Haydarov Tailand yoshlarini 1:0 hisobi bilan yutgan o‘yindan keyin matbuot anjumanida bunday degan ekan. “Biz har bir o‘yinda g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Tailand ham kuchli raqib edi. Keyingi o‘yinga tarkibni shunday uchrashuv orqali, tayyorlashni maqsad qildik”. Haydarov guruh jadvalida hech narsani o‘zgartirmaydigan, hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan o‘yinni ham juda muhim deb hisoblar ekan.
TIRQISHDA YOTGAN HAQIQAT
Nima demoqchiman? Mavzuni davom ettirish oldidan Ravshan aytgan so‘zlarni keltirdim. Nima uchun? Men “final” gaplarim oldidan yozgan avvalgi maqolamni muqaddima deb, mavzuga kirish qismi deb bilaman. Biroq, birinchi maqolamni shunchaki yozish uchun yozilgan deb bilmang. Haydarov hech narsani hal qilmaydigan o‘yinda ham jiddiy vazifalarni ko‘zlab yigitlarni maydonga tushirgan edi. Men-chi? Men ham o‘z bayonim bilan “gol” urish uchun matbuot maydoniga tushgan edim. Har bir maqolam men uchun “final” oldidan “final” mavzu bo‘lib qolmoqda. Meni O‘zbek futboli bilan manfaat yo foyda, yo lavozim, yo mansab bog‘lab turgani yo‘q. Meni futbolimiz bilan telbavor, javobsiz muhabbat bog‘lab turibdi. Javobsiz dedim. Suyganim menga, ya’ni o‘z muxlisiga orqa o‘girgan ekan, borini mendan yashirar ekan, muhabbatim javobsiz qolmoqda-da. Mendan futbol ichidagilar o‘z hayotini yashirmoqda? Meni o‘ziga begona tutmoqda? Bizga o‘z hayotini ishqibozdan yashirmayotgan “MYU” yaqinroq, suyukroq bo‘lib qolgan. “Arsenal”ning yillik budjetini bilamiz. “Paxtakor” budjetini bilmaymiz. Bizni shunday yosh bola qilar ekanlar, “Paxtakor” biletini tekin qilgani ustiga dosh qozonda osh damlab tarqatsayam hech kim o‘yinga kelmaydi. Haqiqat shuki, aytganlarim indallosi shuki, mendek devonalarcha futbolimizni suyadiganlar borgan sari kamayib bormoqda. Buning sababi nimada?
Sababi kecha aytib o‘tganim, bugungi holatimizning uchinchi o‘q ildizida bo‘lsa kerak. Sababi lo‘nda qilib aytganda, jurnalistikamizning laganbardorligida. Butun dunyo jurnalistlari adolat, haqiqat himoyasi yo‘lida ba’zida o‘z hayotini tikib, ba’zida bor yo‘g‘ini garovga qo‘yib maqola yozishmoqda. Jamiyat oldiga mash’ala ko‘tarib chiqishmoqda. Bizning jurnalistlarimiz o‘zining mubham, ma’nisiz hayotini, teshik tog‘arasini o‘ylab lagan ko‘tarib yurishibdi. Lagan. Haqiqat emas. Haqiqatni chetga chiqarib yo uni satr tirqishiga tiqib bizning jurnalist bir kimsani, yo bir jamoani, yo amal mingan tog‘asimi pochchasini himoya qilmoqda. Doim kimningdir, nimaningdir manfaat “hovlisida” xizmat qilib yuribdi: “Paxtakor” yomon, “Nasaf” yaxshi”. “Bunyodkor” yomon, “Navbahor” yaxshi”. Jurnalistning qo‘lida, nima bor? Gaplari bugun qora, ertaga qizil, indinga sariq bo‘lmoqda. Yaxshiyam qo‘lida bayrog‘i yo‘q. Bo‘lganida kunida rangini o‘zgartirib turar edimi? Nimaga yozayotganini o‘zi bilmaydi. Muddaosi yo‘q. Umrida, yozarida g‘oya yo‘q. G‘oyabardorni kunduz kuni chiroq yoqib topa olmaysiz. Manfaat, foyda, naf, uddaburonlik, pultoparmonlik hammamiz uchun birdan bir “g‘oya” bo‘lib qolmoqda. Tirsakzorda qolib ketdik. Hamma pul topayin deb, bir biriga tirsak tiragani tiragan. “Paxtakor”ning “Nasaf”ga tirsak tiragani yetmaganidek, endi paxtakorchilar islohotlarga tirsak tiramoqchi bo‘lishdi. Eyyy... Haloyiq, tirsakzorda odam bormiii?
