Rossiyaning «SSF» nashri muxbirlari Hyundai Motorstudioning shinam zalida Daniya terma jamoasi sobiq darvozaboni Peter Shmeyxel bilan bafurja gaplashishdi.
Skandinaviya jamoasining JCH-2018dagi bosh qahramonlaridan biri Kasper Shmeyxelning otasi suhbat davomida Rossiya stadionlari go‘zalligini alohida e’tirof etish barobarida doimgidek, «Rotor» darvozaziga urgan o‘sha tarixiy golini yana bir marta esladi.
«Hammasi ajoyib! - darhol tan oldi afsonaviy kiper. - O‘ylaymanki, Rossiyaga kelgan har bir kishi jahon chempionatidan katta ijobiy quvvat oldi. Moskvada barchasi qoyilmaqom! Sankt-Peterburgdagi futbol muhiti ham hayratga soldi».
- Umuman, FIFA dasturi asosida oxirgi yil davomida muntazam Rossiya bo‘ylab safarlarga chiqdingiz. Nima ko‘proq yodingizda qoldi yoki hayratlantirdi?
- Ehtimol, Qozon safari taassurotlarini anchagacha unutmasman. Zero, u yerga borganimda, havo harorati minus 20-25 daraja edi. Juda sovuq, ammo ko‘m-ko‘k osmon. Aytishim mumkinki, Qozon Rossiyaning men ko‘rgan eng ko‘rkam shaharlaridan biri ekan. U yerda vertolyotda stadion, mahalliy daryo va turar-joylar ustidan uchib o‘tdik - unutilmas sayohat.
Stadionlar haqida alohida gapiradigan bo‘lsam, Yekaterinburgdagi arenaga gap yo‘q - ham tashqi, ham ichki ko‘rinishi ajo-yib. Stadion atrofida chamasi 20 ming muxlis bilan ko‘rishdim - bunaqasi hayotimda ilk marta ro‘y berdi. Bunday uchrashuvni unutish mumkinmi? «Lujniki»? O, ta’rifga til ojiz!
Bu arenada o‘zim ham o‘ynaganman. 80 ming muxlis qarshisida har qanday professional ham yengil «shok» holatiga tushadi. «Spartak» arenasi ham chiroyli! Tabiiyki, Kreml salobati hayratimni yanada oshirdi...
- Bahosi milliard yevroga teng «Krestovskiy»chi?
- Zo‘r, juda zo‘r! Bunday arenalar futbolni butun mamlakat miqyosida rivojlantirish imkoniyatini yaratadi. Sankt-Peterburgdagi arenada muxlislar bilan liq to‘la tribunalarni, betakror muhitni ko‘rib, ochig‘i, o‘zgacha bir tetiklik his qildim. Stadion chetda turgan menga shunchalik ilhom bag‘ishlagan ekan, maydondagi jamoalarga nechog‘li ta’sir o‘tkazishini tasavvur qilib olavering.
- Internet tarmog‘ida Peter Shmeyxel haqida ma’lumot qidirilsa, Vikipediya sahifasi ortidan «MYU»ning «Rotor»ga qarshi o‘tkazgan o‘yini qaydnomasi kelib chiqadi. Negaligini bilasizmi?
- To‘g‘risi, o‘sha o‘yinni eslolmayapman...
- Nahotki, axir unda gol urgansiz.
- Mayli-mayli, esimda, albatta (kuladi). UYEFA kubogi, birinchi o‘yinda durang qayd etilgandi. Keyin javob bahsida 2ta gol qo‘yib yuborganman. Xullas, so‘nggi daqiqalar, hisob - 1:2. «MYU» o‘sha vaqt turnirni bunchalik erta tark etmasdi (1|32 final nazarda tutilyapti).
Buni muxlislarimiz ham kechirishmasdi. Ha, esimda, juda sust o‘ynaganmiz. Shunchaki, yomon. Muhimi, mening nomimga yozilgan o‘sha gol tufayli mag‘lubiyatdan qutulib qolganmiz. Shu bilan jamoamizning yangi qirralarini ochganmiz.
Xususan, har qanday og‘ir holatdan chiqib ketishga qodir ekanligimizni isbotlagandik (vaholanki, o‘shanda «MYU» ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, «Rotor»ga yo‘l bo‘shatgandi).
- «MYU» 1999 yili CHL finalida mislsiz jasorat ko‘rsatib, g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirgach, buning sharafiga ajoyib salto ko‘rsatgandingiz. Daniya termasi guruhdan chiqish masalasini hal qilgach, o‘sha saltoni takrorlamadingizmi?
- Nimalar deyapsiz? Yoshim 50dan oshdi. Qanaqa salto?
- Daniya va Islandiya - qo‘shni mamlakatlar. Ikki xalqning bir-biriga munosabati qanday?
- Islandlar - eng yaqin do‘stlarimiz. Ayniqsa, island muxlislariga hurmatim baland. Ular 2 yilcha oldin o‘z xatti-harakatlari bilan jamoani ruhlantirish asnosida o‘yinning borishiyu, natijaga ta’sir qila olishlarini isbotlab, butun dunyoni lol qoldirishdi.
Umuman, Islandiya tarixda Daniya qirolligi tarkibiga kirgan. Ya’ni Daniya, Islandiya, Grenlandiya, Farer orollari, Norvegiya va Shvesiya yagona edi. Hattoki, hozir ham Islandiya maktablarida Daniya tili o‘rgatiladi. Shunday ekan, biz Islandiya termasiga ham befarq qaramaymiz.
