraman. Boz ustiga, avtomobilimda barcha qulayliklar mavjud».

Darhaqiqat, futbolchiga tegishli Range Rover Sport avtomobilida yo‘lda miriqib dam olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan. 1999 yilda «Arsenal» YECHLda «Fiorentina» bilan kuch sinashganida, hujumchi 1760 km. masofani bosib o‘tish uchun ikki kun sarflagan va o‘yinda ishtirok etgandi.

Olis safarlar chog‘ida qudratli «po‘lat toychoq»dan tashqari Vik Eykers ham Dennisning yaqin ko‘makchisi bo‘lgan. Angliyalik mutaxassis 1986 yildan boshlab «to‘pchilar» tizimida xizmat qilar, ekipirovka masalalariga javobgar edi.

Arsen Venger ham Bergkampning fidoyiligiga qoyil qolsada, ba’zan o‘z fikrini o‘zgartirmasdi. 2001 yilning martida «Arsenal» «Lion»ga qarshi o‘ynashi aniq bo‘lgach, Dennis maydonga tushish uchun ikki kun avval safarga otlanishini ma’lum qildi. Lekin murabbiy uni tarkibga kiritmadi.

Vaholanki, jamoa 1997 yilda UYEFA kubogi doirasida «PAOK»dan yengilgach, muxlislar omadsizlikni Saloniki safaridan (Londondan 2725 km.) voz kechgan uchmas gollandga ag‘darib qo‘ya qolishgandi. Shunga qaramasdan, Bergkamp «to‘pchilar» sharafini 11 yil munosib himoya qildi. Lekin o‘z ahdini ham buzmadi - 1995 yildan keyin bir marta ham samolyotga chiqmadi.

To‘g‘ri, Yevro-1996 saralashining Minskdagi uchrashuvida terma jamoa­ga yordam berishga urinib ko‘rdi, hatto «uchar gollandlar»ning Nordveykdagi bazasiga ham yetib keldi. Biroq u yerda ham tunni mijja qoqmay o‘tkazdi. Shundan keyin Gus Xiddink va shifokor Fris Kesseldan uzr so‘radi.

Yevro-2000 yakunlanganidan keyin esa terma jamoadagi faoliyatini yakunladi. Chunki navbatdagi jahon chempionati Yaponiya va Janubiy Koreyada o‘tkazilishi avvaldan ma’lum edi. Osiyo zaminiga mashinada tashrif buyurishning iloji yo‘qligi uchmasga aylangan uchar gollandni shunday qarorga kelishga majbur etgandi.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda. 
Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 21:22, 08.06.2018.
O'qildi: 4177 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.