Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Har ikkisi – «o‘zga sayyoralik», ammo...

Har ikkisi – «o‘zga sayyoralik», ammo...

Baho:
+ | -

Yaqindagina 25 yoshga to‘lgan Paulo Dibala zamonamizning asosiy ikki yulduzi - Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu bilan jamoadosh sifatida to‘p surish baxtiga musharraf bo‘lgan 11-futbolchi ekan.

Ha, hozirga qadar atigi 11 nafar futbolchiga «o‘zga sayyoralik» ikki o‘yinchi bilan ham bitta jamoa bayrog‘i ostida maydonga tushish nasib etgan.

Tabiiyki, ular portugaliyalikni ham, argentinalikni ham baralla maqtashgan, maqtashadi.

Ehtimolki, oxirgi vaqtlarda «Kim kuchli - Messimi yoki Ronaldu?» mavzusidagi bahs-munozaralar biroz tingandir, biroq vorislik masalasini hech kim kun tartibidan olib tashlaganicha yo‘q.

Buning uchun yangi qahramonlar Leo va Krishni chetga surib qo‘yishlari kerak. Xullas, soccer.ru sayti yana o‘sha asosiy savol - futbol hamjamiyatini birdek qiziqtiradigan masalani ko‘tardi - kim kuchliroq?

Faqat bu safar «mustaqil ekspertlar» rolini XXI asr futbolining har ikki durdonasi bilan birga shug‘ullangan (to‘p surgan) 11 nafar o‘yinchi bajardi. Qani, ko‘raylikchi, ularning xulosalaridan nimanidir aniqlashtirish mumkinmikan? 

1. Anxel di MARIYA

(Argentina)

- Ronaldu va Messi aql bovar qilmas darajada ko‘p gol urishdi, barcha rekordlarni yangilashdi. Nazarimda, hech kim ularga tenglasholaydi. Gap o‘z zamonasining ikki buyuk futbolchisi va eng yaxshi sportchilari haqida ketmoqda. Krishtianu va Lionel yildan yilga nafaqat boshqalar, balki bir-birlaridan galma-gal o‘zib ketishyapti, hammani yanada kuchliroq hayratga solishmoqda. Qarang, rekord qayd etishdan charchashmayapti, yangi-yangi sovrinlarni yutishdan zerikishmayapti. Asosiysi, ular har bir o‘yinda eng yuqori saviyani namoyish etishyapti. Shaxsan men har ikkisi o‘yini oldida lolman! Qisqasi, Leo yoki Krishni ustunroq ko‘rolmayman («Real» safida o‘ynagan vaqtdagi fikrlari).

- Ronaldu ajoyib futbolchi, shunchaki, super! Biroq Messi davrida benazir o‘ynash, unga tenglashish oson emas. Menda Leoni ta’riflashga so‘z yo‘q. U hamisha va har dam hayratlantirishga qodir. Yillar o‘tyapti va Messi hamon eng kuchlisi. Ko‘rasizlar, keyingi yili ham aynan uni yana birinchi raqamli o‘yinchi sifatida tilga olamiz. Oddiy aytganda, Leo o‘zga sayyoradan kelgan futbolchi («Real»dan ketgan vaqtdagi fikrlari).

2. Karlos TEVES (Argentina)

- Krishtianu eng yaxshilar qatoriga kirish uchun juda ko‘p ishladi, tinmay ter to‘kdi. Uning ko‘tarilgan yuqori saviyada qolish uchun yanada jiddiyroq ishlashiga to‘g‘ri kelayotganini ham yaxshi bilaman. Lionel esa buyuklik sari tabiiy ravishda odimladi, bu yo‘lda o‘zini qiynoqqa solgani yo‘q. Ya’ni uning holati o‘zini o‘zi qurbon qilish sanalmaydi. Shaxsiy fikrimcha, sayyoramizning eng yaxshi futbolchilari - Ronaldu va Messi o‘rtasidagi asosiy hamda katta tafovut shu. Ha, Leo barchamizdan farqli o‘laroq, qandaydir boshqa sport turi vakilidek. Uning uchun xohlagan uchrashuvda 3ta gol urish - do‘konga non uchun tushib kelishdek gap...

3. Andre GOMESH (Portugaliya)

- Har ikkisiga hurmat nuqtai nazaridan hech qachon ularni o‘zaro taqqoslamayman. Ronaldu - hamyurtim, jonajon mamlakatim tarixidagi eng yaxshi futbolchi. Messi - klubdoshim, «Barselona» tarixidagi bebaho yetakchi. Iltimos, qay biri kuchliroq ekanligini so‘rab, meni qiynamanglar...

4. Jerar PIKE (Ispaniya)

- Messi ham, Ronaldu ham buyuk futbolchi va ularning tarixga kirishlari aniq. Biroq bitta farq bor: Leo biz kabi oddiy inson emas, Krish esa insonlar orasida eng yaxshisi.  

5. Esekyel GARAY (Argentina)

- Bu savolga juda ko‘p bora javob berishimga to‘g‘ri kelgan. Lekin yakdil xulosam hech qachon o‘zgarmaydi - shubhasiz, Messi! Buni ko‘p yillar oldin to‘liq anglagandim. Ya’ni Argentinaning U-15 toifasidagi terma jamoasida Leo bilan ilk marta to‘qnash kelganimdayoq uning futbol uchun beqiyos ekanligini tushungandim. Leo o‘sha kundan buyon meni hayratlantirishda davom etyapti. Bir qarashda, bu yigit uchun chegara yo‘qdek...

