Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/11 01:00 Xetafe 2-0 Valyadolid
23/11 15:00 Olimpik 0-1 Bunyodkor
23/11 17:15 Andijon 3-0 Dinamo
23/11 17:30 Lester 1-2 Chelsi
23/11 18:00 Valensiya 4-2 Betis
23/11 19:00 Verona 0-5 Inter
23/11 20:00 Bornmut 1-2 Brayton
23/11 20:00 Arsenal 3-0 Nottingem Forest
23/11 20:00 Aston Villa 2-2 Kristal Pelas
23/11 20:00 Everton 0-0 Brentford
23/11 20:00 Fulhem 1-4 Vulverhempton
23/11 20:15 Atletiko 2-1 Alaves
23/11 22:00 Milan 0-0 Yuventus
23/11 22:30 Manchester Siti - Tottenhem
23/11 22:30 Las-Palmas - Malyorka
23/11 22:30 Jirona - Espanyol
24/11 00:45 Parma - Atalanta
24/11 01:00 Selta - Barselona
24/11 15:00 Metallurg - Surxon
24/11 16:30 Jenoa - Kalyari
24/11 17:15 So‘g‘diyona - Lokomotiv
24/11 18:00 Osasuna - Vilyarreal
24/11 19:00 Sautgempton - Liverpul
24/11 19:00 Torino - Monsa
24/11 19:00 Komo - Fiorentina
24/11 20:15 Sevilya - Rayo Valyekano
24/11 21:30 Ipsvich - Man. Yunayted
24/11 22:00 Napoli - Roma
24/11 22:30 Leganes - Real Madrid
25/11 00:45 Lasio - Bolonya
25/11 01:00 Atletik Bilbao - Real Sosyedad
25/11 22:30 Empoli - Udineze

Xayrulla Hamidovdan Indoneziya taassurotlari: «Jakarta oilasi»

Xayrulla Hamidovdan Indoneziya taassurotlari: «Jakarta oilasi»

Baho:
+ | -

Bugun Jakartaga kelganimizga besh kun bo‘ladi. Endi bu gaplarni yozsam bo‘ladi. Maqolam avvalida yaqindagi voqeani esladim. Yurtimizga Ektor Kuper tashrif buyurib, ilk matbuot anjumani o‘tkazilganida bir telekanal xodimasining argentinalik mutaxassisga «endi bir oilamiz», deb murojaat qilgani erish tuyulgandi. Sobiq sho‘rolar tuzumidagi pionerlar drujinasi yodimga tushgandi o‘shanda.

Sal o‘tib, bu gap go‘yo o‘zimga tarsaki bo‘lib qaytdi: sportchilar, jurnalistlar va o‘zbek sportiga daxldor jamiki mas’ul shaxslar bir reys bilan Indoneziya sari yo‘l olar ekanmiz, jurnalist singlimiz tomonidan yangragan o‘sha «oila» so‘zi beixtiyor ustimdan kula boshladi. Rostan ham uzoq safar — har holda 20 kun kam bo‘lmasa kerak — O‘zbekiston terma jamoasi libosida yo‘lga tushganlarni uch-to‘rt kunning o‘zida bir oilaga aylantirib tashlaganiga guvoh bo‘ldim.

Oilaga aylanishimizga ko‘p omillar bor ekan:

Avvalo, safar. Musofirchilik insonni tanitadi. Ulg‘aytiradi. Yaqinlashtiradi. Hatto kimdandir uzoqlashish kerakligini ham anglatadi.

Ikkinchidan, bir xil libos. Hamma bir xil ko‘rinishda bo‘lsa, o‘z-o‘zidan bir jamoa odamiga aylanib qoladi. (Bir xil kiyim kiyiladigan joylar insonlarga hayotdan saboq beradi, shekilli).Ishonasizmi, yo‘qmi, ba’zi o‘rinlarda ruxsat berilmaydigan hududlarga ham kirib ketyapmiz — bizni sportchi deb o‘ylashyapti.

