Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Diyor Turopov: «Ettim deganda yiqilish istagi yo‘q»

Diyor Turopov: «Ettim deganda yiqilish istagi yo‘q»

Baho:
+ | -

Superliga tobora finish sari yaqinlashmoqda. «Lokomotiv» hal qiluvchi bosqichni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazmoqda.

Har holda, bu jamoa chempionlik maqomini saqlab qolishga juda yaqin turibdi. Yodingizda bo‘lsa, aynan «temiryo‘lchilar» «Paxtakor»ning o‘z maydonida davom etgan 23 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyasiga ham chek qo‘yishgandi.

«Sherlar» oxirgi marta o‘z maydonlarida 2017 yilgi mavsumning 7-turida aynan «Loko»ga yutqazib qo‘yishgandi.

Biz 28-tur doirasidagi «Lokomotiv» - «Metallurg» (1:0) o‘yinidan so‘ng «temiryo‘lchilar» yarim himoyachisi Diyor Turopovdan intervyu oldik. 

- Diyor, juda qiyin bahsda «Metallurg» mag‘lub etildi. Raqibning shunday qarshilik ko‘rsatishini kutganmidinglar?

- «Metallurg» bilan o‘yin qiyin kechishini, bekobodlik futbolchilar himoyaga katta e’tibor qaratishlarini oldindan bilgandik. Amalda ham shunday bo‘lib chiqdi. Natijada darvozani ishg‘ol qilishda ancha qiynaldik. Shukrki, so‘nggi daqiqada bo‘lsa-da, muvaffaqiyat qozonib, juda kerakli uch ochkoni qo‘lga kiritdik. O‘sha gol urilgan vaziyatda omad ham biz tomonda bo‘ldi. «Lokomotiv» ochiq futbol tarafdori va istalgan raqibga hujumkor o‘yin taklif qiladi. Endi oldinda yana to‘rtta o‘yin bor. Shunday ekan, chempionlik uchun kurash va yurishni davom ettiramiz. Oson bo‘lmasligi aniq. O‘z uyimizda «Paxtakor» va «Buxoro» jamoalarini qabul qilamiz. «Bunyodkor» hamda «Navbahor» klublari maydoniga safar uyushtiramiz. Ko‘ryapsizmi, bizni qanday murakkab o‘yinlar kutib turganini?! Shundan kelib chiqib, hali chempionlik uchun kurash davom etadi, deyish o‘rinli bo‘lsa kerak.

- Hakam hushtagi chalinganidan so‘ng maydonda futbolchilar o‘rtasida biroz tortishuv yuzaga keldi. Ignatiy Nesterov asosiy planga chiqdi. O‘sha vaziyatda nima bo‘lgandi?

- Ochig‘i, biz futbolchilar va jamoamizning boshqa a’zolari bilan g‘alabani nishonlayotganimiz bois, bu holatga e’tibor bermabmiz.

- «Lokomotiv»ning chempionlik poygasidagi muhim g‘alabasi, baribir, «Paxtakor» bilan o‘yinda qayd etildi. Jamoangizning o‘sha yutug‘i ko‘pchilik tomonidan biroz kutilmagan, deya qabul qilindi. Bu borada fikringiz qanday?

- Shaxsan men «Lokomotiv»ning ushbu muvaffaqiyatini kutilmaganda qayd etildi, demagan bo‘lardim. Qaysidir ma’noda bu fikrlarga qo‘shilish mumkin. «Paxtakor»ning o‘z maydonida o‘ynagani ularga sezilarli ustunlikni taqdim etardi. Kim ham  muxlislari ko‘z o‘ngida mag‘lubiyatga uchrashni xohlaydi? Chempionlik uchun kurashayotgan ikki jamoa o‘rtasidagi bahsda biz baribir kuchliroq ko‘rindik. Uchrashuv davomida yuzaga keltirilgan imkoniyatlardan unumli foydalandik. Jamoamiz mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlaridan birini namoyish etdi va juda muhim uchrashuvda zafar quchishni uddaladik.

- Kamida durang o‘ynasak ham biz uchun ijobiy holat bo‘ladi, degan fikr ham bormidi?

- Bu o‘yinga maksimal darajada yondashishimiz kerakligi kutilgandi. Amalda shunday ham bo‘ldi. Barcha futbolchilar ushbu uchrashuvda borlarini berishdi. Qolaversa, klub rahbariyati va murabbiylar shtabi ham g‘alabaga erishishimizga ishongan edi. Lekin bu - futbol, unda har qanday kutilmagan natijalar ham qayd etiladi. Oldindan nimanidir taxmin qilish qiyin. Bir so‘z bilan aytganda, o‘sha kun bizga atalgan ekan.

- «Paxtakor» o‘z o‘yini bilan sizlarni hayron qoldirdimi?