6. Xenrik LARSSON (Shvesiya)

- Krishtianu - qoyilmaqom o‘yinchi. Biroq Lionel yaxshiroq, baribir. Ronaldu har qanday davrda sayyoraning eng kuchli futbolchisi bo‘lardi, birgina Messi davri bundan mustasno. Aytish mumkinki, argentinalik dahocha bilan bir vaqtda o‘ynagani unga biroz omad yetishmaganidan dalolat. Leo bu dunyo kishisi emas, u shunchalik benazirki, buni aqlga sig‘dirish mushkul. To‘p bilan olg‘a intilgan Messini bir kuzating: uning harakatlariyu, fintlari... Shunda qaysidir boshqa futbolchi barchasini Leo kabi bajarishi mumkin emasligini payqaysiz. Fantastikaning o‘zginasi. Har holda, Leo men ko‘rgan eng ajoyib o‘yinchi.

7. Gabriel XAYNSE (Argentina)

- Krishtianuning o‘ziga xosligi shuki, u havas qilsa arziydigan tartib-intizomi bilan ajralib turadi. Bu eng yorqin yulduzlar uchun noyob fazilat hisoblanadi. U yana maqsadidan aslo chekinmaydi, o‘ziga o‘ta-o‘ta talabchan. Muayyan vazifa uddasidan chiqmagunicha urinishdan aslo to‘xtamaydi. Leoga kelsak, u mutlaqo boshqacha - tushunish qiyin bo‘lgan fenomen. Go‘yoki, Messi futbolga boshqa sayyoradan tushgandek. Inson sifatida esa o‘ta kamtar, osuda hayot tarziga amal qiladi. Bunga qarab, uning milliardlar insonlar uchun kumir ekanligiga ham ishonmaysan. Xullas, Leoning o‘yini va o‘zini tutishi birdek hayratlanarli!

8. Fernando GAGO (Argentina)

- Men uchun Ronaldu birinchi raqamli emas, hech qachon bunday bo‘lmagan. Zero, shaxsiy fikrimcha, futbolda Messiga yetadigani yo‘q. To‘p bilan qanday ishlashiga qarang, o‘ta yengil harakatlanishiga boqing, nafis zarbalarini ko‘z oldingizga keltiring, himoyachilarni aldab o‘tishiyu, muxlislarni hayratga solishiga baho bering. Qisqasi, Leo o‘yin borishini yolg‘iz o‘zi o‘zgartirib yuboradigan va 3 ochko taqdirini hal qiladigan ijrochi. Umuman, u aqlga sig‘mas darajada iqtidorli va asosiysi, o‘z salohiyatidan to‘liq foydalanishni biladi. Xulosa shu - men Messi namoyish etadigan futboldan lolman.

9. DEKU (Portugaliya)

- Krishtianu- sof atlet, maqsadi yo‘lida qancha kerak bo‘lsa, shuncha ishlashga tayyor o‘yinchi. Unga faqat sprintercha yugurish bilan yetib olish mumkin, boshqa yo‘l yo‘q. Messi ham hozirgi darajasiga chiqish yo‘lida qattiq mehnat qilgan va mana, «Barselona» bilan tarix yaratishdan bo‘shamayapti. Yo‘q, Leoning barchasiga tabiiy ravishda erishgani haqidagi fikrlar noto‘g‘ri. Bu xato fikr. Axir hech narsa osmondan tushib qolmaydi. Har ikkisi mo‘’jizakor yigit, lekin men uchun eng kuchlisi - Ronaldinyo. U aqlga sig‘mas tryuklarni shu qadar tabiiy va yengillik bilan ijro etardiki, raqiblarimiz shunchaki, gangib qolishardi. Hattoki, bizning boshimiz ham aylanib ketardi. Har safar Ronaldinyoga to‘p uzatganimizda, u futbolga boshqa dunyodan qandaydir yangilik olib kirardi. Oddiy aytganda, Ronaldinyo qobiliyat borasida Krishtianu va Lioneldan ancha oldinda. U chinakam sehrgar edi.

10. Gonsalo IGUAIN

(Argentina)

- Messi va Ronaldu haqidagi savolga javob berishim juda oson. Negaki, ulardan birini ustun ko‘rmayman aslo. Ikkisi ham bir xil ta’rifga munosib - futbol yirtqichi! Ha, Leo o‘ziga yarasha ustun xislatlarga ega, Krishtianu ham qaysidir jihatlarda kuchli. Ular shuning hisobiga qoyilmaqom o‘yin saviyasini namoyish etishadi. Messi yoki Ronaldu? Yigitlar, jiddiy gapirsanglar-chi, balki Kasilyas va Buffonni ham o‘zaro solishtirib ko‘rarmiz...?

11. Paulo DIBALA (Argentina)

- Men omadi chopgan yigitman: Ronaldu bilan «Yuventus»da, Messi bilan esa Argentina terma jamoasida birga o‘ynash imkoniyatiga egaman. Ayni payt bunday baxtga ega jahondagi yagona futbolchiman. Ular o‘rtasidagi farqni ko‘rsatishni istamayman, chunki har ikkisi fenomenal darajada zo‘r. Ronalduga xos ehtiros tahsinga sazovor. U hattoki, mashg‘ulotlarga ham o‘ta jiddiy yondashadi, g‘alabaga chanqoqligi maksimal darajada baland. Maydon tashqarisida esa oddiy yigit - Krish hammaga birdek adolatli munosabatda. Vaqti kelib, Messi va Ronaldu butsalarini mixga ilishadi, lekin ular hali-hamon aqlga sig‘mas ishlarni bajarishga qodirlar. Menimcha, har ikkisi allaqachon ko‘nikilgan me’yordan o‘zib ketdi, demak, ularning o‘zga sayyoradan kelishgani aniq. Men esa Leo va Krishdan o‘rganib, insonlar orasida eng yaxshi bo‘lishga urinishim mumkin.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 08:47, 30.11.2018.
O'qildi: 9015 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.