Uchinchidan, ish. Kundan kunga bir-birimizni yaxshi tanib, suhbatlashib, bir ishning ustida uchrashaverganimizdan, saytlar o‘rtasidagi raqobat va kanallar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketyapti. Safarimiz avvalida tushunmovchiliklar ko‘zga tashlangandi, keyinroq bu masalalar o‘ta kichkina bo‘lib chiqdi.

To‘rtinchidan, har kungi jamlanish. Bu yerda nafaqat o‘zbekistonlik jurnalistlar bir joydan ishga qatnaydilar, balki Osiyo o‘yinlari uchun akkreditasiyadan o‘tgan minglab hamkasblarimiz ham to‘planadigan maskan bor. Nomini «mediamarkaz» deydilar. Har kuni o‘sha maskan odamga to‘la bo‘ladi. Dunyo matbuoti qanday yashayotganini, boshqa mamlakatlar jurnalistikasi qay ko‘rinishdaligini aynan mediamarkazda kuzatib o‘rganish mumkin.

Beshinchidan, to‘plangan yigitlarning saviyasi balandligi.

Mendan boshqa hamma ingliz tilini biladi, do‘stlar. Gap tilda ham emas, ishlash metodida. Men ularga qoyil qolyapman. Sayt ishchilari, fotosuratchilari, telekanallar xodimlari mehnatini, ish uslubini kuzatib, o‘sha sayt va kanalning imijini bir shaxs orqali ko‘rayotgandek bo‘lyapman. Tasavvurimdagi jarayon o‘ngimga ko‘chmoqda («Sport» telekanali xodimlariga-ku anchayin erkinlik bor, sababi, bizning telekanalimiz Osiyo o‘yinlari-2018 musobaqasini translyasiya qilish huquqini sotib olgan. Zohid Karimov bilan ikkimizga musobaqa tashqarisini yoritish qolgan, xolos. Bu ham qiziq jarayon. Turnirga tayyorgarlik, atrofidagi voqealar, Jakarta sayyohati va boshqa turkum mavzular kundalik ko‘rsatuvimizda o‘z aksini topmoqda)

Men saviya deganimda, aslida, boshqa narsani aytmoqchiman. Hammaga ma’lumki, delegasiyaning barcha vakili, xususan, ommaviy axborot vositalari xodimlarining to‘liq xarajatini Milliy Olimpiya Qo‘mitasi o‘z zimmasiga olgan. Bunday paytda tabiiy savol tug‘iladi: Xo‘sh, sport musobaqalarini yoritayotgan paytda, tahlil qilayotgan chog‘da jurnalistlar xolis bo‘la olishadimi, tanqidiy ruhda chiqish qila oladilarmi?

Hozircha bu yerda to‘plangan yigitlar mazkur masalada mahdudiy bir cheklanishga uchramadilar. Imkon darajasida yorityaptilar. Iste’dodlirog‘i chiroyliroq material tayyorlayotgan bo‘lsa, informasion janrga ixtisoslashgan hamkasblarimiz tezkorlikka urg‘u berishgan. Aslini olganda, hali musobaqaning avvalida turibmiz, tanqid yo tahlilga hozircha ehtiyoj yo‘q. Medallar qo‘lga kiritishi umid qilingan sport turlariga qarab turibmiz, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Hurfikrlilik mavjudligiga yana bir misol. Kelganimizdan ikki kun o‘tgach, bir sayt (Qalampir.uz) da O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyevning Jakartaga O‘zbekiston delegasiyasi rahbari sifatida rasmiy maqomda kelgani va sportchilar bilan istiqomat qilmay (aslida delegasiya rahbari sifatida birga istiqomat qilishi kerak bo‘lgan), Olimpiya shaharchasidan uzoqdagi mehmonxonada yashagani va uch kun o‘tib Toshkentga uchib ketgani xususida achchiqqina maqola e’lon qilindi.

