- Biror futbolchi jamoadagi o‘rni borasida hech qachon xotirjam bo‘lolmaydi. Faqat Eden Azar bundan mustasno - «Chelsi» uni hech kim bilan almashtirmaydi! - belgiyalik futbolchining London klubida nechog‘li muhim o‘rin tutishini «ko‘klar» himoyachisi Antonio Ryudiger shunday e’tirof etgandi. Yarim himoyachining o‘zi esa bunga oddiy munosabat bildirdi: «Bilaman, agar ko‘ngildagidek to‘p sursam, «Chelsi»ning o‘yini yaxshi chiqadi». Lekin «Chelsi» oldidagi muammo shuki, yevrofutbol grandlari o‘rtasida Azarga talab katta va jamoa o‘zining eng porloq yulduzini saqlab qolish uchun astoydil urinishi kerak.
Jamoaning qimmatbaho vakili
Ayni payt Eden Azarning transferi 120 mln. yevroga baholanmoqda - bu futbolchining butun faoliyatidagi eng yuqori nuqta. Ha, Neymar yoki Kilian Mbappe transferi bilan taqqoslaganda, summa o‘ta baland emas. Mana, belgiyalikning «Real» safiga qo‘shilish qissasi bir necha yildan buyon to‘xtayotgani yo‘q. Lekin «Chelsi» har safar qandaydir yo‘llar bilan uni saqlab qolyapti. Yevropaning 2000 yilgi tengsiz futbolchisi, hozirda «Inter» elchisi sifatida ishlayotgan Luish Figu bundan hayron: «Agar «neradzurralar»da shunday imkoniyatlar bo‘lganida, Azarni allaqachon Milanga olib kelishardi. «Real»ni sira tushunolmayapman. Axir Edengina Messiga munosib raqobat taqdim eta olishi yaqqol ko‘rinib turibdi-ku». London klubi 6 yil muqaddam 21 yoshli Azar uchun 40 mln. yevro to‘lab, yarim himoyachiga befarq qaramagan Aleks Fergyusonni dog‘da qoldirgandi. «2012 yili 34 mln. funt futbolda katta summa edi. Boz ustiga, agent uchun yana 6 «limon» to‘lash talab etilardi. Bizda esa shuncha mablag‘ topilmadi. Endi Eden Azardek o‘yinchi uchun bu arzimas baho bo‘lib qoldi. Ammo o‘sha payt shuncha pulga ikki nafar saviyali futbolchi xarid qilish mumkin edi», -dedi ser Aleks keyinchalik.
«Lill» klubi sobiq murabbiyi Rudi Garsiyaning aytishicha, Roman Abramovich hujumchi - Jervinyo orqali Azar bilan bog‘lanib, unga 3 baravar ko‘p maosh va’da qilgan. Futbolchining o‘zi Jervinyo va Drogba bilan gaplashgani, aynan Didye unga maslahat berganini tan olgandi. Mayli, ehtimol shundaydir, asosiysi, tashabbus kimdan chiqqani ma’lum. Zero, Azar tez orada hammasiga nuqta qo‘ygandi: «Abramovich bilan uchrashib, maqsadlarimiz mushtarak ekanligiga amin bo‘ldim. U ochiq-oydin gapirdi. Shundan keyin qat’iy qarorga keldim». Xullas, «aristokratlar»ning rossiyalik sohibi shu tariqa o‘zining eng qimmatbaho javohiriga ega bo‘ldi. Jamoa Azar yordamida 2 marta Angliya chempioni maqomiga erishdi, shuningdek, mamlakat va Liga kubogida g‘alaba qozonib, YELda zafar quchdi. «Chelsi» shu davr oralig‘ida 6 nafar murabbiy qo‘liga o‘tdi, Frenk Lempard va Jon Terrini kuzatib qo‘ydi, Mourinyo -Karneyro, Konte - Kosta mojarolarini ko‘rdi. Muhimi, bu alg‘ov-dalg‘ovlar Azar - «Chelsi» hamkorligiga putur yetkazolmadi. Aksincha, jamoa murakkab vaziyatdan ortiqcha xarajatlarsiz chiqib ketdi. Yana bir fakt: Eden 6 yil ichida atigi 1 marta - 2015|2016 yillar mavsumida omadsizlik «ko‘chasi»ga kirdi, xolos. Qiziq, balki bu shunchaki, tasodifdir, lekin belgiyalik futbolchi Mourinyoning aynan 3-mavsumida sust o‘ynadi. Qolgan barcha mavsumlarda barqaror to‘p surib, «Gol}pas» tizimi bo‘yicha o‘rtacha hisobda 22 balldan to‘pladi. Qisqasi, belgiyalik javohir - «Chelsi» uchun gollar bulog‘i!