- «Paxtakor» kuchli hamda yaxshi saviyadagi jamoa. Bunga hech qanday shubha yo‘q. Tarkibida tajribali futbolchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ammo o‘sha kuni biz ularga erkin holda o‘ynash, o‘zlari xohlagan futbolni namoyish etishga imkon bermadik. Shunga qaramay, maydon egalari mazmunli, hujumkor o‘yin ko‘rsatishdi. Natijada, uchrashuv yakunlanganidan keyin «Paxtakor» muxlislari futbolchilarni olqishlar bilan kuzatib qo‘yishdi.

- O‘zbekiston kubogidagi mag‘lubiyat esdan chiqmaganmidi?

- «Lokomotiv» g‘alaba qozonadimi yoki yo‘qmi, murabbiylarimiz bizga o‘sha uchrashuvni unutishimizni va keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerakligini uqtirishadi. Chorak finaldan o‘rin olgan va jamoamizning yirik hisobdagi (0:4) mag‘lubiyati bilan yakunlangan o‘sha o‘yinni unutishga harakat qilgandik. Agar o‘ylab, miyamizda saqlab yurganimizda, ke-yingi bahslardagi natija ijobiy bo‘lmasdi. Kubok bahslari bitta uchrashuvdan iborat va tabiiyki, unda kutilmagan natijalar ham qayd etiladi. Bu gapim bilan «Paxtakor» bizni kutilmaganda mag‘lub etdi, demoqchi emasman. Lekin shu darajada yirik hisob bo‘lmasligi mumkin edi. Kubok uchun kurashdan chiqib ketganimizdan so‘ng oldimizda yagona yo‘l qolgandi. U ham bo‘lsa - chempionlik unvonini saqlab qolish uchun kurashish. Faqat shu tariqa OCHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishimiz mumkin edi.

- Baribir savolimga to‘liq javob ololmadim. Kubokdagi o‘yin xayolning bir chetida bormidi?

- Umuman unutib yuborgandik, desam xato bo‘ladi. Albatta, kubok bahsida yirik hisobda mag‘lubiyatga uchraganimiz yaxshi bo‘lmadi. Uchrashuvda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar uzoq vaqt yodda saqlanib qoladi. Chempionlik unvonini qo‘lga kiritganimizdan so‘ng esdan chiqib ketadi.

- «Lokomotiv» muxlislari chempionlikni nishonlash uchun tayyorgarlik ko‘rishsa bo‘laveradimi?

- Chempionat o‘zining eng qizg‘in pallasiga yetib keldi. Superliganing qolgan uchrashuvlari bu savolga javob beradi. «Lokomotiv»ni va shu bilan birga, g‘oliblik uchun kurashayotgan raqib jamoalarni oldinda oson bo‘lmagan o‘yinlar kutib turibdi. Yuqorida aytganimdek, chempionlik haqida gapirishga va uni nishonlashga hali erta. To‘g‘ri, biz ketma-ket oltita o‘yinda g‘alaba qozonib, «oltin» sari dadil qadam tashladik. Lekin hali rasman chempion bo‘lganimiz yo‘q. Har qanday holat ro‘y berishi mumkin. Biz boshlagan ishimizni chiroyli tarzda yakunlab qo‘yishimiz kerak. Chempionlik unvonini munosib tarzda himoya qilishga astoydil intilamiz.

- Oldinda to‘rtta o‘yin qoldi. Mana shu uchrashuvlardan qaysi biri eng qiyini bo‘lishi mumkin?

- Hammasi murakkab. O‘yinlarning ikkitasini safarda «Bunyodkor» va «Navbahor» jamoalariga qarshi o‘tkazamiz. Ko‘rdingiz, Namangan klubiga qarshi Toshkentda kechgan o‘yin biz uchun oson o‘tmadi. Xuddi «Metallurg» bilan bo‘lgani kabi juda qiyin g‘alabaga erishdik. Hozir bizda chempion bo‘lish uchun juda yaxshi imkoniyat yuzaga kelgan. Ammo «Paxtakor» hamda «Buxoro»ga qarshi o‘z maydonimizda o‘tadigan o‘yinlar ham qiyin kechishi aniq. Ayniqsa, «Paxtakor» o‘z maydonidagi mag‘lubiyat uchun revansh olishga urinib ko‘radi. Ularda ham chempionlik uchun imkoniyat saqlanib qolmoqda. Bu esa chempionatimizdagi intrigani oshiradi. Bizdan talab qilinadigani - oxirigacha kurashish va xotirjamlikka berilmaslik. Bu narsani har bir futbolchi hozir chin yurakdan his qilib turibdi. Yetdim deganda yiqilish istagimiz yo‘q.

- «Lokomotiv»da hammasi joyidami? Moliyaviy tomondan kamchiliklar yo‘qmi?

- Chempion jamoada bunday muammolar bo‘lmaydi. Hammasi joyida. Aks holda, bu natijaga salbiy ta’sir qilishi mumkin edi. Ko‘rib turganingizdek, har bir turda g‘alaba qozonib, navbatdagi chempionlik sari yaqin boryapmiz.

