Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Didye Desham apellyasiya natijalari haqida gapirib o‘tdi. "Uch ranglilar" vinger Maykl Olisega berilgan sariq kartochkani bekor qilishga urinishgan edi, biroq fransuzlarga ijobiy natijaga erishish nasib etmadi.
"Biz FIFAdan javob oldik: Maykl Olisening sariq kartochkasi o‘z kuchida qoladi. Apellyasiyamiz qabul qilinmadi", — dedi Desham jurnalistlarga.
Fransiya terma jamoasi Jahon chempionatining 1/4 finalida Marokashga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Agar Maykl Olise yana bir bor sariq kartochka olsa, u yarim final uchrashuvini o‘tkazib yuboradi (albatta, agar Fransiya keyingi bosqichga chiqsa, ular Ispaniya – Belgiya juftligi g‘olibi bilan to‘qnash keladi).
Fransiya – Marokash uchrashuvi 9 iyul kuni Toshkent vaqti bilan 01:00 da boshlanadi.













