Pepsi Superliga 19-turi doirasidagi “Navbahor” – “Paxtakor” uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar ustozi Ilhom Mo‘minjonov va jamoa himoyachisi Darko Stanoyevich ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob berishdi.
Ilhom Mo‘minjonov (“Navbahor” jamoasi bosh murabbiyi): - Assalomu alaykum! Bugungi g‘alaba bilan bugun stadionga tashrif buyurgan 20 ming nafar muxlis, shuningdek, o‘tgan turda “Bunyodkor” bilan o‘tkazilgan safardagi o‘yinga borgan barcha ishqibozlarimizni tabriklaymiz. Bugun ushbu muxlislarning duolari, qolaversa, shogirdlarim ko‘rsatmalarimizni to‘liq bajarib, agressiv futbol namoyish etib, maydonning har bir qarich yeri uchun kurash olib borishgani uchun chiroyli g‘alabaga erishdik.
Biz murabbiylar shtabi bilan o‘yinning kechishiga qarab va uni kuchaytirish maqsadida zaxiradan futbolchilarni sal kechroq maydonga tushirdik. Azizbek Turg‘unboyev jarohat olganligi bois, uni uchrashuvning 29-daqiqasidayoq almashtirishga majbur bo‘ldik. Bu biz uchun jiddiy yo‘qotish bo‘ldi. Uning jarohati qanday darajada ekanligi hozircha noma’lum. Ertaga tibbiy ko‘rikdan so‘ng, uning jarohati qanchalik ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Bugun darvozaga Dilshod Hamroyevni qo‘yganligimiz irim bilan bog‘liq emas. Akbar To‘rayev tajribali darvozabon va qatorasiga 4ta o‘yinda darvozamizni qo‘riqladi. Mazkur bahsdan oldin Dilshod Hamroyevning darvozaga turishga tayyor ekanligini sezdik.
Darvozabonlar murabbiylari Shavkat Abduxo‘jayev Hamroyevning o‘yinga tayyor ekanligini aytdilar va shu sababli, bugun darvozamizni Dilshod qo‘riqladi. Endi keyingi o‘yinda qaysi posbon darvozani qo‘riqlashini bilmayman.
Bugun Hamroyev o‘z darvozasi daxlsizligini saqladi va “quruq” seriya davom etsa, yana u darvozaga turishi mumkin. Murabbiylarda shunday odat bor.
Botirali Ergashevning jarohati bor. U kelasi haftadan U-23 yoshlar terma jamoasi yig‘iniga qo‘shiladi. Hozir Ergashevning holati yaxshi. Menimcha, u Osiyo O‘yinlaridan keyin jamoamizga yordam beradi.
Biz yigitlar bilan mazkur uchrashuvga tayyorgarlik jarayonida “Paxtakor” ishtirokidagi o‘yinlarni ko‘rib, tahlil qilib chiqdik. Jamoaning ojiz joyi yo‘q. “Sherlar”ning har bir chizig‘ida kuchli va mahoratli futbolchilar yig‘ilishgan. Shunday bo‘lsa-da, biz shunday raqibni mag‘lubiyatga uchrata oldik.
Darko Stanoyevich (“Navbahor” jamoasi himoyachisi): - Albatta, bugungi raqibimiz kuchli va ayni paytda turnir jadvali peshqadami edi. Biz bo‘lajak uchrashuvga shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik va yakunda g‘alaba qozondik. Menimcha, mazkur uchrashuvni televizor va bevosita stadionda tomosha qilgan muxlislarga bugungi o‘yin manzur keldi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.