Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Shifokor xulosasi muhim

Shifokor xulosasi muhim

Baho:
+ | -

Shartnomalar imzolash arafasida har qaysi futbolchi, albatta, tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Juda ko‘p hollarda kelishuvning amalga oshish-oshmasligi bevosita shifokorlar xulosasiga bog‘liq bo‘ladi. Xo‘sh, jamoa yangi a’zosining yaroqli yoki yaroqsizligi qanday aniqlanadi?

Klub va futbolchining o‘zaro kelishuvidan so‘ng shifokorlar uning kasallik varaqasi bilan tanishib chiqadilar. Keyin u bir qator testlardan o‘tib, tibbiy xulosaga ega bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, hozirda biror-bir mamlakat yoki klubda «standart tibbiy ko‘rik» tushunchasi mavjud emas. Ya’ni, har qaysi jamoa test sinovlarini o‘zi belgilaydi va futbolchi tanasida aniqlanmay qolgan zaif jihatlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.

Odatda tibbiy ko‘rik 2-3 kunda nihoyasiga yetadi. Shu vaqt ichida futbolchi klub shifokori, fizioterapevt va fitnes mutaxassisi qabulidan o‘tadi. Tekshiruv natijalari menejerga havola etilgach, transfer borasida yakuniy qaror qabul qilinadi.

Angliya futbol assosiasiyasi shifokori Sharlotta Kouining aytishicha, muloqot chog‘ida ayrim o‘yinchilar o‘z muammolarini yashirishga urinadilar: «Ba’zan sportchilar o‘zlari oshkor etmagan kamchiliklarni shifokorlar aniqlashidan xavotirga tushadilar. Xulosani futbolchidan eshitilgan axborotga emas, tekshiruv natijalariga qarab chiqarish kerak». Guvohi bo‘lganingizdek, Sharlotta hech kimga ishonmaydi. Transfer darchasining so‘nggi kunida o‘tadigan ko‘rik ayniqsa, o‘ta shoshilinch tarzda bo‘ladi. Bunday vaziyatda shifokorlar futbolchining so‘zlariga ko‘ra xulosa chiqarishga majbur bo‘lishadi.

O‘zgalar yordamida tekshirish

So‘nggi paytlarda yangi futbolchini klub shifokorlari emas, chetdan taklif etilgan mutaxassislar ko‘rikdan o‘tkazishlari urf bo‘lmoqda. Masalan, Mesut Ozilni o‘z safiga olishda «Arsenal» tibbiy ko‘rik jarayonini Germaniya termasi mutaxassislariga topshirgandi. «Liverpul» esa Loik Remini Amerikadagi klinikaga jo‘natishni lozim topdi.

Yurak

Yaqin yillargacha klub shifokorlarini futbolchilarning yuraklari mutlaqo tashvishlantirmasdi. Ammo Mark Vivyen Foe hamda Fil O~Donnellning yashil maydonda vafot etishgani, Fabris Muambaning yurak xuruji hammani sergak torttirdi. Aynan shu fojialar klub tibbiyoti ravnaqiga turtki bo‘ldi.

Tayanch - harakat apparati

Tayanch - harakat tizimining bar­qarorligi - futbolchi salomatligining asosiy mezoni. Uni bel va tos suyagining quvvati belgilaydi. Ko‘rik paytida futbolchi tizzalarni bukib to‘g‘rilash va sakrash elementlarini o‘z ichiga olgan bir qator mashqlarni namoyish etadi. Shu tariqa uning mavsumdagi 50dan ortiq o‘yinga chiday olishi aniqlanadi. Bo‘g‘imlar, mushaklar kabi tananing yuqori va quyi qismini birlashtiruvchi organlar ham jiddiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Darvoqe, shifokor uchun futbolchining qaysi pozisiyada to‘p surishi ham ahamiyatli. Masalan, darvozabon ko‘rikdan o‘tayotganda, uning yelkasi, qo‘llari, bilak va tirnoqlari sinchiklab o‘rganiladi.

