Xabaringiz bor, joriy yildan boshlab O‘zbekiston hamda Ispaniya futbol ligalari o‘rtasida yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Shu yilning 22 yanvar kuni O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘zbekiston futbol assosiasiyasi 1-vise-prezidenti Umid Ahmadjonov Ispaniyada rasmiy tashrif bilan bo‘lib, "Real Madrid" klubi akademiyasi direktori Xulio Ronko bilan uchrashgandi. Uchrashuv davomida "Qirollik klubi"ning Real Madrid Foundation Clinic dasturi asosida O‘zbekistonda ham "Real Madrid"ning yosh futbolchilarni tarbiyalash bo‘yicha metodikasini tadbiq etish bo‘yicha kelishuvga erishilgandi. Aprel oyi boshida ana shu kelishuv bo‘yicha ish tartibini yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Omon G‘ofurov Ispaniyaga tashrif buyurib, “Real Madrid” akademiyasi rahbariyati bilan uchrashib, "Real Madrid"da faoliyat yuritayotgan murabbiylarni O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha ham hamkorlik qilishga kelishib olgandi. Natijada joriy yilning iyun oyida yurtimizda Real Madrid Foundation Clinic dasturi asosida “Qirollik klubi”ning 3 nafar murabbiyi — Karlos Albert, Manuel Aguado Xil va Ektor Visente “Real Madrid” akademiyasi metodikasi asosida mashg‘ulotlar olib borishdi.
Ta’kidlash joizki, 5 aprel kuni Madridda amaliy ishchi tashrif bilan bo‘lgan O‘zPFL bosh direktori Omon G‘ofurov La liga bosh direktori Xavyer Gomes bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishgandi. La liga bosh direktori o‘zbek futboli rivojiga hissa qo‘shishga, mutaxassislarni O‘zbekistonga yuborib, turli seminarlar tashkil qilish va tajribalari bilan o‘rtoqlashishga tayyor ekanini ma’lum qilgandi.
Uchrashuv oxirida esa O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda Ispaniya La ligasi o‘rtasida 2020 yilga qadar mo‘ljallangan ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolangandi. Ushbu memorandumga ko‘ra, La liga mutaxassislari marketing, futbolga oid turli dasturlar, klublar bilan ishlash, translyasiyalar va boshqa ko‘plab masalalar bo‘yicha yurtimizdagi mutaxassislarga yordam beradigan bo‘lishdi.
May oyi so‘nggida Toshkentga La liganing “Osiyo davlatlari bilan aloqalar” bo‘limi boshlig‘i Xais Raxmani va “Musobaqalar va turnirlar tashkil qilish” bo‘limi boshlig‘i Raul Oxedalar tashrif buyurgandi va mazkur tashrif davomida o‘zaro hamkorlik doirasidagi navbatdagi loyihalar muhokama qilingandi.
Unga ko‘ra, shu yilning sentyabr oyida “Sevilya” U-15 jamoasi yurtimizga tashrif buyurishi va O‘zbekiston U-15 terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishi rejalashtirilmoqda. O‘yinlar Toshkent va Samarqandda bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.
23-25 sentyabr kunlari esa O‘zbekiston futbol assosiasiyasi 1-vise-prezidenti Umid Ahmadjonov hamda O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Omon G‘ofurov Ispaniya poytaxti Madridda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Butunjahon futbol Sammitida ishtirok etishadi. Shuningdek, sammit dasturiga qo‘shimcha ravishda “Atletik Bilbao” klubiga tashrif buyurib, klubning va akademiyaning ish faoliyati bilan yaqindan tanishish rejalashtirilgan.
La liganing yangi mavsum uchun taqvimiga ko‘ra, "Barselona" hamda "Real" o‘rtasidagi birinchi "El-Klassiko" LaLiganing 10-tur uchrashuvlari doirasida 28 oktyabr kuni "Kamp Nou"da bo‘lib o‘tadi. PFL hamda La liga o‘zaro hamkorlikda butun dunyo futbol jamoatchiligi diqqat-markazida bo‘ladigan mazkur o‘yin targ‘ibotini yurtimizda ham yanada kengaytirish maqsadida shu kuni poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida “Ommaviy El-Klassiko” tadbirini o‘tkazishni rejalashtirishdi. Mazkur tadbir doirasida Ispaniya va O‘zbekistonning faxriy futbolchilari ishtirokida ko‘rgazmali futbol o‘yini tashkil etish mo‘ljallanmoqda. Unda har ikki jamoa tarkibida ham bir nafardan mashxur sobiq “charm to‘p” ustalari qatnashishi ko‘zda tutilgan. “Ommaviy El-Klassiko” tadbiri UzReport telekanali orqali yoritib boriladi. Ko‘rgazmali futbol uchrashuvidan so‘ng stadionga yig‘ilgan barcha katta ekranda "Barselona" – "Real" o‘yinini tomosha qilishi rejelashtirilgan.
Noyabr oyida esa O‘zbekiston U-15 terma jamoasi La liganing Dubayda joylashgan akademiyasida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazishi rejaga kiritildi. Shuningdek, noyabr oyida Superliga klublari bosh murabbiylari ispan klublaridan birida bir hafta mobaynida malaka oshirish imkoniga ega bo‘lishadi. Mazkur malaka oshirish kurslari davomida ispan klublarining faoliyati qanay yo‘lga qo‘yilgani, jamoalarning mashg‘ulot jarayonlari, yosh futbolchilar bilan ishlash bo‘yicha batafsil ma’lumot olish ko‘zda tutilgan.
Qolaversa, rejaga ko‘ra PFL hamda La liga hamkorligi doirasida O‘zbekiston Superligasi uchrashuvlari komissarlari noyabr oyi so‘nggida Ispaniyaga safar uyushtirishadi va La liga hamda Yevropa Chempionlar ligasi o‘yinlari davomida uchrashuv komissarlari bilan bevosita birgalikda ish olib borish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mo‘ljallandi.
O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda Ispaniya La ligasi o‘rtasida imzolangan memorandum doirasidagi 2018 yil so‘nggiga qadar mo‘ljallangan loyihalar rejasi hozircha shundan iborat. Ikkala tomon ham o‘zaro hamkorlikning mana shunday loyihalar va tadbirlar orqali yanada mustahkamlanishidan manfaatdor. Kelishuvga ko‘ra, 2019 yilda yanada qamrovi kengroq loyihalarni o‘zaro hamkorlikda amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.