Xabar berib o‘tganimizdek, ayni paytda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, mamlakat futbol assosiasiyasi birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov Janubiy Koreyada bo‘lib turibdi. MOQ rahbari safar davomida O‘zbekiston taekvondo assosiasiyasi raisi Ahmadjon Rahimov bilan birga bir necha muhim uchrashuvlarni o‘tkazdi. Jumladan, Osiyo taekvondo ittifoqi, taekvondoni rivojlantirish xalqaro fondi, shuningdek, Janubiy Koreya futbol assosiasiyasi, Janubiy Koreya taekvondo assosiasiyasi vakillari bilan muzokaralar olib borildi.
Navbatdagi uchrashuv Butunjahon taekvondo federasiyasi prezidenti Chung Von Choy bilan tashkil etildi. Uchrashuvda Umid Ahmadjonov va Ahmadjon Rahimovga O‘zbekiston Respublikasining Janubiy Koreyadagi favqulotda va muxtor elchisi Vitaliy Fen ham hamrohlik qildi. Unda Ahmadjonov O‘zbekistonda Tokio 2020 Olimpiadasiga mamlakat Prezidenti tomonidan qabul qilingan farmon asosida, har bir sport turiga alohida yondoshuv bilan keng ko‘lamda tayyorgarlik olib borilayotgani haqida gapirib berdi. Shuningdek, Ahmadjon Rahimov O‘zbekiston taekvondo assosiasiyasi rahbari etib saylanganidan so‘ng amalga oshirgan ishlari, bundan keyingi rejalari haqida ma’lum qildi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Butunjahon taekvondo federasiyasi rahbaridan O‘zbekiston terma jamoasi uchun malakali murabbiy jalb qilish bo‘yicha amaliy yordam so‘radi. O‘z navbatida, janob Choy bu borada albatta mamlakatimiz taekvondo assosiasiyasini qo‘llab-quvvatlashini, shuningdek, o‘zbekistonlik taekvondochilar uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish bo‘yicha ham yordam berishga tayyor ekanligini aytib o‘tdi. Tomonlar Universiadaga tayyorlanayotgan koreyalik taekvondochilarni O‘zbekistonda o‘quv-mashg‘ulotlar olib borishlari bo‘yicha ham kelishuvga erishdilar.
Uchrashuvning eng ahamiyatli jihati shunda bo‘ldiki, olib borilgan muzokaralar natijasida 2019 yilgi kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionati Toshkentda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Avvalroq, mazkur chempionat AQSHda o‘tkazilishi belgilangandi. Biroq, uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov O‘zbekiston ushbu musobaqani qabul qilishga har tomonlama tayyor ekanligini ma’lum qildi. Shu tariqa, 2019 yilda kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionati O‘zbekistonda o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Shuning bilan MOQ rahbarining Janubiy Koreyaga xizmat safari yakunlandi.