FUTBOLISTIKAGA MUNOSIB JURNALISTIKA
Oldin aytib o‘tganim sharmandali holatni sharhlab ko‘raylik. Kim uchun sharmandali bo‘ldi? Avvalo, Sizu biz uchun deyman. Siz esa, albatta, PFL rahbari uchun sharmandali holat bo‘lgan deysiz. G‘ofurovni hozircha tinch qo‘yaylik. Jurnalistlar uchun sharmandali holat bo‘lmadimi? Ajablanmang. Noma’lum kimsa bu xatni ijtimoiy tarmoq orqali ommaning qulog‘iga eldan burun yetkazib, hammaning e’tiborini reglament buzilishiga qaratmaganida nima bo‘lardi? Hammasi silliqqina bo‘lib o‘tardi. Jurnalistlar bir qancha jamoa rahbarlarining PFL direktoriga yo‘llagan xatlarini olqishlab turishardi. Ularni qahramon deb sanashardi. Reglamentni o‘zgartirish bo‘yicha, oltin ochkolarni bekor qilish bo‘yicha iltimos qilib yo‘llagan xatlariga qo‘shilib, istisno tariqasida reglament o‘zgarishi tarafdori bo‘lishardi. Qarorni qo‘llab-quvvatlashardi. Rahbariyatning oltin ochkolarni olib tashlash qarorini yoqlab, oltin ochkolarga qarshi kurashni avjiga chiqarib yuborishgan bo‘lar edi. Bu aniq gap.
Hozirgi sharoitda ular qanday yo‘l tutishdi? Reglament buzilishini qoralasalar-da, tepadan kelgan ko‘rsatma bo‘yicha hamma bir ovozdan joriy etilgan oltin ochkolar qoidasini yomonlab yotishibdi. Ja’far Irismetov, Rustam Akramov, Sergey Lushchanni gapirtirib, ularning tili bilan oltin ochkolarni qoralab yotishibdi.
Xat mazmunini ijtimoiy tarmoq butun dunyoga taratib, barcha futbol ommasining e’tiborini chempionatimiz reglamenti korchalon qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘layotganiga qaratib rahbariyat rejasini buzib qo‘ydi. Qanday qilib? Mabodo reja amalga oshsa bormi, rahbariyatimiz chet elda ham sharmanda bo‘lishini tushunib qoldi. Natijada rejadan voz kechishga majbur bo‘ldi. Rahbariyat noiloj qolib bu qoidani, oltin ochkolar qoidasini olib tashlashdan butunlay voz kechmay qarorni keyinga surdi. “Zararli qoidadan” futbolimizni “asrab qolishni” keyingi mavsum boshiga qoldirdi. Oltin ochkolarni joriy qilish zararli qaror bo‘lgan deb bilgan jurnalistlarimizga nima deysiz? Agar haqiqatda shunday bo‘lsa, nima uchun jurnalistlarimiz ushbu mavsum boshida islohotlarga zarar yetkazadi deb, bunday “xato ishning” oldini olib, oltin ochkolarga qarshi chiqishmagan edi? Nega bugun xatning “asl niyatini” oqlab, faqatgina reglament buzilishini qoralab chiqishmoqda? Barcha e’tiborni qoida mohiyatiga emas, reglamentning barqaror bo‘lishiga, reglament barcha uchun barobar qonun bo‘lishiga qaratishmoqda. Nega oltin ochkolar qanday vazifa bajarishi bilan, uning mohiyati bilan jurnalistlarimizning ishi bo‘lmayapti. Nega jurnalist rahbarning beqarorligiga, bugungi qaror kechagi qarorni inkor etishiga, chiqaryapgan qarorlari jo‘yali bo‘lmayotganiga e’tiborni qaratmayotibdi. Jurnalist ishidayam, rahbariyat qarorlaridayam g‘oya yo‘q. Ishga asos bo‘la oladigan narsa, ya’ni ishning o‘z umurtqasi yo‘q. Bugungi ishiga bir kun o‘tib joniga jon bo‘ladigan, umriga yangi umr qo‘shadigan yumurtqasi yo‘q. Ya’ni ishning o‘z g‘oyasi yo‘q.
AYTMATOV BILAN YANSHIN
Omon G‘ofurov e’tibordan chetda qolmasin. Mendan xafa bo‘lmasin. Endi uning oldiga kelamiz. To‘g‘ri, o‘zbek tilida, ya’ni davlat tilida bir jumlani to‘g‘ri tuza olmagani uchun men uni hecham kechira olmayman. Axir O‘zbekiston uning ham vataniku. O‘xshamay qolgan xat yozib klublarga yuborish voqeasida uning boshqa aybi yo‘q. U mustaqil faoliyatga, mustaqil bir fikrga ega emas. U rahbarning xohish-irodasini so‘zsiz bajaruvchi ishchan odam. Shuning uchun uni bu lavozimga o‘tqazib qo‘yishgan. Rahbarga tobeinlik bundan ortiq bo‘lmaydi. PFLning butun faoliyati Ahmadjonov nazorati ostida bo‘lmoqda desam, O‘FAsida ishlayotgan barcha xodimlar Ahmadjonov izmidan chetga chiqmaydi desam, yo‘q demaysiz, to‘g‘rimi. O‘xshamay qolgan voqea ham Ahmadjonov nazorati ostida bo‘lgan.