Xavf-xatarni baholash

Shifokorlar futbolchi transferiga to‘sqinlik qila olmaydilar, ularning asosiy vazifalari - mijozning jarohat olish ehtimolini baholash. «Tibbiy ko‘rikdan ko‘zlangan maqsad - o‘zini oqlamaydigan xaridlarga yo‘l qo‘ymaslik. Tasavvur qiling, klub futbolchining zaif jihatlarini aniqlamasdan 30 mln.ga sotib oldi. Ammo yangi o‘yinchi ikki uchrashuvdan keyin shifoxonaga tushdi. Oqibatda klub o‘ynamayotgan futbolchi uchun transfer bahosidan tashqari, davolanish xarajatlarini to‘lash va unga maosh berishga majbur bo‘ladi», - deydi Koui.

Darhaqiqat, tibbiy ko‘rikni shunchaki rasmiyatchilik o‘rnida ko‘radiganlar yanglishadilar. Ba’zida shifokorlar xulosasi transferning amalga oshmay qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Marhamat, shunday misollarni e’tiboringizga havola etamiz.

Futbolchi: Patrik Shik

Rad etgan jamoa: «Yuventus»

Bir yil avval «Sampdoriya»da to‘p surgan 21 yoshli hujumchi noyob iqtidor sohiblaridan biri edi. Nomdor jamoalar uni xarid qilishga urinib ko‘rishdi. Patrik esa «Yuventus»ni tanladi. Ammo tibbiy ko‘rik chog‘ida shifokorlar futbolchining yuragida muammo borligini aniqlashdi. Afsuski, takroriy tekshiruv ham tashxisni tasdiqladi. Shu bois, Italiya grandi Patrikdan voz kechdi.

Futbolchi: Nabil Fekir

Rad etgan jamoa: «Liverpul»

Fransiyalik futbolchi Angliyaga yo‘l olganida, «Enfild»da uni mamnuniyat bilan kutib olishlariga shubha qilmagandi. Biroq amalda buning aksi bo‘lib chiqdi. Qizig‘i, inglizlar «aytdim-qaytdim» sababini oshkor etishmadi. OAVda esa shifokorlar Fekir tizzasidagi jarohatning qaytalashidan xavotirlanishgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Shu bois, kelishuv amalga oshmadi.

Futbolchi: Radamel Falkao

Rad etgan jamoa: «Atletiko»

Kolumbiyalik mashhur hujumchi bundan ikki yil avval Madridga qaytishga juda yaqin turgandi. Lekin «Monako»dan «Atletiko»ga o‘tish rejasi transfer mavsumining so‘nggi kunida barbod bo‘ldi. Xabarlarga ko‘ra, o‘sha pallada Falkao boldiridagi jarohatni davolayotgan ekan.

Futbolchi: Jordan Amavi

Rad etgan jamoa: «Sevilya»

O‘tgan yili fransiyalik himoyachining «Aston Villa»dan La Ligaga o‘tishi amalga oshmay qoldi. Chunki u «Sevilya»ning «qolip»iga tushmagandi. Vaholanki, ko‘rikdan bir necha kun avval Jordan mutasaddilardan 5 yillik kelishuvga rozilik olgandi. Omadsizlik futbolchini ranjitmadi - «Marsel» uni o‘z safiga qo‘shib oldi.

Futbolchi: Loik Remi

Rad etgan jamoa: «Liverpul»

Amalga oshmay qolgan eng mojaroli transfer. Tibbiy ko‘rik chog‘ida shifokorlar Remining yuragi talab darajasida emas, degan xulosaga kelishdi. Loik esa muammodan xabardor ekanligini, lekin londonlik mutaxassislar uning yuragidan biror-bir jiddiy xastalikni topa olmaganliklarini ma’lum qildi. Shundan keyin futbolchi «Liverpul» bilan aloqani uzdi.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 10:22, 23.10.2018.
O'qildi: 2404 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.