«Olma»dan to‘kilgan «olma»
Edenning noyob iqtidori bolaligidayoq yaqqol ko‘zga tashlangandi. Chunonchi, uning ota-onasi, shuningdek, bobosi ham futbol bilan professional darajada shug‘ullanishgan. Karin Azar o‘z jamoasi rahbariyatini homiladorligi haqida ogohlantirganida, bosh murabbiy shunday degan ekan: «Avvalo, Yaratgandan o‘g‘il farzand so‘ra. U 3 yoshga to‘lganida to‘p sovg‘a qil, keyin futbol maktabiga ber. Terma jamoadan hujumchi qarzdorsan. Bilib qo‘y, o‘g‘ling mahorat bobida Shifodan kam bo‘lmasin!» Qarangki, Eden 27 yoshga to‘lgunicha futbol bobidagi barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha mashhur vatandoshidan o‘zib ketdi. Oddiy ifoda etganda, olma daraxtidan albatta, olma to‘kilishi o‘z isbotini topdi. Chinakam OLMA! «Bolaligimda futbol sirlarini Ronaldinyo roliklarini tomosha qilish orqali o‘rganardim», - deydi Eden. U ukalarini jalb etib, xona ichida shug‘ullangani bois, singan idish-tovoqlar jarangi tez-tez eshitilib turardi. Bunday moddiy zarar tez orada o‘z samarasini berdi - dribling Azarning asosiy quroliga aylandi. Deylik, Belgiya termasi yetakchisi shu yil boshida bu masalada hattoki, Lionel Messi va Neymardek usta driblingchilardan ham o‘zib ketdi. U xususan, JCH-2018 doirasida bo‘lgan Braziliya - Belgiya uchrashuvida 10 marta samarali aldamchi harakatni amalga oshirib, raqib safidagi barcha futbolchilarning umumiy natijasi bilan teng ko‘rsatkichga erishdi! Asosiysi, belgiyalik yarim himoyachi xudbinlik illatidan mutlaqo yiroq. Uning bu fazilatini Antonio Konte ham payqagandi: «Ba’zan Azar uchun bitta gol yetarlidek tuyuladi. Chunki yana gol urish imkoniyati yuzaga kelganiga qaramay, to‘pni jamoadoshlariga uzatishga intiladi. Vaholanki, o‘zi o‘ta qulay vaziyatda turgan bo‘ladi. Deylik, Ronaldu bunday emas, bitta gol ursa, uni 2ta qilishni istaydi, 2ta ursa, yanada ko‘prog‘iga intiladi. Messi ham shunday...». Xullas, aslida Azar bundanda sermahsulroq o‘yin ko‘rsatishga qodir. Faqat bu yuksalish qaysi jamoada ro‘y berishi hozircha jumboq bo‘lib qolmoqda.
Oliyjanob yigit
Umuman, Eden yana ko‘plab fazilatlari bilan ayrim superyulduzlardan yaqqol ajralib turadi. Azar jamoa uchun tahlikali 2016 yili mutasaddilar Antonio Kontedek jilovni tortishga usta nomzodni topib ulgurishgan payt ham ketish haqida o‘ylamadi. Nega, bilasizmi? Marhamat, matbuotdan olingan xabar bilan tanishing: «Belgiyalik futbolchi «ko‘klar»ning bo‘lajak bosh murabbiyiga yana bir mavsum qolishini ma’lum qildi. Tan olib aytishicha, u joriy mavsum o‘z saviyasi darajasida o‘ynolmagan va bu aybini yangi chempionatda yuvishga qaror qilgan». Neymarning murabbiylarga nisbatan injiq tabiati yoki Messining boshlang‘ich tarkibni o‘zi belgilash odatidan kelib chiqsak, Azar - olijanob va bebaho futbolchi! Avvalgi yilning qish kunlari, ya’ni Kontening Londondagi faoliyati yakunlanayotgan pallada Eden bir oyog‘i bilan «Real» ostonasida turgandi. Biroq bu safar ham Abramovich yengilmas g‘ov bo‘ldi. U Azar bilan yuzma-yuz o‘tirib, unga jamoaning «belgi»si ekanligi, ketishi «Chelsi» uchun qaqshatqich zarba bo‘lishini tushuntirdi. Bundan tashqari, Edenning yillik maoshini 17 mln. yevroga ko‘tarishga so‘z berdi. Futbolchi avvaliga hujjatga imzo chekmadi, lekin yakunda jamoada qoldi. Belgiyalikning amaldagi shartnomasi 2020 yili nihoyasiga yetadi, klub sohibi esa uni imkon qadar ko‘proq muddatga olib qolish yo‘llarini qidirish bilan band. Mavsum-2017|2018 yakuniga ko‘ra, «Chelsi» CHLdan chetda qolgach, Ronaldu o‘rniga munosib ijrochi qidirayotgan «Real» nihoyat, maqsadiga erishadigandek tuyuldi. Biroq «Qirollik klubi» yana chapak chalib qolaverdi - «aristokratlar» italiyalik ijodkor murabbiy Maurisio Sarrini Londonda ishlashga ko‘ndirishdi, Azar esa aynan u bilan hamkorlik qilishni ma’qul ko‘rdi. Qolaversa, Eden hurmat qiladigan Zayniddin Zidan bu pallada madridliklar bilan xayrlashgandi.
