Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Zohir Pirimov: «Bizga ishonishmagani foydamizga ishladi»

Zohir Pirimov: «Bizga ishonishmagani foydamizga ishladi»

Baho:
+ | -

Poytaxt viloyatining AGMK jamoasi tarixida yangi sahifa ochildi. Olmaliqliklar o‘z tarixlarida ilk bor O‘zbekiston kubogi sohibiga aylanishdi.

Ular «Istiqlol» stadionida kechgan final uchrashuvini hali uzoq vaqt eslab yurishadi. Axir hal qiluvchi bahsda «Paxtakor» ishonchli tarzda  mag‘lubiyatga uchratildi. Bunday bo‘lishini hattoki, AGMK rahbarlari, murabbiylari va futbolchilari ham kutishmagandi. To‘g‘ri, g‘alabaga umid va ishonch bo‘ladi, baribir. Lekin finalda bunday hisob qayd etilishini hech kim kutmagandi, ochig‘i. Xullas, o‘z tarixida ilk bor finalga chiqqan AGMK mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan 8-klubga aylandi. Olmaliqliklarga qadar «Paxtakor» (11 marta), «Bunyodkor» (4), «Navbahor» (3), «Lokomotiv» (3), «Neftchi» (2), «Nasaf» (1) va «Do‘stlik» (1) jamoalari O‘zbekiston billur sovrini sohibiga aylangandi. AGMK ustozi Baxtiyor Ashurmatov uchun esa ushbu uchrashuv bosh murabbiy sifatidagi ilk final bo‘ldi. Xullas, bitta o‘yinda bir nechta tarixiy voqeliklar kuzatildi. AGMK endi kubok turniri g‘olibi sifatida kelasi mavsum OCHLda ishtirok etadi. Aniqrog‘i, yagona bahsdan iborat saralashning «pley-off» bosqichlarida o‘z imkoniyatini sinab ko‘radi. Biz Farg‘onadagi o‘yin yakunlangach, AGMKning 3-goli muallifi Zohir Pirimov taassurotlari bilan qiziqdik.

- Zohir, avvalo, g‘alaba muborak. Ko‘pchilik jamoangiz g‘alaba qozonishiga ishonmagandi. Ijobiy natijada eng muhim omil sifatida nimani ko‘rsatgan bo‘lardingiz?

- Tabrik uchun rahmat. Hozir juda hayajondaman. Jamoamizning har bir a’zosi xuddi shunday holatda. Butun vujudimizni ko‘tarinki kayfiyat chulg‘ab olgan. To‘g‘ri aytdingiz, AGMKning kubok yutishiga ishonch juda past edi. Bilmadim, ayni shunday qarash foydamizga xizmat qilgandir. Muhimi, maydonda bir jamoa - bir tan bo‘lib harakatlandik, oxirigacha kurashdik. Bu ko‘plab jamoadoshlarim uchun birinchi final edi. Ayrimlar uchun oxirgisi hamdir, balki. Shularni inobatga olgan holda, borimizni berdik. Menimcha, natija shunday yondashuv ortidan keldi.  

- Boshqacha aytganda, g‘alabaga umid bor edi, lekin bunday yakunni kutmagandinglar, to‘g‘rimi?

- Agar o‘zimizga ishonmasak, maydonga tushishimizning hojati yo‘q. To‘g‘ri, «Paxtakor» kuchli jamoa. Ammo yengilmas darajada emas. Hammasi maydonda hal qilinardi, amalda shunday bo‘ldi. Qisqasi, kuchli iroda va xarakter ko‘rsata oldik.

- O‘yin uchun qanday taktika tanlangan edi? Murabbiy maydonga tushishinglardan avval qanday ko‘rsatmalar berdi?

- Yaxshi himoyalanib, tezda qarshi hujumga chiqishimiz kerak edi. Murabbiyning bu boradagi ko‘rsatmalarini yaxshi bajardik, deb o‘ylayman.

- Sizlarga omad ham kulib boqdi, bu fikrga qo‘shilasizmi?

- Qaysidir ma’noda, ha. Axir omadsiz ish bitmaydi. Lekin umumiy qaraganda, katta hajmda ishni bajardik. Har bir chiziqda mukammal o‘ynashga harakat qildik.

- Tanaffus chog‘i AGMK kiyinish xonasida qanday suhbat bo‘ldi?

- Murabbiyimiz birinchi bo‘lim sur’atini tushirmasligimizni uqtirdi. Yana bir jihat shuki, o‘yin davomida xatolardan imkon qadar qochdik. Zero, «Paxtakor» xatolarni kechiradigan jamoa emas.

- Bu shaxsan siz uchun faoliyatingizdagi eng muhim o‘yin va g‘alabami?

- Xuddi shunday. Mana, birinchi jiddiy sovrinni qo‘lga kiritdim. O‘ylaymanki, bu oxirgisi bo‘lib qolmaydi. Biz birgalikda tarix yaratdik va endi muvaffaqiyatimiz tasodifiy emasligini isbotlashga harakat qilamiz.   

- So‘nggi daqiqalarda urgan golingiz va g‘alabani aynan kimga bag‘ishladingiz?

- G‘alaba avvalo, bizni har bir o‘yinda yolg‘izlatib qo‘ymagan muxlislarimizga tegishli. Ular har qanday sharoitda jamoamizni qo‘llab-quvvatlab kelishyapti. Farg‘onaga ham Olmaliqdan yuzlab muxlislar kelishdi. Qolaversa, aksariyat  mahalliy ishqibozlar bizni olqishlab turishdi. Golimni esa ota-onamga bag‘ishlayman. Zero, futbolchi sifatida shakllanishimda ularning hissalari katta. Agar vaqtida menga kuchli e’tibor qaratishmaganida, bugungi sovrinni qo‘lga kiritish qayoqda edi... O‘yindan keyinoq uyga qo‘ng‘iroq qilib, ularni tabrikladim, quvonchimni baham ko‘rdim.

Agar AGMK Superliga bahslarida ham finaldagi kabi ishtiyoq ko‘rsatganida, hozir birinchi oltitalikda o‘ynardinglar, to‘g‘rimi?

- Ehtimol. Ammo chempionat va kubok o‘yinlarini bir-biri bilan taqqoslash noo‘rin. Muayyan bitta o‘yinga maksimal darajada tayyorgarlik ko‘rish mumkin. Bir necha oy davom etadigan chempionat esa, umuman bosh-qacha yondashuv talab etadi. Balki Baxtiyor Ashurmatov mavsum avvalida bosh murabbiy roliga tayinlanganida va hozirgi tarkib o‘sha payt shakllanganida, bemalol kuchli oltilikka kirarmidik...

Demoqchisizki, hozirgi muvaffaqiyatda bosh murabbiyning hissasi katta.

- Shunday. Baxtiyor aka futbolchilarda o‘z kuchlariga ishonch hissini uyg‘ota oldi. Tarkibimizda tajribali futbolchilar borligi ham g‘alabamiz omillaridan biridir. 

- Qiziq, AGMK OCHLda ishtirok etishga nechog‘li tayyor?

- Hozir birinchi navbatda, Superliganing qolgan o‘yinlariga e’tibor qa-ratishimiz kerak. Menimcha, OCHLga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt yetarli. 

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 12:00, 31.10.2018.
O'qildi: 2474 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.