Yozgi transferlar oynasida tarkibni kuchaytirish maqsadida «Andijon» klubi darvozabon Artyom Potapov, himoyachi Nodirxon Ne’matxonov hamda yarim himoyachi Shohmalik Komilov bilan rasmiy shartnoma imzoladi.
Artyom Potapov 1994 yil 28 iyun kuni Rossiyaning Orenburg shahrida tug‘ilgan. Darvozabon faoliyati davomida Rossiyaning «Akron», «Krasnodar-2», «UFA-2», «Mordoviya», «Krilya Sovetov», «SKA-Xabarovsk», Xorvatiyaning «Luko», Belarusning «Torpedo Minsk» va «Minsk», Qozog‘istonning «Qaysar», Armanistonning «Alashkert» hamda «Ararat» klublari safida to‘p surgan. U 2023 yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritib, «Surxon» va «Xorazm» jamoalari sharafini himoya qildi. Joriy mavsumning birinchi qismida «Surxon» safida 2 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Faoliyati davomida esa 231 ta rasmiy o‘yinda ishtirok etgan.
Nodirxon Ne’matxonov 2001 yil 14 iyun kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. «Paxtakor» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblangan himoyachi shu vaqtga qadar «Paxtakor» U-21, OKMK U-21, «Sho‘rtan», «Neftchi» va «Surxon» klublarida o‘ynagan. U joriy mavsumning birinchi qismida «Surxon» safida 11 ta uchrashuvda ishtirok etdi. Faoliyati davomida esa 80 ta o‘yin o‘tkazgan.
Shohmalik Komilov 2000 yil 14 mart kuni Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Yarim himoyachi sifatida «Nasaf», «Dinamo», «Turon», «Buxoro», Gruziyaning «Merani Martvili» hamda «Navbahor» klublarida to‘p surgan. Joriy mavsumning birinchi qismida «Navbahor» safida 11 ta uchrashuvda qatnashib, 2 ta gol va 1 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Faoliyati davomida 134 ta o‘yinda maydonga tushib, 17 ta gol urgan.
«Andijon» klubi yangi futbolchilar jamoaning kelgusi muvaffaqiyatlariga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirib, ularga omad tiladi.













