“Metallurg” futbol klubida bo‘lgan PFL ishchi guruhi jamoaning shtat jadvali bilan ham tanishib chiqdi. Qayd etish kerak, tashkilot bunga qadar shtat jadvali borasidagi tavsiyalarini klubga taqdim etgandi.
Jamoada jamoa boshlig‘i lavozimi saqlanib turibdi. PFL talabiga ko‘ra, klub shtatida sport direktori faoliyat olib boradi. Shuningdek, asosiy tarkib, o‘rinbosarlar, ayollar va futzal jamoalarida alohida-alohida ma’murlar ishlaydi. Yuqorida nomlari ko‘rsatilgan shtatlar bilan jamoa ishini yuritish mumkin. Qolaversa, bosh direktor o‘rinbosari shtati ham mavjudki, u bajarilayotgan ishlarni doimiy ravishda nazorat qilib boradi. 2019 yilgi mavsumdan boshlab jamoa boshlig‘i lavozimi bo‘lmaydi.
“Metallurg” futbol klubida xalqaro bo‘lim mavjud emas. Bu esa lisenziyalash talablari, xorijiy klublar, firmalar, OFK bilan aloqalarga ta’sirini o‘tkazishi mumkin. Nazariy jihatdan olib qaraganda, “Metallurg” klubida chempionlik uchun imkoniyat bor. Shunday ekan, xalqaro maydon uchun kurash olib borayotgan jamoada xalqaro bo‘lim vakilining bo‘lishi mantiqli. 2019 yilgi mavsum uchun jamoada shunday shtat bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, “Metallurg” OFKning lisenziyalash bo‘yicha talablarini birinchilardan bo‘lib to‘liq bajarib bo‘lgan va bu borada ayrim klublarga o‘rnak bo‘la olgan. Endigi navbat esa PFL qo‘yayotgan talablarni 2019 yilgi mavsumga qadar amalga oshirishdir.
Jamoa uchun, shuningdek, sayt va ijtimoiy tarmoqlar bilan muntazam ishlaydigan kadr kerak. Klub matbuot kotibi matbuot anjumanlari, xatlar, jurnalistlar, jamoatchilik bilan aloqalar, futbolchilar, murabbiylar bilan intervyular uchun javobgar bo‘lgan shaxs. Unga esa saytga yangiliklarni o‘z vaqtida kiritib boradigan yosh kadr yordami zarur. Jamoa shtat jadvalida bu o‘zgarish ham bo‘ladi. Fotograf hamda videotasvirchi shtatlari mavjud.
Va albatta “Metallurg” futbol klubiga tijoriy masalalar bilan ishlovchi kadr kerak. U fan-klub sardorining ishini muvofiqlashtirib beradi. Stadionga muxlislar tashrifini nazorat qiladi, chiptalar savdosi, ularning chop etilishi, reklama bannerlarining ilinishi, OAVda “Metallurg” klubining brendi, formalar sotuvi — umuman olganda klubga pul kelishi mumkin bo‘lgan barcha ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishi lozim. PFL 2019 yildan boshlab futbol klublarining homiylik yordamidan tashqari qancha daromad ko‘rayotgani masalasiga ham o‘z e’tiborini qaratadi.
Qayd etish kerak, ayni vaqtda PFL klublarni 2019 yilgi mavsumga tayyorlash ishlarini olib bormoqda. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan vazifalar “Metallurg” klubi rahbariyati tomonidan kelasi mavsumda amalga oshiriladi.