- Superliganing yangicha formatda o‘tkazilayotganiga munosabatingiz qanday?

- Fikrim ijobiy. Bu format o‘zbek futboli uchun yangilik bo‘ldi. Kuchli jamoalar bir mavsumning o‘zida kamida to‘rt marotaba uchrashishadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston kubogida ham to‘qnash kelishadi. Shunday o‘yinlar har qanday futbol muxlisini stadion tomon chorlaydi. Arenada ko‘rmagan taqdirda ham televizor qarshisiga «mixlanadi».

- Superligamizning faqat ko‘rinishi bo‘yicha yangilik bo‘ldimi? Chunki birinchi bosqichda qiyinchilik bilan qo‘lga kiritilgan ochkolar nolga aylantiriladi. Bu holat alam qilmaydimi?

- Superliga yangicha formatda o‘tkaziladi, deb barchaga axborot berilgan. Hammaning bundan xabari bor edi. Shundan kelib chiqib, elita jamoalari birinchi bosqich yakunlariga ko‘ra yuqori oltilikka kirish uchun harakat qilishlarini oldindan bilishgan. Mabodo, kuchlilar safidan joy ola bilmasalar, sovrinli o‘rinlar uchun kurashish imkoniyati yo‘qqa chiqib, aksincha, Superligada «jon» saqlab qolishga intilishlaridan ham xabardor edilar. Ha, qaysidir jihatlari alam qilishi mumkin. Aytaylik, biror jamoadan birinchi bosqichda olti ochko oldingiz. Lekin bu klub kuchli oltilikka kira olmadi. Natijada o‘sha ochkolar nolga aylanadi. Shu holatlari juda alam qiladi. Nima ham derdik, qo‘pol qilib aytganda, bu elga kelgan to‘y. Chempionatni hamma bir xil sharoitda boshladi. Hech bir jamoaga sun’iy holatdagi ustunlik taqdim etilmadi. Bir tomondan, chempionatimiz qiziq o‘tishiga zamin yaratdi.

- Sizga quyi oltilik jamoalari o‘rtasidagi kurash yo‘qdek ko‘rinmayaptimi?

- Bu savolga javob berolmayman. Chunki hozir bor e’tiborimiz chempionatning qolgan to‘rtta o‘yiniga qaratilgan. Navbatdagi uchrashuvlar har bir klub uchun olti ochko uchun kechadi, desam mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Hech bir jamoa maydonga mag‘lubiyatga uchrayman, deb tushmaydi.

- Diyor, O‘zbekiston milliy jamoasining so‘nggi ikkita o‘yini haqida nima deya olasiz?

- Termamiz yangi bosh murabbiy qo‘l ostida endigina to‘rtta uchrashuv o‘tkazdi. Menimcha, hali to‘laqonli fikr bildirishga erta bo‘lsa kerak. Ammo Kuperning mashg‘ulotlari qiziqarli, futbolchilar bilan muloqotga kirishishi ham yaxshi de-yishyapti.

- Ko‘pchilik himoyaviy taktikani xush ko‘radigan murabbiy ekan, deyapti. Siz ham shunday fikrdamiz?

- Terma jamoadagi do‘stlarimiz bilan suhbatlashganimda, ular haqiqatan ham dastlabki o‘yinlarda himoyaga moslangan taktikada o‘ynadik, degan so‘zni aytishgandi. Bilmadim, balki bu vaqtinchalik holat bo‘lsa kerak. Qatar va KXDRga qarshi kechgan o‘yinlarda futbolchilarimizni hujumda ham ko‘rdik. Hamma narsaning o‘z vaqt-soati bor. Kuper birinchi galda mudofaa chizig‘ini mustahkamlashaga e’tibor qaratdi va shaxsan men ham uning qarorini qo‘llab-quvvatlayman. Oldinda termamizning Avstraliyada o‘tkazadigan ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi bor. Mana shu o‘yinlar orqali argentinalik mutaxassis birinchi galda tarkibni aniqlab olishga urinadi. Ayniqsa, Janubiy Koreya jamoasiga qarshi kechadigan o‘rtoqlik bahsi futbolchilarimiz va shu bilan birga Ektor Kuperga ham foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman. Kuchli raqib bilan o‘yinlarda jamoaning zaif jihatlari ko‘zga tashlanadi. O‘rtoqlik bahslarida xato qilish mumkin. Masalan, jamoangiz mag‘lubiyatga uchragan taqdirda ham bundan xafa bo‘lmaslik, fojia yasamaslik kerak. Nazorat o‘yinlari murabbiylarga shuning uchun ham kerak. Ya’ni, jamoa ustozi mazkur bellashuvlarda turli taktikalarni amalda sinab oladi. 

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 16:27, 10.11.2018.
O'qildi: 2787 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.