Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Yana «Lester» va uning xo‘jayini Vijay Shrivaddanaprabxa haqida...

Yana «Lester» va uning xo‘jayini Vijay Shrivaddanaprabxa haqida...

Baho:
+ | -

Ma’lumki, shu yilning 27 oktyabr kuni dunyo ahli mudhish fojiadan xabar topdi: Angliyaning «Lester» klubi xo‘jayini Vijay Shrivaddanaprabxa o‘tirgan vertolyot «King Pauer» stadioni yonginasida, odamlar ko‘z o‘ngida halokatga uchradi.

Achinarlisi, hodisa ro‘y bergan paytda «tulkilar»ning «Vest Xem»ga qarshi o‘yini (1:1) endigina yakuniga yetgan, klub ishqibozlari stadionni tark etishga ulgurmagan ham edilar. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, vertolyot bortida jami besh kishi bo‘lgan va ularning hammasi o‘sha zahoti halok bo‘lishgan. Shu jumladan, klub xo‘jayini ham.

Fojiadan keyingi tergovda aniqlanishicha, mudhish holatga vertolyot dum qismidagi parrakning ishdan chiqqani sabab bo‘lgan. Aynan shu bois vertolyot havoga ko‘tarilgan paytida o‘z o‘qi atrofida aylanishni boshlagan va keyinchalik pastga qulagan.

«Avvaliga vertolyot g‘alati tovush chiqarib, keyin bir nuqtada aylanishni boshladi, -  deydi halokat guvohlaridan biri, Angliya terma jamoasi va «Lester» klubining sobiq darvozaboni Piter Shilton. - Bu juda kutilmagan, yoqimsiz holat edi, nima bo‘layotganini anglamay qoldik. Shundan so‘ng vertolyot havoda «spiral» yasab, yerga qulashni boshladi. Faqat shundagina vertolyot nazoratdan chiqqanini va biz tomonga yaqinlashayotganini payqadik. Yonimdagi rafiqam qo‘rqqanidan joyida qotib qoldi. Tabiiyki, men ham «shok» holatida edim va haligacha uning asoratlaridan to‘la qutulganimcha yo‘q. Ayolim shu payt qo‘limizdan biror yordam kelishi mumkinligini aytib qoldi. Aslida esa biz falokatning oldini olish uchun hech narsa qilolmasdik. Vertolyotning qay tarzda qulashi ko‘z oldimdan ketmayapti».

Falokatning ertasiga butun dunyo ahli «Lester» klubi va tailandlik tadbirkorning oila a’zolariga hamdardlik bildira boshladi. Futbolchilar, murabbiylar, tahlilchilar, muxlislar - hamma azaga cho‘mdi. Hodisa sababli aytilgan eng ta’sirli so‘zlardan birini Riyod Mahrez «Instagram»dagi sahifasiga joyladi: «Men hayotda uchrashgan, tanigan va gaplashgan eng yaxshi odamlardan biri. Sizni hech qachon unutmayman. Mangulik qa’rida abadiy tinch orom ol, Vijay!»

«Manchester Siti»ning  jazoirlik futbolchisi bu bilan cheklanib qolmay, «Tottenxem»ga qarshi o‘yinda gol urgach, qo‘llarini osmonga ko‘targanicha, muvaffaqiyatini dun­yodan bevaqt ko‘z yumgan Shrivaddanaprabxaga bag‘ishladi.

Mahrezning goli yagonaligicha qolgan va «shaharliklar» uchun g‘oyat ahamiyatli bo‘lgan mazkur o‘yin yakuniga yetgach, Riyod Sky Sports nashriga intervyu berarkan, tuyg‘ularini arang jilovlab turgani yaqqol sezildi: «Boss» men uchun o‘ziga xos ahamiyatga ega shaxs edi. «Lester»da to‘rt yarim yil to‘p surdim va bevosita Vijayga bog‘liq ko‘plab xotiralar qoldi. U keng fe’lli, mehribon va samimiy inson edi. Halokat haqida eshitganimda, bunga aslo ishongim kelmadi. «Lester» va «Boss»ning oilasiga hamdardman».

29 oktyabr kuni «Lester»ning uy stadioni - «King Pauer»da marhumlar bilan vidolashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shrivaddanaprabxani so‘nggi manzilga kuzatish uchun minglab odamlar yig‘ildi. Shuningdek, «King Pauer»ning asosiy eshigi tagiga ertalabdan kechga qadar guldastalar qo‘­yildi.

Marosim qatnashchilari orasida klub xo‘jayinining turmush o‘rtog‘i Aimon va ularning o‘g‘li Ayavatt ham bor edi. Ularning yonida Tailand futbol assosiasiyasi rahbari rafiqasi bilan joy oldi.

Marosim oxirida azadorlarni «Lester» o‘yinchilari qo‘llarida guldastalar bilan kutib olishdi. Marosimda klubning barcha a’zolari, texnik xodimlar, rahbariyat va klub akademiyasining yosh tarbiyalanuvchilari hozir bo‘lishganini ham alohida ta’kidlash lozim.

Stadion markaziga hamdardlik guldastalari terib chiqildi. Shundan so‘ng klub a’zolari Vijayning oila a’zolari bilan birma-bir ko‘rishib, ta’ziyalarini izhor qilishdi. Seshanba kuni tong-saharda stadionga ulkan kitob qo‘yildi va hamdardlik bildirish maqsadida kelgan har bir inson bu kitobga o‘zining dil izhorlarini yoza boshladi. Shuningdek, kutilmagan fojia munosabati bilan Angliya Liga kubogining «Sautgempton»ga qarshi o‘tishi kerak bo‘lgan o‘yini boshqa kunga qoldirildi.

Stadionga kelganlar orasida Les­terdagi eng mashhur rok-guruh - Kasabian xonandasi Tom Meygan ham ko‘rinish berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mudhish halokat unda shunday tuyg‘ularni uyg‘otdiki, bu hissiyotlarni faqat eng yaqin odamidan bevaqt ajralgan insonlargina his qilishlari mumkin. Albatta, Tomning so‘zlariga o‘zini futbolga ozgina aloqador deb bilgan har qanday odam qo‘shiladi. Jumladan, sizu-biz ham... Alvido, Vijay, alvido, «tulkilar»ning tarixdagi eng buyuk yo‘lboshchisi...

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 06:23, 12.11.2018.
O'qildi: 6241 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.