Luka Modrich - rasman 2018 yilning eng yaxshi futbolchisi! «Real» bilan Chempionlar Ligasida zafar quchdi.
Xorvatiya safida jahon chempionatida kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Fransiyaning mashhur France Football jurnali o‘tkazgan so‘rovda eng yaxshi bo‘ldi. Taqdirlash marosimi Parijda bo‘lib o‘tdi.
Uni yaqin o‘tmishning taniqli futbolchilaridan biri, Fransiya termasining sobiq o‘yinchisi David Jinola olib bordi. 33 yoshli Modrich «Oltin to‘p»ni olish uchun oilasi bilan tashrif buyurdi - rafiqasi Vanya Bosnich, o‘g‘li Ivano va ikki nafar qizi Ema hamda Sofiyalar bilan. Zal yulduzlarga to‘lgandi.
Misol uchun, Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Didye Desham yoki «PSJ» darvozaboni Janluiji Buffon. Marosimga xorvatiyalik futbolchining asosiy raqobatchilaridan biri Antuan Grizmann ham tashrif buyurdi. Ammo Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi Parijga borishni ma’qul ko‘rishmadi.
Eslatib o‘tamiz, Modrich 2018 yilda JCH-2018, YECHLning eng yaxshi o‘yinchisi hamda FIFAning «Yil o‘yinchisi» mukofotlarini qo‘lga kiritib bo‘lgandi.
Umuman olganda, Luka oxirgi o‘n yilda «Oltin to‘p»ga ega chiqqan Ronaldu va Messining gegemonligiga chek qo‘ydi. Portugaliyalik futbolchi 2008, 2013, 2014, 2016 va 2017 yillarda, argentinalik esa 2009, 2010, 2011, 2012 va 2015 yillarda eng yaxshi bo‘lgandi. Bundan oldin «Oltin to‘p»ni braziliyalik Kaka qo‘lga kiritgan.
Bu safar Ronaldu ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Messi esa beshinchi bo‘ldi. Shu tariqa 2006 yildan so‘ng ilk bora kuchli uchlikka kira olmadi. Bu yildan boshlab France Football eng yaxshi yosh futbolchiga beriladigan «Kopa sovrini»ni joriy qildi. Mazkur mukofot Fransiya terma jamoasi va «PSJ» hujumchisi Kilian Mbappega nasib etdi. U «Oltin to‘p» da’vogarlari orasida ham bor edi. Shu tariqa 19 yoshli futbolchi angliyalik Maykl Ouen davridan buyon top-5ga kirgan eng yosh o‘yinchi bo‘ldi. Ouen ham 1998 yilda to‘rtinchi bo‘lgan edi.
Mbappedan tashqari, «Kopa sovrini» uchun Kristian Pulishich (AQSH, «Borussiya» D.), Janluiji Donnarumma (Italiya, «Milan»), Jastin Klyuyvert (Gollandiya, «Roma»), Patrik Kutrone (Italiya, «Milan»), Trent Aleksander-Arnold (Angliya, «Liverpul»), Rodrigo Goes (Braziliya, «Santos»), Ussem Aua (Fransiya, «Lion»), Amadu Aydara (Mali, «Red Bull Zalsburg») va Ris Doan (Yaponiya, «Groningen») kabi futbolchilar ham kurash olib borishdi.
Yana bir yangilik - ayollar uchun joriy etilgan «Oltin to‘p». Mazkur sov-rin Fransiyaning «Lion» klubi va Norvegiya terma jamoasi hujumchisi Ade Xegerbergga nasib qildi. 2018 yili u klub o‘yinlarida 53ta gol urdi. Ajoyib natija. Sahnaga chiqqan Ade o‘z turmush o‘rtog‘i Tomas Rognega tashakkur bildirdi. O‘z o‘rnida, Tomas Norvegiya terma jamoasi a’zosi hisoblanib, Polshaning «Lex» klubida to‘p suradi.
Ayollar uchun joriy etilgan «Oltin to‘p»ga quyidagi futbolchi qizlar da’vogarlik qilishdi:
Lyusi Brounz (Angliya, «Lion»), Amandin Anri (Fransiya, «Lion»), Saki Kumagi (Yaponiya, «Lion»), Jenifer Marosan (Germaniya, «Lion»), Amel Mayri (Fransiya, «Lion»), Vendi Renar (Fransiya, «Lion»), Pernill Xarder (Daniya, «Volfsburg»), Lindsi Xoran (AQSH, «Portlend»), Sem Kerr (Avstraliya, «Chikago»), Fren Kirbi (Angliya, «Chelsi»), Marta (Braziliya, «Orlando»), Like Martens (Gollandiya, «Barselona»), Megan Rapinou (AQSH, «Sietl»), Kristin Sinkleyr (Kanada, «Portlend»).
***
Marosim yakunlanganidan so‘ng ko‘pchilik «Oltin to‘p» borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Florentino Peres («Real» prezidenti):
- Bu obro‘li sovrin bilan «Real» o‘rtasida jiddiy muhabbat bor. Chiroyli sevgi tarixi yana davom etadi, degan umiddaman.
