Hamyurtlarimiz ushbu o‘yinlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, 21ta oltin, 24ta kumush va 25ta bronza medallariga ega chiqishdi. Musobaqa davomida 70ta medal qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobiga ko‘ra beshinchi o‘rinni egalladi.
Bugun Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilar Jakartadan yurtimizga qaytib kelishdi. O‘zbekiston sport delegasiyasi a’zolari poytaxtimizga mamlakatimiz Prezidenti jo‘natgan Boing 787 Dream Liner’a charter reysda uchib kelishdi.
Osiyo o‘yinlari qahramonlari poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali tarzda kutib olindi. Kutib olish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddilari va boshqa bir qator mas’ul mutasaddilar, sportchilar, ularning yaqinlari, muxlislar va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ochib berdi. Bosh vazir so‘zga chiqar ekan, ushbu Osiyo o‘yinlari sportchilarimiz uchun muvaffaqiyatli kechganligi, hamyurtlarimiz qit’aning bir qator yirik mamlakatlarini ortda qoldirib ketganligini, demak sportchi va murabbiylarimiz ayni paytda to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganliklarini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng delegasiyamizni tabriklash uchun bir qator taniqli shahslar, Osiyo o‘yinlari chempionlari Svetlana Radzivil, Isroil Madrimov, musobaqalarda sovrindor bo‘lgan sportchilarimizning yaqinlari so‘zga chiqishdi va ushbu muvaffaqiyat uchun xalqimiz, Prezidentimiz, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga minnatdorchilik bildirishdi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova so‘zga chiqdi va yurtdoshlarimizni ushbu muvaffaqiyat bilan tabrikladi. So‘ngra yig‘ilganlar bilan jo‘rlikda «Xech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!» qo‘shig‘i kuylandi.
Aeroportdagi tadbir yakunlanganidan so‘ng sportchilarimiz maxsus ajratilgan ikki qavatli avtobuslarda Milliy olimpiya qo‘mitasiga yo‘l olishdi. Sportchilar u yerda ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan muloqot qilishdi, esdalik uchun suratga tushishdi.
Demak, to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqalaridan biri hisoblangan Osiyo o‘yinlari ham ortda qoldi. Indoneziyadagi o‘yinlar yakunlanishi bilan, Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rasman boshlandi. Umid qilamizki, ikki yildan so‘ng kunchiqar yurtda o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlarida ham O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, ushbu zafarli yurishlarni davom ettiradilar.