- Umuman, Islandiya termasi kabi jamoalarning JCHda «pley-off»ga chiqish imkoniyati reallikka to‘g‘ri keladimi?
- Albatta. Islandlar bu safar jahon birinchiligida ilk marta ishtirok etishganini unutmang. Ularda tajriba yo‘q edi. Bunda nafaqat o‘yinchilar, balki jamoa va milliy federasiya tajribasini nazarda tutyapman. Mana, qo‘shnilarimiz bunday darajadagi turnir bilan bevosita tanishib olishdi.
To‘g‘ri, umumiy qaraganda, futbol nuqtai nazaridan kichik mamlakatlar jamoalarining JCH «pley-off» raundlarida o‘ynash imkoniyati nisbatan past, baribir.
- 1992 yili Daniya termasi mo‘’jizaviy tarzda Yevropa chempionati g‘olibiga aylangandi. Futbol saltanati hisoblanmagan mamlakat jamoasi bunga qanday erishgan?
- Nima, o‘sha g‘alabamizni mo‘’jizaga qiyoslayapsizlarmi?
- Ha. Siz ham bunga qo‘shilsangiz kerak.
- Menimcha, bunda «mo‘’jiza» iborasi ortiqcha. Zero, tarkibimizda ajoyib futbolchilar yig‘ilishgandi.
- Biroq jamoangiz Yevropa chempionatiga mutlaqo kutilmagan holda, ta’bir joiz bo‘lsa, ta’tildan to‘g‘ri yo‘l olgandi...
- Yo‘q, ta’tilda emasdik. Deylik, chempionat oldidan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushgandik.
- MDH termasiga qarshi.
- Ha, shu jamoa bilan o‘ynaganmiz. Shunday ekan, ta’til haqida gapirish o‘rinsiz. Lekin turnirga to‘laqonli tayyorgarlik ko‘rolmaganimiz ayni haqiqat.
- Keyin kichik va futbol mamlakati sanalmaydigan yurtda buyuk o‘yinchilarning to‘liq bir avlodi shakllangani oydinlashdi...
- Hammasi ancha oldinroq boshlangan edi. Aniqroq aytsam, jamoamiz 1984 yilgi Yevropa chempionati final bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritganidan so‘ng futbol sohasidagi ishlar jadallashdi. O‘sha vaqt hali bolakay edim va yulduzlarimiz ko‘rsatgan o‘yinlarni kuchli ishtiyoq bilan tomosha qilganman.
Aynan ular Daniya futbol bobida ham yuqori saviyaga chiqa olishini amalda isbotlab berishgandi. Demoqchimanki, 1984 yilgi milliy jamoa men kabi ko‘plab bolakaylarga alohida ishonch bag‘ishlagan.
Shuning ta’sirida futbol bilan jiddiy shug‘ullana boshlagandik. Zero, agar talab darajasida ishlasak, natija chiqishini tushungandik. Muhimi, aynan shunday bo‘ldi.
- Bugungi Daniya termasining bosh yulduzi Kristian Eriksenni ayrimlar hattoki, o‘sha davrdagi aka-uka Laudruplardan ham ustun qo‘yishmoqda.
- Men esa bu kabi qiyoslashlardan tiyilaman. Eriksen - zamonaviy futbol vakili. Hozirgi texnologiyalar, fan va tibbiyotni Laudruplar o‘ynagan davrdagiga taqqoslab bo‘ladimi? Aslo. Lekin bilasizmi, JCH oldidan «Tvitter»dagi shaxsiy sahifamda antiqa so‘rov o‘tkazdim.
«Jamoangizga Eriksenni olarmidingiz yoki Neymarni?» qabilidagi savol ishtirokchilarni yetarlicha qiziqtirdi. Natijalarga kelsak, chamasi 20 foiz ishtirokchi Eriksenni yoqladi, qolganlar Neymarga ovoz berishdi. Qizig‘i, turnir davomida shu so‘rovni takrorlaganimda, natija keskin o‘zgardi: 60 foiz muxlis Kristianni tanladi.
- So‘rovda qizlar ham ishtirok etishgani aniq. Ular esa Neymarni ko‘proq yoqtirishadi.
- Ehtimol, negaki, braziliyalik futbolchi juda qiziqarli soch turmagiga ega.
- Bugungi futbol yulduziga e’tibor haddan ortiq kuchli: ijtimoiy tarmoqlar, telekanallar, gazetalar...
- Ha, avvallari osonroq edi. Ayni payt hamma sen bilan birga suratga tushishni xohlaydi - telefon bor-da... Umuman, mashhur futbolchilar endilikda ko‘chada bemalol sayr qilolmaydilar. Yaqinda studiyada ko‘rsatuv olib borayotganimda, telefonim jiringladi.
O‘g‘lim qo‘ng‘iroq qilibdi, u bir tashqariga qarashimni so‘radi. Qarasam, butun jamoa bo‘lib sayr qilib yurishibdi, hech kim e’tibor qaratmayapti. Demak, ular hali superyulduz darajasiga chiqishmagan. Neymar, Ronaldu va Messi esa bunday erkin yurolmaydilar. Shu ma’noda aytsam, ularga nisbatan qiyin.
- Tushunarliki, Messi va Ronaldu sayyoramizning asosiy ikki futbol personaji hisoblanishadi. Deylik, yana 10-15 yildan keyin nima bo‘ladi? Kim bosh rolga chiqadi?
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.