Antuan Grizmann («Atletiko» klubi va Fransiya termasi futbolchisi):
- Modrichning g‘alabasidan so‘ng kayfiyatingiz qanday?
- Avvaliga yolg‘iz qolishni istadim. Finalchilar qatorida bo‘lganimdan faxrlanaman. Hamkasblarimni hurmat qilaman, boshqa nomzodlarni ham. Bu yil faqat jahon chempionatida emas, Yevropa Ligasi va Yevropa Superkubogida g‘olib chiqdim. Birinchi o‘rinda Modrichni tabriklayman. U qoyilmaqom yilni o‘tkazdi. Men o‘z natijalarimdan mamnunman, maqsadlarimga erishdim.
- JCHda g‘olib chiqish «Oltin to‘p»dek muhimmi?
- Bu tarixiy narsa, uyingda shunday sovrin bo‘lishini istaysan. Kelasi yilga harakat qilib ko‘raman.
- «Oltin to‘p» olish uchun sizga nima yetishmayapti?
- Yaxshi savol.
Luka Modrich («Real» klubi va Xorvatiya termasi futbolchisi, «Oltin to‘p-2018» sohibi):
- Avval aytganimdek, FIFAning yil o‘yinchisi bo‘ldim, barcha shaxsiy sovrinlarimni xursandchilik bilan jahon chempionligiga almashtirgan bo‘lardim. Afsuski, hammasi bosh-qacha kechdi, ammo Xorvatiyadek kichik davlatning finalga chiqishi katta voqea. Messi va Ronaldu oxirgi 10 yilda aql bovar qilmas natijalarga erishdilar. Boshqalar ham bu sovringa munosib edilar: Xavi, Inyesta, Sneyder...
Bu yutug‘imni ularga ham bag‘ishlayman. Menga yordam bergan barchaga — «Real» klubi va Xorvatiya terma jamoasida faoliyat yuritayotgan hammaga minnatdorchilik bildiraman. Yaqinlarimni, turmush o‘rtog‘im va farzandlarimni tabriklayman. Yoshlik paytimda buyuk jamoada o‘ynashni orzu qilgandim, ammo «Oltin to‘p» men uchun katta sharaf.
Bu g‘aroyib. Faqatgina Ronaldu va Messidan keyin bu sovrinni yutganim uchun emas. Uning uchun kurashda iqtidorli futbolchilar ko‘p edi. «Oltin to‘p» menga nasib qildimi, demak qandaydir g‘aroyib ishni amalga oshirdim. Buyuk futbolchilar orasida bo‘lish men uchun katta sharaf. Muvaffaqiyatlar siri? Biror narsa deyish qiyin... Mehnat, qiyin vaziyatlardan chiqib ketish uchun bardosh. O‘zing intilgan narsalarga erishish oson emas. Ertami yoki kechmi, imkoniyat yuzaga keladi, lekin siz o‘sha vaziyatdan foydalanishga tayyor bo‘lishingiz kerak.
France Football «Oltin to‘p» uchun 30 futbolchini nomzodlar safiga kiritgandi. So‘rov natijalaridan so‘ng o‘rinlar quyidagicha ko‘rinish oldi.
1. Luka Modrich («Real», Xorvatiya) - 753
2. Krishtianu Ronaldu («Yuventus», Portugaliya) - 476
3. Antuan Grizmann («Atletiko», Fransiya) - 414
4. Kilian Mbappe («PSJ», Fransiya) - 347
5. Lionel Messi («Barselona», Argentina) - 280
6. Muhammad Saloh («Liverpul», Misr) - 188
7. Rafael Varan («Real», Fransiya) - 121
8. Eden Azar («Chelsi», Angliya) - 119
9. Kevin de Bryuyne («Manchester Siti», Belgiya) - 29
10. Garri Keyn («Tottenxem», Angliya) - 25
11. N~Golo Kante («Chelsi», Fransiya) - 24
12. Neymar («PSJ», Braziliya) - 19
13. Luis Suares («Barselona», Urugvay) - 17
14. Tibo Kurtua («Real», Belgiya) -12
15. Pol Pogba («Manchester Yunayted», Fransiya) - 9
16. Serxio Aguero («Manchester Siti», Argentina) - 7
17-18. Garet Beyl («Real», Uels) - 6
17-18. Karim Benzema («Real», Fransiya) - 6
19-21. Roberto Firmino («Liverpul», Braziliya) - 4
19-21. Ivan Rakitich («Barselona», Xorvatiya) - 4
19-21. Serxio Ramos («Real», Ispaniya) - 4
22-24. Sadio Mane («Liverpul», Senegal) - 3
22-24. Edinson Kavani («PSJ», Urugvay) - 3
22-24. Marselo («Real», Braziliya) - 3
25-27. Yan Oblak («Atletiko», Sloveniya) - 2
25-27. Mario Manjukich («Yuventus», Xorvatiya) - 2
25-27. Alisson («Liverpul», Braziliya) - 2
28. Diyego Godin («Atletiko», Urugvay) - 1
29-30. Ugo Lyoris («Tottenxem», Fransiya) - 0
29-30. Isko («Real», Ispaniya) – 0