Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/05 00:00 Tottenhem 0-2 Manchester Siti
15/05 00:30 Real Madrid 5-0 Alaves
15/05 01:00 Jirona 0-1 Vilyarreal
15/05 22:30 Sevilya 0-1 Kadis
15/05 22:30 Rayo Valyekano 2-1 Granada
15/05 23:45 Brayton 1-2 Chelsi
16/05 00:00 Man. Yunayted 3-2 Nyukasl
16/05 00:00 Reyms 1-0 Marsel
16/05 00:00 Nissa 1-2 PSJ
16/05 01:00 Selta 2-1 Atletik Bilbao
16/05 01:00 Xetafe 0-3 Atletiko
16/05 22:30 Las-Palmas - Betis
17/05 00:30 Almeriya - Barselona
17/05 01:00 Real Sosyedad - Valensiya
17/05 23:45 Fiorentina - Napoli

Yevrotur: To‘yga to‘yona bilan

Yevrotur: To‘yga to‘yona bilan

Baho:
+ | -

Bayram nafasiga yo‘g‘rilgan shu kunlarda ko‘pchilik asosiy e’tiborini Yangi yilni munosib kutib olishga qaratadi. Hisobot turida bahsga kirishgan ishtirokchilar ham shu maqsadda maydonga tushishgani aniq. Biroq «Topgan gul, topmagan bir bog‘ piyoz», deganlaridek, qaysidir jamoa o‘z muxlislariga chiroyli o‘yinni tuhfa etgan bo‘lsa, raqibi «piyoz» bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi. Ha, chindan ham bu - maftunkor futbol!

Angliya. Kloppning oshig‘i olchi

APLning 18-turida deyarli barcha uchrashuvlar mezbonlar yoxud mehmonlarning g‘alabalari bilan yakuniga yetdi. Birgina «Nyukasl» - «Fulxem» bahsi «sulh» bilan yakunlandi. Turni ochib bergan «Vulverxempton» - «Liverpul» qarama-qarshiligi mehmonlar foydasiga (2:0) hal bo‘ldi. Kutilganidek yorqin o‘yin namoyish etgan Muhammad Saloh 18-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, o‘zining 68-daqiqadagi aniq zarbasi bilan mavsumdagi ilk golini nishonlagan Virjil van Deyk g‘alabani mustahkamladi.

«Bo‘rilar» esa peshqadam darvozasiga yo‘l topa olmadilar. Natijada Yurgen Klopp jamoasi mavqeini mustahkamlab oldi. Chempion bilan kuch sinashish uchun Manchesterga tashrif buyurgan «Kristal Pelas» irodali g‘alabaga erishib, nafaqat o‘z muxlislari, balki «Liverpul» ishqibozlariga ham hayotbaxsh kislorod hadya etdi. Boisi, «qizillar» 1-davra g‘olibiga aylanishdi.

Taajjubki, xuddi «Siti» kabi, «Chelsi» ham mavsumdagi ikkinchi mag‘lubiyatini tan oldi. «Stemford Brij»dagi yagona goli evaziga Jeymi Vardi «Lester»ga qimmatli uch ochkoni tuhfa etdi. Mazkur yo‘qotish «Arsenal»ga «Chelsi» bilan tenglashib olish imkoniyatini yaratgandi, Unai Emeri shogirdlari bu sovg‘adan unumli foydalanib, «Byornli»ni mahv (3:1) etishdi. «Dubl»ga erishgan Obameyang to‘purarlar yetakchisi bo‘lib oldi.

Hisobot turi «Tottenxem» va «MYU» uchun ham omadli bo‘ldi. Pochettino shogirdlari «Everton» ustidan erishilgan yirik (6:2) g‘alaba evaziga chempionga yaqinlashib oldilar, Keyn esa gollarini 11taga yetkazib oldi. Mourinyo «kishanlari»dan ozod bo‘lgan «MYU» ham safarda «Kardiff»dan yirik (5:1) hisobda ustun keldi. E’tiborlisi, vaqtincha bosh murabbiy vazifasini o‘z zimmasiga olgan Ole-Gunnar Sulsher jamoasida barcha futbolchilar ko‘tarinki kayfiyatda to‘p surishdi... 

Ispaniya. «Real»dan «Qit’aga sig‘mas» sovg‘a

La Liga vakillari 17-tur yumushlari bilan band bo‘lishgan pallada «Real» Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida nufuzli sov­rin uchun maydonga tushdi. To‘g‘ri, yarim finalda «River Pleyt»ni musobaqadan chiqarib yuborgan «Al-Ayn»ni yengish «Qirollik klubi»ga ortiqcha muammo tug‘dirmadi - 4:1. Lekin nima bo‘lganda ham, jamoa Osiyodan dunyo miqyosidagi sovrin bilan ortga qaytdi.

Ichki musobaqada kutilmagan natijalar kuzatilmadi. Jumladan, «Barselona» «Selta» darvozasini birinchi bo‘limdayoq ikki marta zabt etib, navbatdagi 3 ochkoni rasmiylashtirdi. La Liga tarixidagi eng yaxshi to‘purar - Lionel Messi gollari sonini 398taga yetkazib oldi. Peshqadamni ta’qib etayotgan «Atletiko» bu gal «Espanyol» bilan kuch sinashib, kichik hisobdagi (1:0) g‘alaba bilan kifoyalandi. Uchinchi pog‘onada borayotgan «Sevilya» esa safarda «Leganes» bilan jangovar durangga (1:1) imzo chekib, qimmatli ikki ochkodan judo bo‘ldi. Andalusiya klubidan farqli o‘laroq, YECHL yo‘llanmasiga da’vogarlik qilayotgan «Alaves» San-Sebastyanda «Real Sosyedad» darvozasiga urgan yagona goli evaziga navbatdagi 3 ochkoni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. Yevrokuboklar eshigini qoqayotgan «Valensiya» autsayder «Ueska»ni qo‘shimcha vaqtning so‘nggi daqiqasida taslim etdi.