«Sarrizm» istiqboli
Italiyalik ijodkor mutaxassis «Chelsi» taktikasini tubdan o‘zgartirdi. Bu ayniqsa, Eden uchun ajoyib yangilik bo‘ldi. Binobarin, murabbiy va Azarning futbolga oid tushunchalari deyarli bir xil. Sarri uslub bo‘yicha shafqatsiz rejimi bilan mashhur Kontega ham, darvoza oldida «avtobus» qo‘yishni xush ko‘ruvchi «Benazir»ga ham o‘xshamaydi. Yangi bosh murabbiy belgiyalik shogirdiga shunday ta’rif bermoqda: «Azarda o‘ynashga ishtiyoq uyg‘otish juda oson. Unga shunchaki, maydonda zavq olish imkoni berilsa, bas. Eden mazmunli futbol shaydosi. Shu sababli o‘rtamizda muammo yo‘q». Ayni payt «Chelsi»ning asosiy raqobatchilarida muammolar yetarli. Ular tutqich bermas belgiyalikning APLdan ketishini intiqlik bilan kutishmoqda. «Yashirmayman, JCHdan keyin jamoani almashtirish haqida o‘yladim. Harqalay, Ispaniyada to‘p surish orzusidan hali voz kechgan emasman. Lekin rahbariyat va murabbiy bilan muloqotdan so‘ng qolishga ahd qildim», - deydi Azar. Uning Londondagi faoliyati cho‘zilgan sayin «Balki endi hech qayerga ketishiga hojat yo‘qdir?» qabilida savol bot-bot ko‘ndalang bo‘lmoqda. Darhaqiqat, Azardek mahorat sohibi atrofida buyuk jamoa shakllantirish mumkin. Sarri tabiatan izlanuvchan mutaxassis va bu vazifani bemalol uddalasa kerak. Qolaversa, «Real»ga o‘tish bir qator noyob iqtidor sohiblari faoliyatini izdan chiqarganini unutmaylik. Azar esa Londonda «ko‘klar»ning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida tarixga kirish imkoniga ega. Ko‘plab mutaxassislar hozirning o‘zida uni buyuklar qatorida tilga olishadi. To‘g‘ri, Lempard va Drogbadek afsonalar statistika bobida ancha oldinda. Boz ustiga, ular CHLda ham g‘alaba nashidasini surishgan. Azarni birinchi navbatda, shu jihat qiziqtirishi lozim. Frenk «Chelsi» safida 13 yil to‘p surgan, Didye esa 11 mavsum. Eden endi yo‘lning yarmini ortda qoldirdi. Demak, turli rekordlarni yangilab, «aristokratlar» tarixidagi eng yorqin yulduzga aylanish uchun ajoyib imkoniyat o‘zining izmida!
Eden Azarning barcha turnirlardagi
Statistikasi
Mavsum Murabbiy O‘yin Gol
2018|2019 Maurisio Sarri 10 8
2017|2018 Antonio Konte 51 17
2016|2017 Antonio Konte 43 17
2015|2016 Joze Mourinyo, 43 6
Gus Xiddink
2014|2015 Joze Mourinyo 52 19
2013|2014 Joze Mourinyo 49 17
2012|2013 Roberto di Matteo, 62 13
Rafael Benites
Jami: 310 97
-------------------------------------------------
Izoh: 8 oktyabr holatigacha.
«Chelsi» rekordchilari
Futbolchi O‘yinlar
soni
Ron Xarris 795
Piter Bonetti 729
Jon Terri 717
Frenk Lempard 648
Jon Xollins 592
«Chelsi» rekordchilari
Futbolchi Gollar
soni
Frenk Lempard 211
Bobbi Tembling 202
Kerri Dikson 193
Didye Drogba 164
Roy Bentli, 150
Piter Osgud