Gorbachyov davridan o‘xshatma keltirmoqchiman. Davlat g‘ayriqonuniy biror bir tadbirni amalga oshirmoqchi bo‘lsa, adabiyot, san’at, madaniyat va ilmu fan arboblari, go‘yoki, iltimos bilan davlat rahbariga xat yozib chiqishar edi. Ko‘pincha ro‘yxat boshida Aytmatov yozilgan bo‘lsa, ro‘yxat so‘ngida Yanshin familiyasi turardi. Aytmatovni hamma taniydi. Yanshin mashhur aktyor bo‘lishi bilan birga “Futbol” gazetesining birinchi redaktori bo‘lgan. Qirqqa yaqin inson imzo chekkan bo‘lardi. Ahmadjonov shunga o‘xshagan “fintni” amalga oshirmoqchi bo‘ldi. Klublar iltimosiga ko‘ra reglamentni o‘zgartirmoqchi bo‘ldi. O‘xshamay qoldi. G‘ofurov komandasidan kimdir bu xatni to‘laligicha ijtimoiy tarmoqqa chiqarib yubordi. Hozir Rahbar o‘sha kimsani, ya’ni “kimnidir” topib, uni yirtib tashlashga tayyor turgandur. Uni topolmay alamini yutib yurgandir.
UYDIRMA GAPLARGA MUHTOJLIK
Bu maqolamda oltin ochkolar haqida o‘z fikrimni bildirib maqola yozmoqchi bo‘lgan edimu. Aytar gapim ichimda qolib ketdi. Voqeadan alamzada yurganim oshkor bo‘ldi. Xatni ijtimoiy tarmoqqa chiqarib yuborgan o‘sha noma’lum kimsa holatimga yengillik bermoqda, sarguzashtnamo intriga qo‘shmoqda. Kim ekan u? Yashirincha ish tutgan kim ekan u? Men ham qiziqib qoldim. Diyormi, Yoqubmi, Sohibmi? Yuzini yashirib yurgan kim ekan u?
Bugungi kino asarlarimizda ham g‘oya yo‘q. Ma’no yo‘q, hayot yo‘q. Uning o‘rniga voqealarning keskin o‘zgarishi bor. Qahramonni moshina bosadi, tirik qoladi, jinoyatga qo‘l uradi, tavba qiladi, uylanadi, ajrashadi. Yana sevib qoladi, seviladi. Va xokazo. E’tiborimizni zabd etgan Xat voqeasiga men ham keskin intriga qo‘shmoqchiman. Hayotiy bo‘lmasada, tinglang. Hammasini Omon uyushtirgan. Kattaning izmidan chiqmay barcha topshiriqlarini so‘zsiz bajarib yurgan Omonga klublarga xat yozib yuborish vazifasi yuklatilgan. Bu ishga ichidan butunlay qarshi bo‘lsa-da, tashida oldingiday tobein bo‘lib, barcha topshiriqlarni bajarib yurgan. Xat yuborishni iloji boricha orqaga surib kelgan. Xatni yuborish zarur. Nima qilmoq kerak? Qanday qilib vaziyatni qutqarib qolish mumkin? Ura, yo‘lini topdi. Xatni yubordi-yu, ketidan o‘zi ushbu xatni noma’lum kimsa nomidan ijtimoiy tarmoqqa chiqarib yuboradi. Yubordi-yu, tag‘in hech narsa bo‘lmaganday tepaga tobein bo‘lib yuribdi. Qalay, ssenariy o‘xshadimi? Yo tag‘in bir nima qo‘shib qo‘yaymi? Barchamiz ma’nosiz o‘tayotgan kunlarimizga intriga qo‘shib qo‘ymoqchimiz. Faqat Koreya yoshlariga qarshi o‘ynagan chorak final jangimiz hayotiy, jangovor intrigaga to‘lib toshib ketdi. Havodan olib unga hech narsani qo‘shib qo‘yishning keragi yo‘q. Dramatik voqealarga juda boy o‘yin bo‘ldi. Sizu bizning hayotimiz bunday o‘tmayapti.
Uchrashguncha sog‘-omon bo‘laylik deb, Hasanali-otangiz yozdim.