Italiya. «Yuve»ning og‘ir odimi

Milan klublarining natijalarini inobatga olmaganda, «A» seriyasi bahslarida sensasiya yuz bermadi. Tezkor gol urishni uddalagan «Lasio» o‘yin oxirigacha 3:0 hisobida oldinda borayotgandi. Lekin qo‘shimcha vaqtdagi andak e’tiborsizlik «Kalyari» vakillariga javob to‘pini kiritish imkonini berdi - 3:1. «Jenoa» va «Atalanta» o‘rtasidagi bahs ham shunday hisobda yakunlandi. Uchrashuvda «dubl»ga erishgan Pentek to‘purarlar poygasidagi yetakchilik mavqeini mustahkamlab oldi. «Milan» - «Fiorentina» va «Napoli» - SPAL bellashuvlarida muxlislar bittadan golga guvoh bo‘lishdi. Farqi - «Milan» o‘z uyida mag‘lub bo‘ldi, «Napoli» esa navbatdagi zafarini qayd etdi. O‘z navbatida, «Inter» so‘nggi o‘rinda borayotgan «Kyevo»ni yenga olmay, bir ochko bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi.

Turinda bo‘lib o‘tgan markaziy uchrashuvda «Yuventus» «Alyans Stedium»da «Roma»ni qabul qildi. O‘yin maydon egalarining to‘liq ustunligida o‘tgan bo‘lsada, mehmonlar darvozasi atigi bir marta ishg‘ol etildi. Yagona golni qanotdan uzatilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘llagan Mario Manjukich amalga oshirdi. Shu tariqa 17 uchrashuvda 16 g‘alaba va bitta durang qayd etgan «Keksa sinyora» navbatdagi chempionlik sari og‘ir, ishonchli qadamini qo‘ydi. «Roma» esa 5-mag‘lubiyatdan keyin 10-pog‘onaga tushib ketdi.

 

Fransiya. Mbappedan yubiley sovG‘asi

Birinchi divizionnning kutilmagan natijasi Lillda qayd etildi. Bu yerda shahar bilan nomdosh jamoa ikkinchi o‘ntalikda kelayotgan «Tuluza»ga imkoniyatni boy berdi. Qizig‘i, o‘yinning birinchi yarmi maydon egalarining kichik ustunligi bilan yakunlangandi. Biroq tanaffusdan keyin ular darvozasi tomon ikki marta penalti belgilandi. Mehmonlar esa «nuqta»dan zarba yo‘llashda xatoga yo‘l qo‘yishmadi - 1:2.

Ikkinchi o‘rin sohibining qoqilishidan «Lion» ham, «Monpelye» ham foydalana olishmadi. Aniqrog‘i, ular bir-birlariga xalal berishdi. Shu tariqa 2, 3, va 4-o‘rinlar sohiblari o‘zgarmay qoldi. «Dijon»ni yirik hisobda mahv etgan «Sent-Etyen» ochkolar bo‘yicha «Monpelye»ga yetib oldi. Autsayderlar orasida qolib ketgan «Monako» g‘alaba zavqini butunlay unutgan ko‘rinadi. Hattoki, Tyerri Anridek buyuk afsona ham knyazlik klubini «uyg‘otish» muammosi qarshisida ojiz qolmoqda. To‘g‘ri, futbolda mantiqqa zid natijalar tez-tez uchrab turadi. Lekin qizig‘i shundaki, «Monako» so‘nggi pog‘onani hech kimga bermay kelayotgan «Gengam»ga ikki to‘p farqi bilan imkoniyatni boy berdi.

Turnir jadvalini ishonch bilan boshqarib borayotgan «PSJ» zafarli yurishini davom ettirdi. Bu gal o‘rtamiyona «Nant» poytaxt grandining «qurbon»iga aylandi. Navbatdagi g‘alabani naqd qilgan yagona golni uchrashuvdan ikki kun avval 20 yoshini nishonlagan Kilian Mbappe amalga oshirdi. Hozirda «PSJ» eng yaqin ta’qibchisidan ikkita uchrashuvni kam o‘tkazgan holda 13 ochkoga oldinda bormoqda. Kilian esa to‘purarlar ro‘yxatida peshqadam. 

Germaniya. «Bavariya» asosiy ta’qibchi rolida

Ha, chindan ham shunday. Boisi, bu turga qadar 2-pog‘onada kelgan «Borussiya-M» Dortmundda nomdosh raqibiga qarshi maydonga tushib, 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. «Bavariya» esa joriy mavsumda barqaror o‘yin ko‘rsatib kelayotgan «Ayntraxt» ustidan yirik hisobda zafar quchdi. Oqibatda «Borussiya-M» o‘z o‘rnini chempionga bo‘shatishga majbur bo‘ldi. Sovrindor uchlikdan joy olish uchun intilayotgan «RB Leypsig» ham navbatdagi 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Jamoa so‘nggi daqiqalardagi faollik tufayli «Verder» darvozasiga uchinchi golini urdi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 21:01, 28.12.2018.
O'qildi: 3732 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.