Xabaringiz bor, kecha Milliy olimpiya qo‘mitasi yengil atletika bo‘yicha Respublika bo‘ylab keng miqyosdagi seleksiya ishlarini boshlagani haqida xabar qilgandik. Ko‘rik-tanlov sifatida o‘tkazilayotgan seleksiyaning dastlabkisiga bugun, 25 noyabr kuni Andijon viloyatida start berildi.
Viloyatda istiqomat qiluvchi yosh yigit-qizlar o‘zlarini sinab ko‘rish uchun tanlovga tashrif buyurdilar. Havaskor sportchilar yadro uloqtirish, uzunlikka sakrash, balandlikka sakrash va 60 metrga yugurish kabi yo‘nalishlarda o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Ularni yengil atletika bo‘yicha murabbiylar kuzatib borishdi.
Navbatdagi seleksiya ertaga, 26 noyabr kuni Farg‘ona viloyatida o‘tkaziladi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan tashkil qilinayotgan mazkur ko‘rik-tanlov 17 dekabrga qadar davom etadi. Mazkur tanlov natijasida saralab olingan yoshlarda keyinchalik sport bilan professional tarzda shug‘ullanib, terma jamoa safidan o‘rin olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Siz ham o‘z omadingizni sinab ko‘ring!
















