Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Hujumkor futbol ko‘ramizmi, janob Kuper?

Hujumkor futbol ko‘ramizmi, janob Kuper?

Baho:
+ | -

O‘zbekiston milliy jamoasi 6 oktyabrdan e’tiboran Toshkent­da o‘n bir kunlik o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga kirishdi. Kunning birinchi yarmida futbolchilar «City Palace» mehmonxonasida to‘planishdi.

Mazkur yig‘inga taklif etilgan to‘rt nafar legio­ner ilk kungi mashg‘ulotda ishtirok etishmadi. Boisi, ular o‘z klublari safida tur o‘yinlarini o‘tkazib, so‘ngra Toshkentga yetib kelishdi. Gap Odil Ahmedov, Eldor Shomurodov, Doston Hamdamov va Otabek Shukurov haqida bormoqda.

Joriy mavsumdan Samaraning «Krilya Sovetov» klubi sharafini himoya qilayotgan tajribali himoyachi Vitaliy Denisov bu safargi yig‘inga taklif etilmadi. Unda kichik jarohat bor edi. Ushbu yig‘in oldinda kutayotgan ikki o‘rtoqlik uchrashuviga tayyorgarlik uchun qaratilgan.

FIFA kunlaridan unumli foydalanayotgan O‘zbekiston 13 oktyabr kuni KXDR, 16 oktyabrda esa Qatarga qarshi maydonga tushadi. Har ikkala uchrashuv «Milliy» stadionida soat 19:00da boshlanadi.

Ektor Kuper bu safargi yig‘inga sentyabr oyidagi bilan taqqoslaganda, bir necha yangi futbolchilarni ham taklif etdi. Osiyo o‘yinlari sabab olimpiya yoshidagi futbolchilarimiz sentyabrdagi yig‘inda ishtirok eta olishmagandi.

Ular orasida Javohir Siddiqov, Doston Hamdamov, Odil Hamrobekov, Doston Tursunov, shuningdek, Jaloliddin Masharipov ham bor edi. Yig‘inning birinchi kuni Kuper e’lon qilgan tarkibdan o‘rin olgan darvozabon Botirali Ergashevning jarohat olgani oydinlashdi.

Uning o‘rniga esa so‘nggi paytlarda Superligada ishonchli o‘yinlari bilan murabbiylar e’tiborga tushgan AGMK posboni Roman Abdulov chaqirildi. Qolgan futbolchilar o‘z vaqtida bosh murabbiy ixtiyoriga yetib kelishdi.

Darvoqe, yig‘inning ilk kuni termamizning jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha javobgar mutaxassisi Antonio Sarioglu ko‘rinish bermadi. U ikkinchi kungi mashg‘ulotlardan o‘z majburiyatini bajarishga kirishdi.

Darvozabonlarni Denis Ivankov shug‘ullantiryapti. Uning qo‘l ostida o‘tgan yig‘inda ishtirok etmagan ikki yangi darvozabon mashg‘ulot o‘tkazishyapti. Roman Abdulovni aytdik, ikkinchi posbon esa O‘tkir Yusupov bo‘ldi. E’tiborlisi, «Qo‘qon-1912» kiperi milliy jamoaga ilk bor chaqirildi.

Shu o‘rinda darvozabonlarga oid yana bir ma’lumot: «Paxtakor»ning birinchi raqamli posboniga aylangan Eldor Suyunov jarohat sabab terma lagerini erta tark etdi. Lekin Eldorning jarohati u qadar jiddiy emas.

Shifokorlar Suyunovda boldir suyagining ustki qismida lat yeyish holati kuzatilganini aytishdi. U KXDR va Qatarga qarshi kechadigan o‘rtoqlik o‘yin­larida terma jamoamizga yordam bera olmaydi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Kuper qo‘l ostida asosiy darvozabonlardan Ignatiy Nesterov qoldi.

Yo‘qotishlar Eldor Suyunov bilan cheklanib qolmadi. «Paxtakor» himoyachisi Sherzod A’zamovda son mushagining yengil lat yeyishi aniqlangan. Shu bois futbolchi individual tarzda mashg‘ulot o‘tkazyapti. U asosan trenajyor zalida shug‘ullanyapti. Shifokorlar bergan ma’lumotga ko‘ra, A’zamov bugun umumiy guruhga qaytadi.

Legionerlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, birinchilardan bo‘lib BAAning «Sharja» klubida to‘p surayotgan Otabek Shukurov hamda Rossiyaning «Rostov» jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov murabbiylar ixtiyoriga yetib kelishdi. Ikki kun avval Doston Hamdamov, kecha esa termamiz sardori Odil Ahmedov Toshkentga yetib kelishdi. Bu safar argentinalik mutaxassis Janubiy Koreyaning «Tedjon Sitizen» klubi qanot yarim himoyachilari Sanjar Tursunov va Shohruh Gadoyevni yig‘inga taklif qilmadi.

Shuningdek, «Lokomotiv» yarim himoyachisi Sardor Rashidov, hujumchilar Igor Sergeev («Paxtakor») va Temurxo‘ja Abduxoliqov («Lokomotiv») ham Kuper tanlagan ro‘yxatdan tushib qolishdi. Rashidovda kichik jarohat borligi aytilmoqda.

Quvonarlisi, jiddiy jarohat tufayli olti oy muddatga safdan chiqqan Yaponiyaning «Jubilo Ivata» klubi yarim himoyachisi Fozil Musayev jamoasi tarkibida mashg‘ulot o‘tkaza boshladi. Umid qilamizki, Fozil Osiyo kubogiga qadar avvalgi sport formasini tiklab oladi.

Terma jamoamizning mashg‘ulotlari TTYMI stadionida o‘tkazilyapti. Futbolchilarning chigalyozdi mashq­larini Kuperning yana bir yordamchisi Mahmud Fayoz Muhammad olib boryapti. Karlos Fantagussi esa taktik tahlil bilan shug‘ullanmoqda.

Bu safargi har ikkala uchrashuvda futbolchilarimiz muxlislarni o‘zlarining chiroyli, hujumkor o‘yin­lari va yorqin g‘alabalari bilan xushnud etishadi, degan umiddamiz. Sentyabr oyida Suriya va Eronga qarshi kechgan o‘rtoqlik uchrashuvlarida argentinalik mutaxassis tomonidan himoyaviy taktika tanlanishi jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lgandi.

Balki bu vaqtinchalik holatdir?! Kuper birinchi galda terma jamoamizning himoya qo‘rg‘onini sinab ko‘rgandir? Bosh murabbiy natijaga javobgar bo‘lganidan ke­yin uning qarorlarini hozircha muhokama qilmagan ma’qul. Oldindagi ikki o‘yin ko‘p savollarga javob berishi bilan ham ahamiyatli bo‘lsa kerak. Kutamiz, kuzatamiz, baho beramiz.

Manba: www.iff.uz
Kiritildi: 18:33, 13.10.2018.
O'qildi: 4098 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.