Menga yoqqan tomoni nima bo‘ldi, aytaymi – jurnalistlarning ushbu maqolaga bildirgan O‘Z fikrlari! Ya’ni, kimdir bu maqolani oqladi, kimdir vazirning darajasi bu turnir bilan cheklanib qolmasligi xususida gapirdi, xullas, MOQning qaramog‘ida Indoneziyaga kelgan jurnalistlar bu yerda hech kimning manfaatini himoya qilishmadi, balki o‘z odatlariga muvofiq, haqiqat deb bilganlarini so‘ylashdi.

O‘zim esa, bu masalaga sho‘ng‘imoqchi emasman, zotan ko‘p gaplarni bir tomondan eshitdim, haqiqat yuzaga chiqishi uchun esa, ikkinchi tomonni ham eshitimiz kerak. Umid qilamizki, maqolaga rasmiy raddiya bildirilganida, aynan shu tomonlarini hisobga olishadi. Chunki raddiya shunday yozilishi kerakki, oldingi maqolani o‘qigan kishida o‘sha maqolaga nisbatan nafrat uyg‘onishi kerak, yolg‘on yozganakanu deb hayqirib yuborishi kerak. Hozircha, o‘ta rasmiy tilda yozilgan javobni raddiya o‘laroq qabul qilish qiyin. Hay, gap unda ham emas. Gap boya aytganimdek, OILADA!

Shaxsan men Dilmurod Nabiyev aslida nima uchun bunday qilganini, bu vakolatni olish borasida unga kim maslahat berganini, boshqa sohadan kelgan insonni qiyin ahvolga solib qo‘yish maqsadlari bo‘lgan-bo‘lmaganini, o‘zi umuman Toshkentga uchib ketishiga qay hodisalar sabab bo‘lganini, ochig‘i, bilmayman. Bilganim — bu yerda OILAga aylanib ketgan delegasiya a’zolari, ayniqsa, jurnalistlar ich-ichlaridan, birga hamroh bo‘lib yurgan odamlarning holatini ko‘proq tushuna boshlar ekanlar. Safar chog‘i hamma bir maqsad yo‘lida ishlar ekan, demakki, har bir odam o‘zining so‘rovlariga labbay deb javob berayotgan kishilarni, ma’lumot to‘plashda ko‘mak tutayotgan mas’ul shaxslarni o‘zgacha ehtirom aylab, beixtiyor ularning tarafiga o‘tib qolishar ekan. Qarshi chiqasizmi, yo‘qmi, bu bor gap. Inson tabiati shunaqa.

Ha, nima qilaylik, biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘ryapmiz-da, sportchilarning ichiga kirib, ularga har bahs oldidan dalda ulashayotgan mas’ullarni, ertalabdan kechgacha turli arenalarda bahslarni, janglarni, bellashuvu o‘yinlarni bevosita kuzatishayotganini... Rossiyada o‘tgan futbol mundialida Xorvatiya prezidenti ko‘rsatib qo‘yib bo‘ldi-da, sportchilarning ichiga kirib, qanday yashash kerakligini. Endi boshqacha munosabat begonadek tuyulmoqda.

Indoneziyada har soati bir jamoa bilan o‘tayotgan, terma jamoaning har bir medali uchun yonib kuyayotgan mendek bir oddiy jurnalistni boshqa qahramonliklar bilan ovuta olishmaydi.

Boshqalarning bu holatini ko‘rmaganimiz uchun bizda ayb yo‘q, qay bir jurnalistning to‘g‘ri-noto‘g‘ri yozayotgani esa, ayni jurnalistikadir.

Bu — uning huquqi. Asl jurnalistika aslida shu. Rang-baranglikka hamohang jurnalistikagina — haqiqiy!

Darvoqe, so‘ngso‘zimda Ektor Kuperga savol bergan singlimizdan uzr so‘rab qo‘yay. Aslida, u to‘g‘ri aytgan ekan, Ektor Kuperni ham oilamizning bir a’zosiga aylantira olsak, futboldagi azaliy orzumizga yetishishimiz mumkin.

Xayrulla HAMIDOV, sport jurnalisti

Kiritildi: 02:27, 21.08.2018.
O'qildi: 5322 marta.
Fikrlar: 12 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.